«Xorazm» haqida haqiqatlar yoxud urganchliklar Oliy ligani nega tark etishdi?
Maqolamni 2009 yilgi futbol mavsumining ikkinchi davrasida «Xorazm»dagi ayrim «manzaralar» va u erda sodir bo’lgan ba’zi voqealar bayonidan boshlamoqchi edim. «Xorazm»ning 2010 yildagi inqirozini to’la va aniq tushunib etish uchun bu juda muhim.

Futbol bo’yicha o’tgan yilgi milliy chempionat yakuniga etgach, ba’zi futbol muxlislari, ayniqsa, xorazmlik muxlislar meni ko’rganda: «Nega «Xorazm» Oliy ligadan chiqib ketdi?» – deb so’rashga odatlanib qolishdi. Men «Xorazm» jamoasi Oliy ligani bir emas, ko’plab sabablarga ko’ra tark etganini tushuntirishga harakat qilardim. Ammo ular bu yil ham shu savolni berishgani-berishgan. Muxlislarning har biriga alohida javob beraverishga toqatim qolmay, ushbu savolga maqola orqali javob berishga qaror qildim. Ya’ni, quyidagi maqolamda «Xorazm»ning matbuot kotibi bo’lib ishlab yurgan paytlarimda ko’rgan-bilganlarimni bayon qilib, jamoaning Oliy ligadagi inqiroziga olib kelgan sabablar haqida o’z fikrlarimni bildirmoqchiman.

Maqolamni 2009 yilgi futbol mavsumining ikkinchi davrasida «Xorazm»dagi ayrim «manzaralar» va u erda sodir bo’lgan ba’zi voqealar bayonidan boshlamoqchi edim. «Xorazm»ning 2010 yildagi inqirozini to’la va aniq tushunib etish uchun bu juda muhim.

«XORAZM»DAGI DASTLABKI TAASSUROTLARIM

2009 yil avgustida Urganchga matbuot kotibi bo’lib borishim bilan o’zimning ishimga oid kamchiliklarni o’rganishga va imkon darajasida bartaraf qilishga kirishdim. Xususan, «Xorazm» stadionida jurnalistlar uchun maxsus ajratilgan loja yo’qligi, matbuot anjumanlari o’tkaziladigan xona talab darajasida jihozlanmagani, uy o’yinlaridan oldin chiqariladigan dastur-bukletlarni nashr qiladigan rangli printer yo’qligi va boshqa muammolar e’tiborimni tortdi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf qilish kerakligi haqida gapirganimda, rahbarlar ularni 2009 yilgi futbol mavsumi tugagach bartaraf qilish mumkinligini aytishdi. «Hozircha sabr qilib turing, mavsum tamom bo’lsin, hammasini hal qilamiz», - deyishdi ular.

Shu bilan birgalikda klubdagi boshqa, aniqrog’i, mening professional faoliyatimga aloqasi bo’lmagan muammolar ham e’tiborimni tortdi. Masalan, «Xorazm» futbolchilari ovqatlanadigan oshxona juda achinarli ahvolda edi: ovqatlanishga kelgan futbolchilar va xodimlar oshxona zaliga taomlar tayyorlanadigan stollarning hamda ovqat pishiraladigan qozonlarning yonidan o’tib kelishardi. Albatta, bu holat sanitariya talablariga zid edi.

Bundan tashqari, futbolchilar istiqomat qiladigan sport bazasi ham shunday nochor ahvolda edi: dush kabinalari yo’qligidan bechora futbolchilar temir hamda plastmassa tog’oralarni suv bilan to’ldirib, tog’oralardan cho’michlar (krujkalar) bilan suv olib, ustilaridan suv quyib yuvinishardi. «Xorazm»ning boshqa a’zolari qatorida Afzal Azizov, Abdumajid Toirov, Sherzod Rayimjonov, Sherzod Sharipov, Vladimir Baranov, Aleksandr Ejov kabi mohir futbolchilarning, ya’ni bir paytlar O’zbekistonning etakchi klublarida to’p surgan futbolchilarning tog’ora va cho’mich ko’tarib yurishlarini ko’rib, karaxt bo’lib qolganman. Futbolchilar ham bu holatdan doim nolishardi, ammo Vali Sultonov va klubning boshqa rahbarlari ularga ham: «Hozircha sabr qilib turinglar, chempionat tugagach hammasini hal qilamiz», - deyishardi.

