“O, er ustida yurgan ne-ne kimsalarni biz tirik
sanaymiz, aslida ular o’lik, er ostida yotgan ne-ne
zotlarni biz o’lik sanaymiz, aslida ular tirikdir”.
Abulhasan Harakoniy
Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns” asarida yozilishicha: - “Ahmad yoshligidan ilmga qiziqib, islom asoslari shariat ilmlarini juda tez o’zlashtirib o’zidagi qobiliyati asosida Xorazmning mana- man degan ulamolaridan o’zib ketadi va ilmiy bahslarda barchani olqishiga sazovar bo’ladi. Shu bois u “Tammatul Kubaro”, yani ulamolarning etugi, ulug’vori va ilm balosi degan laqabni oladi. Buning yoniga “Najmiddin” – “dinning yulduzi” degan martabali unvon qo’shilib, Ahmad ibn Umar shundan keyin Najmiddin Kubro nomi bilan mashxur bo’ladi” - deyilgan.
“Abuljannob” so’zi esa Najmiddin Kubroning kuniyatidir. “Kuniyat” - arablarda hurmat yuzasidan beriladigan laqabdir. Jomiy hazratlari yozadilarki: – “Najmiddin Kubro Iskandariya shahrida muhaddis ulamolardan hadis ilmini o’rganib qaytayotganida, yo’lda bir kecha hazrati Payg’ambarimizni tushida ko’radi va ul zotga murojaat qilib, “menga kuniyat bag’ishlang” deydi. Shunda hazrati Payg’ambar Najmiddinga: - “Sening kuniyating Abuljannob – dunyodan ijtinob, parhez etuvchi bo’ladi”, deb marhamat qiladilar. Shundan keyin Kubro “Jannob” laqabini olishga musharraf bo’ladi. “Jannob – ijtinob qiluvchi, poklik parheziga amal etguvchi ma’nosidadir”.
“Valiytarosh” laqabiga kelsak, bu so’zning ma’nosi valiylarni tarbiyalovchi demakdir. Zero, Najmiddin Kubroning nafaslari, nazarlari shunchalik, zo’r bo’lganki, qalblarida ilhom jo’sh urgan paytda kimga nazarlari tushsa, u valiylik martabasiga erishar ekan. Najmiddin Kubro o’n olti-o’n etti yasharligida vatani Xorazmni tark etib, tahsilni chuqurlashtirish maqsadida Eron, Misr, Shomu Iroq mamlakatlarini kezadi. Uni ilmga chanqoq qalbi hech tinch qo’ymas, qaerdaki biror nomdor olimni ovozasini eshitsa, darhol yo’lga tushar, goh piyoda, goh ot-ulov yoki tuyada haftalab, ba’zan oylab yo’l bosar, qidirgan kishisini topib, undan sidqidildan saboq olardi. Agar uning tahsildan ko’ngli to’lmasa, ustozidan ijozat olib, yana yo’lga tushardi.
Najmiddin Kubro qalbida ruhiy ma’naviy kamolatga, g’ayb asrori, karomat va kashfu hol ilmi xisoblanmish tasavvuf ta’limotiga ishtiyoq zo’r edi. Shu bois u shariat ilmlarini o’rganish barobarida tariqatdan ham xabardor bo’lishga intilib, qator shayxlar, darveshlar suhbatida bo’ladi, xonaqolarda xilvat o’ltirib, riyozat bilan mashg’ul bo’ladi.
Najmiddin Kubro Misrda Sharq falsafasi bilan shug’ullanadi va uning sirlarini o’rganadi. U hadis ilmi bilan qiziib Nishopurda Abul Makkorim Lubon va Abu Jafar Samdloniy, Tabrizda Abu Mansur Xaft, Makkai Mukarramada Abu Muxammad Tabbex va Iskandariyada Abu Tohir Salafiy xizmatlariga etishib ulardan hadis ilmlarini o’rganadi.
