Qosim ibn al-Husayn to’g’risida mashhur arab geografi va sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179-1229) o’zining “Mo’’jam al-udab’” (“Adiblar qomusi”) nomli asarida ko’proq ma’lumot beradi.
Xorazmda bo’lgan vaqtida unikida bo’lganligi, suhbatlashgani to’g’risida yozib qoldirgan. Al-Qosim ibn al-Husayn shoir bo’lishi bilan birga olim ham bo’lgan. U til adabiyot, falsafa, fiqh, hadis kabi fanlarga oid ko’pgina asarlar yozgan. Yoqut al-Hamaviy o’zining yuqorida eslatilgan kitobida shoir asarlarining ro’yxatini bergan. Bu ro’yxatda al-Qosim al-Husayn ibn Ahmad al-Xorazmiy Zamahshariyning va boshqa shoir, olimlarning asarlariga yozgan sharhlari hamda ayrim kitoblari mavjudligini ta’kidlagan.
Mahmud az-Zamahshariyning “Al-Mufassal” asariga yozilgan uch jildlik “Sharh al-Mufassal li -az-Zamahshariy”, shuningdek, “As-Sabika”, “Yolebi”, “At-Tajmir” (“Birlashtirish”) asarlariga sharh yozgan. Abu A’lo al-Mariyning “Sakt uz-Zaid” asariga bag’ishlab yozgan sharhi, “At-Ta’dik” (“Tushuntirish”), Al-Haririyning “Maqomat-lar”iga bag’ishlangan sharh “Kitob as-sir fi-l-i’rab”, “Kitob sharh al-abniya”, “Grammatik shakllar o’zgarmasligini sharhlovchi kitob”, “Kitob az-zavaayla va-l xabaya” (“Puchmoqlar va maxfiy narsalar haqida kitob”), “Kitob-al muhassil li-l muxsila” (“O’rganiladigan narsaning hosilasi haqidagi kitob”, “Kitob ujala-safar fi-sh-shi’r” (“She’riyatga shoshilinch safar”), “Kitob badoi’- al –milx”, (“Nodir fasohatli iboralar kitobi” va boshqa bir qancha asarlar yaratgan.
Shu narsa harakterliki, Yoqutning ta’kidlashicha, shoir muhtojlikda hayot kechirsa ham Xorazmshohning amaldorlaridan biri Ash-Shihab al-Xufiy mansab va o’n dinor va’da qilib uning yonida she’r o’qib o’tirishga da’vat qilganida buni rad qiladi. Bu esa shoirning xalqparvarligini ko’rsatadi.
Al-Qosim ibn al-Husayn ibn Ahmad al-Xorazmiy 1221 yilda mo’g’ullar Gurganch shahrini vayron qilganlarida ko’pchilik vatanparvarlar qatori qatl qilinadi. Shoir, adib Qosim ibn al-Husayn Yoqut so’zlari bilan aytganda: – “U o’z davrning yagonasi, o’sha asr kishilarining peshvosi, ilmul maoniy va uslub egasi, sharqu-g’arbning faxri” bo’lgan.
© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti, 2009.