To’g’risini aytsam, bularni ko’rib, men biroz vaqt o’zimga kelolmay yurdim, chunki men Oliy ligada ishtirok qiluvchi klub bunchalik nochor ahvolda bo’lishi mumkinligini hayolimga ham keltirmagandim. Keyin bilsam, o’sha paytda klubdagi ichki muhit ham havas qiladigan darajada emas ekan.

XOSIYATSIZ MUHIT

Klubdagi muhitning bexosiyatsizligini unga kirishim bilan payqagan bo’lsam, ichki auraning buzilib borishida futbolchilardan ko’ra jamoadagi tartib-intizomni bo’shashtirib yuborgan klub rahbarlari va murabbiylari ko’proq aybdor ekanligini bilish uchun menga biroz vaqt kerak bo’ldi. Jumladan, «Xorazm»ning o’sha paytdagi direktori va bosh murabbiyi Vali Sultonov jamoaning mahalliy, ya’ni xorazmlik futbolchilarini o’yinlar payti sodir qilgan arzimagan xatolari uchun aytib va yozib bo’lmaydigan so’zlar bilan so’kishga odatlangandi. Ammo boshqa shahar va viloyatlardan kelgan futbolchilar ulkan va qo’pol xatolar qilsalar ham, murabbiy ularni urishish tugul, koyishni ham o’ziga ep ko’rmasdi. So’kishlarning «tagida» qolib ketgan bechora mahalliy futbolchilar Vali Sultonovga: «Yo hammamizni so’king, yoki hech qaysimizni so’kmang!» – deyisha olmasdi, adolat talab qilisha olmasdi. Buning natijasida jamoa futbolchilari «mestniylar» (mahalliylar) va «priezjiylar» (kelgindilar)ga bo’lingandilar.

Yoki boshqa misol. «Xorazm» futbolchilari kimlar asosiy tarkibda maydonga tushishini, kimlar esa zahirada qolishini o’yindan 3-4 soat oldinoq bilishar edi. Chunki o’yindan oldingi nonushta payti asosiy tarkibda o’ynaydigan futbolchilarga ko’pincha birinchi va ikkinchi taomlarga qo’shimcha ravishda qovurilgan tovuq go’shti (tabaka) ham berilardi, zahirada qoladiganlar esa tabakadan benasib qolishardi. Zahirada qoladigan futbolchilardan ba’zilari ovqatlanishdagi bunday tengsizlikdan norozi bo’lib, oshxonadan umuman ovqatlanmasdan chiqib ketishardi. Peshin paytidagi rizqlariga qovurilgan tovuq go’shti qo’shilmagan bechoralar o’z e’tirozlarini ko’pincha shu tarzda namoyish etishardi. Ammo ba’zida ularning ichidan bu borada ochiqdan-ochiq baqir-chaqir qiladiganlari ham chiqib qolardi. Bunday e’tirozlarni ko’rgach, peshindagi rizqlariga qovurilgan tovuq go’shti qo’shilgan futbolchilar oldilariga keltirilgan «asosiy tarkib taomi»ni ma’naviy jihatdan qiynalib eyishardi.