Lekin yuqorida olgan bilimlar ilm talabi Najmiddinni qoniqtirmasdi, u yuqoridagi olimlardan olgan ilmlarini rivojlantirib yangi yo’nalish tariqatdan saboq olish uchun dunyo kezdi. Najmiddin Kubroning tariqat yo’lidagi pirlari shayx Ro’zbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir, va Shayx Ismoil Qasriylardir. Ularning ustozi Shayx Abulnajib Suhravardiy bo’lib, Jomiyning yozishicha, zohiriy va botiniy ilmlarda barkamol kishi bo’lgan, u ko’p risola va kitoblar yozib so’fiylik nisbatida Shayx Ahmad G’azzoliyga borib tutashadi. Suhravardiy faqirlik bilan futuvvatni (javonmardlik) birga olib tushintiradi. Faqirlik uning talqinida faqat qashshoqlik, bechoralik emas, “faqirlik –xudo oldida talabkorlik, ojizlik, ammo bandalari oldida adolat va saxovat posboni bo’lish, hammaga har erda yordam ko’rsatishdir” Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vassalamning:-“Beruvchi qo’l oluvchi qo’ldan afzaldir” degan muborak hadisi shariflariga muvofiq, “bag’ishlovchi qo’l – faqr eshigini ochuvchidir”, degan fikrlarni bayon qilgan Suhravardiy boylikni qoralamaydi, balki zulmu sitamni va talonchilikni, haromxo’rlikni va xasislikni mazammat etadi. Abulnajib Suhravardiy shogirdlari bo’lgan shayx Ro’zbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir, va Shayx Ismoil Qasriylarda qalb saxovati bilan birga murid tarbiyasida qattiqqo’l bo’lish, botiniy ko’z bilan muridning xayollarini, ruhiyatini uqib olish va unga ruhiy ta’sir o’tqazish qobiliyati yaxshi rivojlangan edi. Masalan:- Shayx Ammor Yosir solikning “noqislarni takmil etish va muridlarni tarbiyalashda, ularning tushlari va fikrlarini ta’bir etishda, ikkilanishlarni bartaraf etishda shuhrat qozongan” bo’lsa, Shayx Ro’zbehon Misriy “aksar vaqt istig’roq maqomida bo’lib”, vajd va ilhom ichida yurar, ilohiy ma’rifatdan zavqi toshib, bu holatni muridlariga yuqtirardi. Shayx Ismoil Qasriy bo’lsa, raqsu samo’, imo – ishoralar yo’li bilan murid qalbini rom etib, o’zini poklash va shu orqali ilohiyotga muhabbatni singdirishda mashhur bo’lgan. Har uchala shayx ham tariqatni shariatdan tashqari deb tasavvur qilmaganlar. O’zlari sunniy mazhabining izchil tarafdorlari hisoblanganlar.
Najmiddin Kubro ulardan har tomonlama saboqlarni olgach yana safarga chiqadi. U Tabrizga Abumansur Hafdah oldiga borib shogird tushadi, u erda hadis ilmiga bag’ishlangan “Sharhus–sunna” kitobidan saboq oladi. Bir kun muridlar madrasa darsxonasida saboq olib o’tirishganida u erga bir darvesh kirib keladi. Shunda Najmiddinda kitob o’qish majoli qolmaydi va darveshga ko’zi tushishi bilan qalbida mehrli bir o’zgarish yuz beradi. Darvesh chiqib ketganidan keyin Najmiddin saboqdoshlaridan:- “Bu odam kim ?” deb so’raydi.
Ular “Bu shu erlik hazrat Bobo Faraj Tabriziydir” deydilar. Shu kuni kechasi bilan Najmiddin uxlamay chiqadi va erta tongdanoq uztozi va saboqdoshlariga: - “Yuringlar, Bobo Faraj oldiga boramiz” deydi. Ular boboning xonaqosiga borganlarida, xizmatkor ularni kelganligini darveshga aytadi. Bobo Faraj xizmatkoriga: “Agar ular Tangri Taolo dargohiga kelganday bo’lib kira olsalar, kirsinlar” deydi. Shunda Najmiddin darrov kiyimlarini echadi, hamxonalari ham unga ergashadilar. Ular Bobo Faraj huzuriga kelib indamay bir chekkada o’tiradilar. Bobo Farajning tanasi quyosh parchasiday porlab uning yirtiq to’nini yoriqlaridan nur tarala boshlaydi. Birozdan so’ng Bobo Faraj o’rnidan turib to’nini echib Najmiddinning ustiga yopadi, Najmiddin uchun bu yirtiq to’n tabarruk tuhfa edi. So’ngra Bobo Faraj Najmiddinga qarab, “Sening daftaru kitob o’qish vaqting o’tdi, balki o’zing endi butun olam sardaftari bo’ladigan vaqt etdi” deydi.
