Urganchda madaniyat va sport sohasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
Urganch shahridagi Ogahiy nomidagi musiqali drama teatrida Xorazm viloyati hokimligi Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tomonidan 2015 yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi ustuvor vazifalar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Viloyat Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi va Fuqoralik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida uyushtirilgan mazkur anjumanda shahar va tumanlar madaniyat va sport ishlari bo‘limi boshliqlari, boshqarma tasarrufidagi tashkilot va muassasalar rahbarlari, respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlari, viloyatda faoliyat yuritayotgan televidenie va gazetalar vakillari qatnashdi.

Matbuot anjumanini viloyat Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Shokirjon Madaminov ochib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida ma’ruza qildi. O‘z navbatida boshqarma tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda faollik ko‘rsatayotgan bir guruh jurnalistlarni faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirladi.

Shuningdek, so‘zga chiqqan boshqarma bosh mutaxassisi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodim Sanobar Abdullaeva, viloyat Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlari ilmiy metodik markazi direktori o‘rinbosari G‘ulomjon Eshchanov, "O‘zbeknavo” estrada birlashmasi viloyat bo‘limi rahbari Hamid Sapaev va boshqalar sohada bajarilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berishdi.

Xususan, ma’ruzachilar boshqarmaning o‘z oldiga qo‘ygan madaniyat va ommaviy sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, xalqimizning boy madaniy merosini qayta tiklash, asrlar davomida shakllangan yuksak ma’naviyatni, an’ana va urf-odatlarni har tomonlama rivojlantirish, jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlarni kamol toptirish, san’at turlarini yuksaltirish, shuningdek, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommmaviylashtirish, buning barobarida ijodkor va qobiliyatli yoshlarni izlab topib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularni yurtimiz dovrug‘ini olamga yoyadigan insonlar qilib tarbiyalash singari keng qamrovli maqsad va vazifalarga to‘xtalishdi.

Zero, Madaniyat va sport ishlari boshqarmasi joriy yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "2013-2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va "2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarorlarini hayotga tadbiq etish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirgani qayd qilindi.

Shu kungacha shahar va tumanlarda manzilli dasturga asosan, 13 ta madaniyat va aholi dam olish markazi foydalanishga topshirilib, ularning barchasi tegishli darajada zamonaviy jihoz, asbob-uskuna va musiqa asboblarini bilan ta’minlandi. Ayni damda, ushbu maskanlarda 4000 nafarga yaqin aholi, asosan, yoshlar o‘zlari sevgan to‘garaklarda kasb-kor o‘rganishib, bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirishyapti. E’tiborlisi, mazkur dargohlarda ko‘plab ishchi o‘rinlari yaratilmoqda. Vohada joriy yilning oxirigacha ana shunday markazlardan yana 6 tasi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani ta’kidlandi.

Binobarin, bugungi kunga qadar viloyatda foydalanishga topshirilgan 9 ta madaniyat va istirohat bog‘ida hamyurtlarimizning miriqib dam olib, madaniy hordiq chiqarishlari uchun obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qurilish ishlari olib borildi. Sport maydonchalari, salqin ichimliklar bilan savdo qiluvchi shoxobchalar barpo etildi, ko‘plab attraksion va kichik o‘yin qurilmalari o‘rnatildi. Mavjud favvoralar ta’mirdan chiqarildi.

Boshqarma tomonidan aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifatini va ko‘lamini kengaytirish orqali pullik xizmat turlari doirasini oshirishga ham erishildi. 2015 yilning 1 dekabriga pullik xizmat ko‘rsatish ko‘rsatkichi 100 % dan oshib ketdi.

Shuningdek, viloyat san’atkorlari respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarda munosib ishtirok qilishdi. O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, Mukarrama Turg‘unboeva, Tavakkal Qodirov, O‘zbekiston xalq hofizi Ma’murjon Uzoqov xotirasiga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlovlar, "Zarb-2015”, "Yoshlik zavqi”, "Yagonasan muqaddas Vatan” singari ko‘plab nufuzli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lishdi.

Qolaversa, o‘tgan vaqt davomida Ogahiy nomidagi viloyat musiqali drama teatri va viloyat davlat Qo‘g‘irchoq teatri jamoalari ham xalqimizga manzur bo‘ladigan spektakllar yaratib, tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.

Boshqarma qoshida tashkil etilgan "Yoshlar klubi” ham ibratli ishlarni amalga oshirayotir. Klub a’zolarining tashabbusi bilan "Keksalarni e’zozlash yili” doirasida "Salomatligingiz muhim” loyihasini hayotga tadbiq etilishi xorazmlik yoshlarning sa’y-harakatlari samarasidir. "Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda uyushtirilgan mazkur tadbirda vohaning madaniyat va sport sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilib, nafaqaga chiqqan 50 nafardan ziyod faxriylar bepul ravishda UZI (ultratovush diagnostikasi) apparati orqali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shifokorlar tashxisi bo‘yicha ularga dori-darmonlar tarqatilishi klubning yorqin faoliyatidan dalolat beradi.

Hozirgi kunda vohada 1600 ga yaqin jismoniy tarbiya va sport jamoalari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularda 360 ming nafarga yaqin kishi sportning 32 ta turi bilan shug‘ullanib keladi. Shuningdek, 31 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, 4 ta futbolga ixtisoslashgan maktab-internat hamda Urganch olimpiya zaxiralari kollejida iqtidorli yoshlar kamol topayotir.

Mubolag‘a emas, keyingi yillarda nafaqat respublika, umuman, Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarda vohaliklar e’tiborga molik natijalar ko‘rsatishayotir. Dzyudochilar Diyorbek O‘rozboev, Shahzod Sobirov, Gulnoza Matniyozova, Tursunposhsha Nurmetova, og‘ir atletikachi Farhod Sobirov, futbolchi Jamshid Iskandarov, "charm qo‘lqop” ustasi Mirzabek Hasanov singari o‘nlab sportchilar xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya etishayotgani ko‘ngillarga quvonch va faxr hissini bag‘ishlaydi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘laqonli javob olishdi. Xorazm viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i D. Bekchanova, Xorazm viloyat teleradiokompaniyasi direktori O‘. Matqurbonov, "Xorazm haqiqati” va "Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri vazifasini bajaruvchisi S. Rahimberganova va boshqalar madaniyat va sport sohasiga bag‘ishlangan ushbu matbuot anjumaniga yuqori baho berishib, bunday tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turilishi foydadan holi bo‘lmasligini ta’kidlashdi.

Ikrom Xudoyberganov, mcs.uz

KO`P O`QILGANLAR