Yaqinda bilsam, 2009 yilgi «Xorazm»da faqat bu borada emas, balki futbolchilarni mukofotlash tizimida ham adolatsizlik bo’lgan ekan. Asli urganchlik bo’lgan futbolchi, «Xorazm»ga Bekobodning «Metallurg» jamoasidan kelib qo’shilgan himoyachi Aleksandr Ejovning 2009 yildagi qismati yuqoridagi so’zimga isbot bo’la oladi. Ejovning aytishicha, 2009 yildagi mavsumning birinchi davrasida «Xorazm» Qarshida «Nasaf»ni 1:0 hisobida mag’lub etib qaytgan. Ana shu dramatik uchrashuvning birinchi taymida «Xorazm»ning qanot himoyachisi Sherzod Sharipov oyog’idan og’ir jarohat olib, maydonni tark etgan. Uning o’rniga Vali Sultonov birinchi taymning o’zida boshqa bir qanot himoyachisi Sasha Ejovni tushirgan. Mazkur uchrashuvning ohirigacha o’ynagan Ejov o’yin payti faol harakat qilib, hatto ikki vaziyatda «Xorazm»ning bo’sh qolgan darvozasiga yo’llangan to’plarni olib chiqib, urganchliklarni muqarrar gollardan saqlab qolgan.

Ammo «Nasaf»-»Xorazm» uchrashuvi tugagach, xorazmliklarning bosh murabbiyi V. Sultonov Aleksandr Ejovga g’alaba uchun mukofot tariqasida atigi 200 ming so’m taklif qilgan. Sasha klub va o’zi o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomasida g’alaba uchun bundan ancha katta miqdordagi mukofot berilishi yozilganini aytib, V. Sultonovga haqli ravishda e’tiroz bildirgan. Ammo «murabbiy»: «Sen zahiradan maydonga tushding, shuni berganimga ham shukr qilgin!» – degan. Ejov bu pulni olmagan va keyinchalik Vali Sultonovning g’azabiga duchor bo’lgan. «Shartnoma shartlariga zid ravishda menga ancha kam mukofot puli berilganiga e’tiroz bildirganim va taklif qilingan pulni olmaganim uchun Vali Sultonov keyinchalik meni asosan «Xorazm» o’rinbosarlarining o’yinlarida maydonga tushirdi», - deydi Aleksandr Ejov.

Sashaning aytishicha, «Xorazm»ga o’tgach, uning futbolchilik faoliyatiga katta putur etgan. «Chunki 2010 yil boshida Vali Sultonov chempionat boshlanishiga 2-3 kun qolgunga qadar meni «Xorazm»da o’ynashimga ishontirib yurdi. Men ham «Xorazm»ning qishqi yig’inlarida to’liq qatnashdim. Ammo Oliy liga klublari uchun futbolchilarni ro’yxatdan o’tkazish muddati tugashiga sanoqli kunlar qolganida to’satdan menga: «Ejov, sen bizga kerak emassan. O’zinga boshqa jamoa topaver!» – dedi. «Zayavka» tugashiga 2-3 kun qolganida qaerga ham borardim?! Kim ham yig’inlarida ishtirok qilmagan futbolchini jamoasiga olardi?! Mening shu kabi savol va e’tirozlarimga Vali Sultonov: «Bu mening muammoim emas. Qaerga borsang, shu erga bor!» – dedi. Natijada men chempionat arafasida jamoasiz qolib ketdim», - deya shikoyat qiladi A. Ejov. Uning fikricha, mazkur adolatsiz qilig’i, aniqrog’i «finti» bilan V.Sultonov o’zining viloyatdoshi bo’lgan futbolchini va uning oilasini o’ta qiyin moddiy va ma’naviy ahvolga solib qo’ygan.

2009 yilgi mavsumda «Xorazm» jamoasida adolatsizlik hukm surishi va umuman ichki muhitning yaxshi emasligi futbolchilarning mashg’ulot jarayoniga ham ta’sir qilardi. Ba’zida mashg’ulotlar paytida futbolchilar o’rtasida turli nizolar kelib chiqardi. Jumladan, bir marta aka-uka Abdumajid va Ma’sud Toirovlar hamda Sarvar Ibodullaev o’rtasida hatto mushtlashuv ham sodir bo’lgandi. Ochig’i, mana shunday «favqulodda hodisalar»dan keyin futbolchilarning bir jamoada bir tan, bir jon bo’lib o’ynashini tasavvur qila olmasdim.