Bobo Farajning xonaqasidan chiqqanlaridan so’ng Najmiddinga ustozi “Sharhus–sunna” kitobidan ozgina qoldi, bir-ikki kun shug’ullansang tugatasan, keyin qaerga borsang ixtiyoring deydi. Najmiddin ustozining maslahatiga quloq solib darsxonaga kiradi. Ammo shu zahoti Bobo Faraj kelib unga tanbeh beradi. “Hozirgina ilmul yaqindin ming farsax uzoqlashgan eding, endi yana ilm qoshiga keldingmi?”-deydi. Shundan so’ng Najmiddin o’qishini yig’ishtirib riyozat bilan mashg’ul bo’ladi.
Nadmiddin Kubroning holatlari shunday ekanki, u kishi ba’zan birdan jo’shib, o’zga kayfiyatga kirib, vujudlari balqib ketar ekan, ba’zida esa, xazin va o’ychan, g’oyat kamgap bo’lib qolar ekanlar. Ba’zan bo’lsa, xushchaqchaq va ochiq chehra bilan suhbatga berilar, g’oyat nozik did va o’tkir so’zlar bilan muridlar qalbiga olovli cho’g’ tashlar, turli ishoralar, harakatlar, ruhiy karomatlar orqali atrofdagilarni hayratga solarkan. Shayx bag’oyat zukko, salobatli, haybatli kishi bo’lgan. Kechalari aksar bedor o’tirib, ibodat qilib, surunkali Ro’za tutishni odat qilib, ilhomli damlarda xonaqoh hovlisini kezib xushnud sayr etar ekan.
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri “Kubraviya” tariqatining asoschisidir. Najmiddin Kubro Xorazmga 1185 yilda qaytib keladi. U 25 yildan ortiq umrini ilm olishga bag’ishlaydi. U Xorazmga qaytgach, katta xonaqoh qurdirib Kubraviya ta’limotiga asos soladi. Uning qo’li ostida yuzlab odamlar tarbiyalanib tahsil olishadi.
Insoniyat–ma’naviy olamida eng etuk va eng murakkab ta’limot tasavvuf ilmiy ta’limotidir. Tasavvuf ta’limoti Ollohga intilish bo’lib, o’zligini anglab, qalbining ochilmagan imkoniyatlarini ishga solish, bu bilan Ollohning karomat nuridan bahramand bo’lish uchun o’z kamolati sari yo’l tutib, ya’ni inson o’z ruhini Ollohga yaqinlashtiradi, o’z ruhini Olloh qudratiga bag’ishlashga yo’l tutadi.
Tariqat ilmi o’zi uchun mujassamlashtiradigan odob-– ahloqdir. Ma’rifat ilmi avliyolarning o’zini anglab etishi sari yo’l tutishi, nafsni tiyishi, o’zlikni yo’qotishidir. Haqiqat ilmi esa o’z ruhini Tangri qudrati bilan bog’lashdir.
Kubroviya tariqati ham Quroni karim va Hadisi sharifdagi ta’limot asosida shakllangandir. Komil insonni tarbiyalash bu tariqatning asosiy vazifasi bo’lib, Shayx Najmiddin Kubroning hayoti katta saboq, ulkan maktabdir. Kubroviya tariqatida talab, sadoqat, ishq, muhabbat, oshiqlikning inson uchun naqadar zarur ekanligi ta’kidlanadi. U shoirona til bilan shunday deydi:
Ishq dardi g’arib tanimdagi jon bo’lg’ay.