Ammo jamoadagi ichki muhitning buzilib borishi faqat shular bilan cheklanib qolmadi: futbolchilarning guruhlarga bo’linishlari va bir-birlariga yovqarashlari faqat quloch yoyib borardi. Bunday vaziyatda ichki muhitning yaxshilanishi tugul, oddiy tartib-intizomning o’rnatilishi ham amri mahol bo’lib qoldi. Bu holat «Xorazm»ning keyingi, ya’ni ikkinchi davradagi o’yinlarining natijalariga salbiy ta’sir qilmasdan qolmadi. Natijada 2009 yilgi mavsumning ikkinchi davrasidagi aksariyat uchrashuvlarda «Xorazm» yo yutqazdi, yo durang o’ynadi. Ammo shunday bo’lsa ham, jamoa 2009 yilgi mavsumda o’z oldiga qo’yilgan vazifani, ya’ni o’ntalikka kirish vazifasini uddaladi.

CHEMPIONATLAR ORALIG’IDA

2009 yilgi chempionat yakuniga etgach, «Xorazm» rahbarlari klubda birinchi galda qilinadigan ishlar rejasini tuzib, ushbu rejani amalga oshirishga kirishishdi. Jumladan, ana shu rejaga ko’ra, futbolchilar istiqomat qiladigan sport bazasi ta’mirlandi, u erga zamonaviy suv qizdirish hamda sanitariya uskunalari o’rnatilib, yuvinish dushlari barpo etildi. Bundan tashqari, yangi oshxona ishga tushirilib, u chiroyli tarzda bezatildi, u erdagi sharoit qulay va sanitariya talablariga javob beradigan darajada edi. Stadiondagi ikki (mezbon va mehmon jamoalarning futbolchilari uchun mo’ljallangan) kiyinish zallari ham ta’mirdan chiqarilib, yaxshi ahvolga keltirildi. U erlarga ham zamonaviy suv qizdirish hamda sanitariya uskunalari o’rnatildi.

Ushbu ishlarni amalga oshirishda xorazmlik sahovatli ishbilarmonlar va idora rahbarlari o’zlarining amaliy, moddiy va moliyaviy yordamlarini berishdi. Kimdir ta’mir ishlariga ko’maklashdi, kimdir uskunalar keltirib berdi. Xususan, men tanigan bir rahbar klub oshxonasi uchun vitrinali katta sovutgich va katta ekranli televizor sovg’a qildi. O’sha paytda men ham klubdagi o’zimning ishimga oid kamchiliklarni bartaraf qilishga kirishdim. Masalan, «Xorazm» stadionidagi bitta kichik sektorni jurnalistlarga mo’ljallangan matbuot lojasi qilib ajratilishiga erishdim. Yangi matbuot lojasini o’zim bezadim. Bundan tashqari, matbuot anjumanlari o’tkaziladigan xonani yangidan jihozladim.

Shu bilan birgalikda klubda va stadionda qilinishi kerak bo’lgan ishlar talaygina edi. Ularni ketma-ket ravishda bajarish kerak edi. Shu maqsadda men «Xorazm» futbol klubining Rivojlanish dasturi»ni ishlab chiqdim va unga o’sha qilinishi kerak bo’lgan ishlarning ro’yxatini, hajmlarini, qiymatlarini hamda bajarish muddatlarini kiritdim. Dastur va uni amalga oshirish g’oyasi klub direktori Vali Sultonovga ma’qul keldi: u mazkur Dasturni o’z imzosi, klub muhri bilan tasdiqladi. Endi uni bajarishga kirishish kerak edi. Ammo, ming afsuski, Dastur bajarilmay qolib ketdi. Chunki 2010 yilgi chempionat yaqinlashgani sari klubda avvalgi hal qilinmay qolgan kamchiliklar bilan bir qatorda yangi muammolar ham bo’y cho’za boshlagandi.