Dard cheksa kishi ahiyri inson bo’lg’ay.
Oshiq manu do’zax men uchun otashgoh,
Boshqa uchun u bir zimiston bo’lg’ay.
Najmiddin Kubro o’z ta’limotida inson omilini birinchi o’ringa qo’yadi. U inson tafakkuri kuchiga yuksak baho berib shunday deydi: – “Valiylik inson bolasiga azaldan nasibadir, chunki odam Ollohning suygan mahluqi, parvardigor odamga ong-aql bergan, botiniy nur bergan, uni barcha mavjudotdan afzal qilib yaratgan.
Yurmoq uchun Haq yo’liga etmoq shart,
Boshqasidan ko’zni yumib ketmoq shart,
Elga shifo baxsh etu, och ko’zlarni
Olam hama-ul, unga nazar etmoq shart.
Shayx Najmiddin Kubro o’nlab asarlar muallifi hamdir. Jumladan, uning “Fiodobus solikin” (“Soliklar odobi haqida”), “Risola attul xayf ul – xoim an lavmat il – loim” (“Qo’rquvchi ovvoralar va malomat etuvchi malomatiylar haqida”), “Favoyihul jamol”(“Go’zallikni egallash”), “Ruboiylar to’plami”, “Favoyihul jamol va favotihul jalol” (“Jamol xushbo’yliklari va jalolning kashfi”), “Al-usul al –ashara” (“O’nta usul”), “Risola at-turuq” nomli asarlarida Ollohni tanish, halollik va mardlikni ulug’lab, ilm olish va ilm berish savobi barcha mo’min musulmonning burchidir degan fikrlar oldinga surilgan. Uning tasavvuf tarixidagi yana bir xizmatlari – javonmardlik g’oyalarini tariqatga joriy etish bo’ldi. Natijada mardlik va poklik, qahramonlik va fidoyilik, ma’rifat va jismoniy-ruhiy qudrat birlashtirildi, inson kamolatida ahloqiy yuksaklik, vatanparvarlik g’oyalari qo’shilib ifodalandi.
Najmiddin Kubro kishilarni ezgulikka, ilmga, sahovat va mardlikka da’vat etdi. Uning muridlari orasidan Shayx Najmiddin Bog’dodiy, Shayx Farididdin Attor, Sultonul ulamo Shayx Bahovuddin Valad, Shayx Sa’diddin Hamaviy, Shayx Sayfiddin Boharziy, Shayx Jaloliddin Geyliy singari ko’plab musulmon olamiga dong’i ketgan valiy insonlar etishib chiqqanlar. Najmiddin Kubroning muridlari ko’p bo’lgan. Eron, Arabiston, Kavkaz, Shomu, Iroqning turli joylaridan kelib, ulug’ shayx ma’rifatidan bahramand bo’lganlar, suhbatlarida ishtirok etganlar. Uning muridlari Kubroviya tariqatining davomchilari hisoblanadilar. Kubroviya tariqati o’z davrida dunyoning barcha erlariga kirib borgan. Xorazmlik buyuk shayxning tariqati butun dunyoga tarqalgan. Uning iste’dodli muridlari donishmandlik, islomiy hikmat va insoniy poklik, ilohiy ma’rifat g’oyalarini turli millat va elatlar orasiga yoydilar.
Kubroviya tariqatidan keyinchalik bir qancha shahobchalar ajralib chiqib, butun dunyoda tasavvufning eng ko’p tarqalgan yo’llaridan biriga aylanadi. Bular Najmiddin Kubroning shogirdlari tomonidan tarqatilgan bo’lib, shu kunimizgacha ayrim mamlakatlarda turli xil ko’rinishlarda faoliyat ko’rsatmoqda.
Hindistonda Firdavsiya, Bog’dodda Nuriya, Xurosonda Rukniya, Kashmirda Hamodoniya Eron va ayrim g’arb mamlakatlarida Amerika, Angliyada “Ne’matullohiya” va boshqalarni misol qilib ko’rsatish mumkin.
Najmiddin Kubro tarixda buyuk allomagina emas, balki o’z vatanining ozodligi uchun mislsiz mardlik namunalarini ko’rsatgan milliy qahramon sifatida ham nom qoldirgandir. XIII asrning boshlariga kelib (1206-1215) Mo’g’ulistonda Chingizxon boshchiligida ko’chmanchi mo’g’ullarning ulkan davlati paydo bo’ldi. Bu davrda g’arbda Xorazmshohlar davlati yuksalib o’z hududini sharqdagi o’lkalar hisobiga kengaytirib, juda katta hududni egallab dunyoga yakka hukmron bo’lish g’oyasi bu davlatning maqsadi va orzusi edi. Bu davrni Shoir Jo’shqin (Jumanazar Jobborov) –“Haqqim bor maning” she’rida shunday ta’riflaydi.
Adi, Xorazmshoh surganda davron,
Bir yonu Gurjiston, bir yoni Eron.
O’ttiz uch o’lkaning xirojin olgan,
Qudratli bepoyon taxttim bor maning,
Ming bora maqtansam haqqim bor mening.
Har qanday davlat ezgulik tarafdori bo’lib rivojlansa, miskinlar ko’z yoshin oqizmasa ham ichki va tashqi dushmanlar xuruji tufayli inqirozga yuz tutadi – degandi Najmiddin Kubro. Darhaqiqat, o’zaro urushlar oqibatida, Bag’dod xalifasining Xorazmshohga qaram o’lkalarda o’z siyosatini “Faqat Ollohga va menga, bizning do’stlarimiz (mo’g’ullar, ismoiliylar, g’uriylar, va xristiyanlar)ga xizmat qiling” targ’ib qilishi, Xorazmshohning onasi Turkon xotunning, davlat uchun xizmat qilgan kishilarni kamsitib faqat qipchoqlardan chiqqan amaldorlarni ko’klarga ko’tarishi va bir qancha sabab oqibatlar natijasida qudratli saltanat inqirozga yuz tuta boshlagan edi. Chingizxon bilan Muhammad Xorazmshoh o’rtasida qisqa muddat (1215-1218) elchilik munosabatlari davom etgan bo’lishiga qaramay bu munosabatlar oxir-oqibat fojiali tugaydi.
Harbiy jihatdan puxta tayyorgarlik ko’rgan mo’g’ul qo’shinlari Xorzmshohlar davlatiga yurish qilib qisqa muddatda (1218-1221) bu davlat hududini bosib oladi. Mo’g’ullar qurgan tuzoqlarga bir necha marta tushib, o’z harbiy kuchlarining (O’trorda 60 ming, Xo’janda 10 ming, Samarqandda 110 ming, Buxoroda 50 ming) anchagina qismidan ajralgan Xorazmshoh Muhammad o’z yurtini, poytaxti Gurganch shahrini tashlab ketadi. Shahar aholisi, himoyasiz, etakchilik qiladigan sardorsiz qoladi. Shunday og’ir vaziyatda 76 yoshli Najmiddin Kubro shaharni himoya qilishni o’z zimmasiga oladi. Shayx muridlarini jamlab, ularga qarab bunday deydi: “Mashriqdan kelgan bu balo Mashriqu- Mag’ribni yakson etadi, yondirib kul qiladi. Sizlar har biringiz o’z yurtingizga boring, o’z joningizni asrash payida bo’ling” Ashob shayxga iltimos qilib dedilar: – “Ot–ulovlar tayyor, agar shayx biz bilan hamroh ketishni ixtiyor etsalar, yaxshi bo’lardi”. Bunga javoban shayx Najmiddin Kubro deydi: – “Men bu erda shahid bo’laman, menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo’q” deydi. Shayx shahar mudofaasini tashkil etish bilangina cheklanmay, qo’liga qilich olib jang qiladi. Ancha vaqtgacha mo’g’ullar shahar himoyachilarining qarshiligini enga olmaydilar. Shunda ular hiyla-nayrang ishlatish, sotqinlar ko’magidan foydalanish yo’liga o’tadilar va biladilarki shahar mudofaasi boshida shayx turibdi, darrov shayxni oldiga elchilar jo’natib biz tomonga o’ting sizga omonlik va boylik ato qilamiz deydilar.