2010 YIL: «XORAZM» MUAMMOLAR GIRDOBIDA

2010 yilda «Xorazm» futbol klubi va jamoasi duch kelish ketma-ketligiga ko’ra quyidagi yangi muammolar bilan yuzlashdi: 1) selektsiya, 2) o’quv-mashg’ulot, 3) tashkiliy va 4) moliyaviy muammolar. Yil davomida ushbu muammolar tartib-intizom borasidagi nuqsonlar bilan qorishib, yanada chuqur ildiz otib bordi. Lekin, keling, hammasiga birin-ketin va batafsil to’xtalay...

1) SELEKTSIYA SOHASIDAGI MUAMMOLAR

Menimcha, 2010 yildagi «Xorazm»ning xatolaridan dastlabkilari selektsiya sohasida yo’l qo’yilgan xatolar bo’ldi. Avvaliga Vali Sultonov jamoaga 2009 yilgi tarkib futbolchilarini, shu jumladan, o’yinlarni sotganlikda o’zi gumonsirab yurgan futbolchilarni chaqirishni rejalashtirib yurdi. Bosh murabbiyning bu rejasidan xabar topgach, ba’zi futbolchilar: «O’tgan yili butun ikkinchi davra mobaynida shu futbolchilarni sotqindan olib, sotqinga solib yurdi-da, endi shularni qanday qilib jamoaga qaytarmoqchi?!» – deb hayron qolishardi. Doim gapning po’stkallasini va to’g’risini so’zlashga odatlangan yarim himoyachi Rustam Qurbonboev esa to’g’ri Vali Sultonovning oldiga kirib: «Falon-falon o’yinsotar futbolchilar bu yil ham «Xorazm»da o’ynashsa, men jamoadan hoziroq ketaman. Chunki men maydonda iymon-ishonchim va bor kuchim bilan o’ynashni yoqtiraman», – degan.

Futbolchining shu gaplaridan ta’sirlanibmi yoki boshqa sabablar tufaylimi Vali Sultonov o’yinlarni sotganlikda o’zi gumonsirab yurgan futbolchilarni chaqirish g’oyasidan voz kechdi. Ammo keyinchalik «Xorazm» bosh murabbiyi selektsiya ishlarida baribir ko’p va qo’pol xatolarga yo’l qo’ydi. Xususan, Vali Sultonov jamoaga yosh va chaqqon futbolchilarni chaqirish o’rniga, yoshi o’tib qolgan, jismoniy tayyorgarligi sust, ammo tajribali futbolchilarni taklif qila boshladi. Bu futbolchilar tajribali bo’lganlaridan keyin klubdan «tajribali» ko’tarma pullarini so’rashdi va olishdi ham.

Jamoadagi nisbatan yosh va, ayniqsa, mahalliy futbolchilar esa ko’tarma pullarini olmasdan mashg’ulotlarda hamda o’yinlarda ishtirok qilishda davom etaverishdi. Vaxolan-ki, ular «tajribali» akalariga qaraganda 2-3 baravar kam miqdordagi ko’tarmalar so’rashgandi. Natijada V. Sultonovning selektsiya ishlaridagi xatolari «Xorazm»ga ikki tomonlama zarba berdi: birinchidan, «tajribalilar»ning ko’tarmalari uchun katta mablag’ sarflangan bo’lsa, ikkinchidan, jamoaning asosini yugura olmaydigan, ya’ni raqiblariga tezlik borasida yutqazib qo’yadigan futbolchilar tashkil qilishdi.

Agar solishtirib aytadigan bo’lsam, misol uchun, «Olmaliq» jamoasining bosh murabbiyi Igor Shkvirin bu borada teskari yo’ldan bordi va bormoqda. Bu murabbiy o’z jamoasiga hamisha tajribasizroq bo’lsa ham, ammo tezkorroq va shijoatliroq bo’lgan, nisbatan kamroq ko’tarma pullari so’raydigan yosh futbolchilarni chaqiradi. Bundan, «Olmaliq» klubining byudjetiga ham foyda, jamoaning o’yin tezligiga va shijoatiga ham foyda. O’tgan yilgi chempionat yakunlariga ko’ra, «Olmaliq» o’zining shijoatli yoshlari bilan Oliy ligada qoldi, «Xorazm» esa o’zining tezliksiz va shijoatsiz «oqsoqollari» bilan oxirgi o’rinni egallab, Oliy ligadan chiqib ketdi.

Vali Sultonov selektsiya ishlarini muddat, ya’ni vaqt jihatidan ham noto’g’ri amalga oshirdi. Jumladan, yangi futbolchilarni tanlab olish ishlari naqd 2010 yilning 9-10 martigacha, ya’ni o’tgan yilgi chempionat boshlanishishga atigi 2-3 kun qolguncha ham davom etdi. Aqlli va uzoqni ko’zlaydigan murabbiylar barcha selektsiya ishlarini uzog’i bilan dekabr-yanvar oylarida amalga oshirib, hech bo’lmaganda 1,5 oy (fevral-mart oylari) davomida tanlab olingan futbolchilar bilan nazariy, jismoniy, texnik va taktik mashg’ulotlar o’tkazishadi. Murabbiylarning juda aqllilari esa oldingi chempionat tugashi bilanoq, ya’ni oktyabr-noyabr oylaridayoq o’zlariga kerakli futbolchilarni qo’l ostiga yig’ib qo’yishadi.

2) O’QUV-MASHG’ULOT O’TKAZISH SOHASIDAGI MUAMMOLAR

Vali Sultonovning xatolari faqat selektsiya ishlari bilan cheklanib qolmadi: u mashg’ulot o’tkazish jarayonlarida ham ko’plab kamchliklarga yo’l qo’ydi. Xususan, jamoa futbolchilari, ayniqsa, bir paytlar O’zbekiston va hattoki yaqin xorijdagi mamlakatlarning etakchi klublarida hamda terma jamoalarida to’p surgan, ko’pni ko’rgan futbolchilar «Xorazm» murabbiylari o’tkazayotgan mashg’ulotlarining bir xilligidan, zerikarligidan, eskirganligidan noliy boshlashdi. Ulardan ba’zilari o’zaro: «Bu trenirovkalar uchinchi liga jamoalari uchun mo’ljallangan bo’lsa kerak», - deb hazillashishardi.

Ular asosan nazariy va taktik mashg’ulotlar, standart vaziyatlarga bag’ishlangan maxsus mashg’ulotlar o’tkazilmayotgani hamda o’yinlarning (videoyozuvining) jamoaviy tahlili qilinmayotgani yuzasidan e’tiroz bildirishardi. Darhaqiqat, Vali Sultonov va uning yordamchisi Olimjon Rahmonov o’tkazilgan uchrashuvlarning (videoyozuvining) jamoaviy tahlilini onda-sonda uyushtirishardi, nazariy va taktik mashg’ulotlarni esa umuman o’tkazishmasdi. Nazariy va taktik mashg’ulotlarni o’tgan yilgi «Xorazm»da ilk bor Bahrom Hakimov yo’lga qo’ygandi, ammo u ishdan ketgach, jamoada bu ishlar yana to’xtab qoldi.