Amir Temurning nevarasi, Ulug’bek Mirzo ibn Shohrux Mirzo (1394-1449) o’zining “Tarixi arba’ ulus” (“To’rt ulus tarixi”, 1425) nomli tarixiy asarida Shayx Najmiddin Kubro janoblarini sharhlab bunday deb yozadi: – “Mana etmish yildirki, Xorazm xalqi bilan yashab kelmoqdaman. Bugungi kunda qazoyi ilohiy balo jazosini yubordi. Ularning kallasida muruvvat degan narsa bo’lmaydiki, orasidan qochib o’zimni bir chekkaga olsam. Balki, ular bilan birga beg’amona yag’moga duchor bo’lganim tuzukroq bo’lar. Balolarga ham ular bilan yor bo’lsam!”
Nazm (mazmuni): – “Bir keksa umri oxirlashib qolgandi. Shu sababdan unga so’z kor qilmadi. Quyidagicha javob berdi: Etmish yildirki, Xorazmda hushhol yashayman. Taqdir muruvvati shuni taqozo qiladiki, kelgan baloga tan bergum goho. Qonimni shu erda to’kadigan bo’lishsa, tangri farmonidan qochmagum. Kiyna olovi yongan ekan, Gurganchda ho’lu quruq yondi. Shoh lashkari o’qu tig’ bilan band, donoyu nodon holi bilan ishi yo’q. Uning boshini kesmasang yaxshi bo’lardi degan, pandni mo’g’ulning eshitgisi yo’q. Qazo teg’i taqdir tufayli o’tkirlashgan ekan, keksayu yoshning boshi kesilgusi”.
Najmiddin Kubro shahar himoyachilariga qarata iltijo bilan “Yo Vatan, yo sharafli o’lim!” deb xitob qiladi. Mo’g’ullar hali biron erda bunchalik qattiq qarshilikka duch kelmagan edi, hali biron joyda mo’g’ul askarlari bunchalik ko’p qirg’in qilinmagan edi. Dahshatli qirg’inbarot Gurganch fojiasi etti oy davom etadi. Son jihatdan ustun bo’lgan dushman mashaqqatlar va hisobsiz qurbonlar evaziga g’alabaga erishadi. Qo’lida qurol ushlashga majoli qolmagan gurganchliklar ilojsizlikdan taslim bo’ladi. Jarohatlangan Shayx Najmiddin Kubro o’limi oldidan tug’ tutgan mo’g’ul sarboziga tashlanib, bir qo’li bilan uni qatl etayotgan mo’g’ul yalovining uchini ushlab turgan. Oxiri qo’lini qirqib tug’ni olganlar.
“...Alqissa, mo’g’ullar Xorazm shahri ahlini qatl etdilar. Hazrati Shayx Najmiddin Kubro, unga Ollohning rahmati bo’lsin, o’sha shahid etilganlar jumlasidan edilar. Mashhurdirki, qatl chog’i hazrati Shayx buzrikvor bir qo’li bilan qatl etayotgan kofir yalovining uchini ushlab turdilar. Keyin qanchalik urinishmasin, kofirning yalovini ul kishining qo’lidan chiqarib ola olmadi. Oxiri ul kofir yalovini qirqib oldilar. Yalovning uchi hazrati Shayxi shahidning muborak qo’llarida qoldi. Bu hazrati Shayxning ming-minglab g’ayritabiiy odatlaridan biridir. O’z qo’llari bilan tutgan yalov uchi –“sari parcham” o’z vafotlari sanasi ta’miyasi ekanini aniqlashdi. Undagi harflar qiymati majmui 618 ga teng ekan.
Hazrati Shayxi buzrukvorning Xorazm qatli omidagi qatli muborak turkiy yund yiliga muvofiq keladigan 618 hijriyda sodir bo’ldi. Hazrati Shayxi Valitarosh Shayx Najmiddin Kubro, Tangri uning ruhini muqaddas tutsin (vafotiga bitilgan) tarixda shunday deyiladi. Nazm (mazmuni): “Murshidi a’zam Shayx Najmiddin Kubro xudo amri bilan Xorazm uchun boshini tikdi. Boshini topshirishda qotil yaloviga yopishdi. Dini haq iqlimining shohi Ul piyr sarpanjasidan o’n zabardast yigit yalovni chiqarib ola olmadilar. Sayidlar shayxi sarpanjasida kofir yalovini ko’rib hayratda qolgan oqillar bu holni sharhladilar:- Yalov uchini Shayx tutib, tarix aytdiki, vafotim sanasi “Shohi shuhado” (“Shahidlar shohi”)dir.
Jami musulmonlar a’losiga Ollohi taolo rahmati yog’ilsin. Yana, deydilarki, Hazrati mavlono Jaloliddin Rumiy, uning siri muqaddas qilinsin, Hazrati Shayxi buzrikvor Valitarosh Shayx Najmiddin Kubro, Olloh uning sirini muqaddas tutsin, yalovni tutganiga ishorat qilganlar. Nazm (mazmuni): – “Biz shunday ulug’lardanmizki, gavhar tutamiz, oriq echki tutgan pastkash emasmiz. Imon qadahidan bir qo’limiz bilan may ichsak, ikkinchi qo’limiz bilan kofir yalovidan tutamiz”.
Gurganch taslim bo’lgach yondiriladi, xamma tirik jon qilichdan o’tkaziladi, boyliklar talanadi. Juvayniyning ma’lumotlariga qaraganda, 100 ming nafar hunarmand, kosib, rassomlar asirga olinib Mo’g’ulistonga jo’natilgan. Mo’g’ullar vahshiylikning bor usullarini ishga solganlar, yo’qlarini esa o’ylab topganlar.
Mo’g’ullar shaharning kulini ko’kka sovurish bilan bir qatorda Gurganjdan nom-nishon qoldirmaslik uchun Amudaryodagi to’g’onni buzib, suvni shaharga burib yuboradilar. Barcha ulkan tarixiy obidalar, ilm-ma’rifat manbalari suvga bostiriladi. Natijada uzoq muddat davomida barpo etilgan bu ulkan qadimiy madaniyat va ma’muriy markazda hayot to’xtaydi. Juvayniyning iborasi bilan aytganda, “Gurganj qashqir makoni bo’lib qoldi va bu erda boyo’g’li va burgut in qurdi”.
Shunday qilib, Xorazmning buyuk farzandi o’z ona vatanini dushmanlardan himoya qila turib sharafli o’lim topdi. Najmiddin Kubro 1221 yilda o’zi muallimlik qilgan xonaqohga dafn etiladi. Keyinchalik Oltin O’rdaga bo’ysinuvchi o’lka hukmdori Qutlug’ Temur tomonidan XIV asrda Urganch (mo’g’ul tilida Gurganch so’zining talafuz etilishi) shahrida buyuk olim, tasavvuf ta’limotining asoschilaridan biri, vatanparvar Shayx Najmiddin Kubro nomiga maqbara tiklangan. Hozirgi vaqtda Najmiddin Kubroning qabri Turkmaniston Respublikasini Toshhovuz viloyati Ko’hna Urganch shahridadir.
Shayx Najmiddin Kubroning bunday vatanparvarligi asrlar osha tillarda doston bo’lib, afsonalarga aylanib bizgacha etib kelgan. Mustaqilligimiz sharofati tufayli 1995 yilda Respublikamizda buyuk alloma Najmiddin Kubroning 850 yilligi keng nishonlandi va bir qancha risolalari chop qilindi.
Turon zamini qadim-qadimdan vatanparvar, millatparvar buyuk siymolar manzil-makoni bo’lgan. Bu yurtda yashab o’tgan ko’plab alloma, valiy zotlar dunyo tarixida o’chmas iz qoldirishgan. Shayx Najmiddin Kubro insoniyat tarixidagi eng e’tiborli siymolardan biridir, uning nomi Sharqda necha asrlardan buyon vatanparvarlik timsoli bo’lib kelmoqda.
© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti, 2009.