Bir gal, hali 2010 yilgi chempionat boshlanishidan oldin, ya’ni qishqi yig’in paytida Baxtiyor Ashurmatov va Davron Fayziev ajoyib bir fikr aytishdi. Ular: «Jamoaga maslahatchi murabbiy qilib bo’lsa ham, nazariy va taktik mashg’ulotlarni o’tkazadigan kuchliroq bir murabbiyni ishga olish kerak. Aks holda faqat texnik va jismoniy mashg’ulotlar bilan uzoqqa borolmaymiz», - deyishdi. Ammo bu gap Vali Sultonovga yoqmadi yoki ta’sir qilmadi, shekilli, murabbiy go’yoki hech narsa bo’lmagandek yuraverdi.

«Xorazm» futbolchilarining jamoa murabbiylari o’tkazayotgan mashg’ulotlardan nolishlarini eshitavergach, bir voqea esimga tushib ketdi. 2009 yilgi chempionat tugagach, taniqli mutaxassis Rustam Akramov «Xorazm» bosh murabbiyi Vali Sultonovni murabbiylarni «PRO» kurslarida qatnashishga va bu sohadagi bilimlarini oshirishga chaqirdi. Avvaliga V. Sultonov professorning taklifiga rozilik bildirdi, hatto zarur xujjatlarni ham to’g’irladi. Ammo keyinchalik «PRO» kurslarida qatnashishdan bosh tortdi. Eshitishimcha, Rustam Akramov uning bu qilig’idan hafa bo’lgan ekan.

Men Vali Sultonovdan: «Nega bunday qildingiz? Axir, o’qib, yana bilimlaringizni oshirsangiz bo’lardi-ku!» – deganimda urganchliklarning bosh murabbiyi menga klubda tashkiliy ishlar ko’pligidan o’qishga vaqti yo’qligini aytdi. Ya’ni V. Sultonov murabbiylik sohasiga ko’proq e’tibor qaratib, bu sohadagi bilimlarini oshirib borishdan ko’ra klubning moliyaviy, ma’muriy va tashkiliy ishlari bilan shug’ullanishni afzal bilgan.

Klub direktorligi va jamoa murabbiyligini baravariga olib borish Vali Sultonovga og’irlik qildi, shekilli, 2010 yil boshida V. Sultonov klub direktori lavozimini bo’shatdi. Bu kursiga uning bolalikdagi ustozi Ollabergan Matniyozov o’tirdi. Ammo shunday bo’lsa ham, V. Sultonov baribir klubning ishlari bilan shug’ullanishda davom etdi. O’zining ustoziga yordam berish maqsadida shunday qildimi yoki boshqa maqsadlarda shunday qildimi, bilmayman. «Alloh odamlarni ular o’zlari qiziqqan va intilgan narsalar bilan ovvora qilib qo’yadi», - deb, shuni aytsalar kerak.

«Xorazm» bosh murabbiyining klubdagi moliyaviy, ma’muriy va tashkiliy ishlarga kirishib ketib, o’zining asosiy vazifasi bo’lmish murabbiylik ishlariga, xususan, mashg’ulot o’tkazish jarayonlariga kamroq e’tibor berganligi keyinchalik, ya’ni 2010 yilgi chempionat davomida jamoa o’yinlarida va natijalarida o’z aksini topdi. Endilikda klubning yumushlari bilan har holda rasman boshqa odam – Ollabergan Matniyozov – shug’ullana boshlagan bo’lsa ham, bu ishlarda ham ko’plab kamchiliklarga yo’l qo’yildi. Jumladan, tashkiliy ishlarda shunday bo’ldi...

3) TASHKILIY MUAMMOLAR

«Xorazm» klubidagi eng rasvosi chiqqan ishlar aynan tashkiliy ishlardir. Bu toifa ishlarni o’lda-cho’lda desa ham, hech mubolag’a bo’lmaydi. Hamma gap shunda-ki, bu erdagi tashkiliy ishlarni kim duch kelsa qilib ketaveradi. Ya’ni bu ishlar xodimlar o’rtasida mantiqsiz va noprofessional tarzda bo’lib berilgan. Tashkiliy ishlar kim «qo’lga tushib» qolsa, shunga buyuriladi. Masalan, o’tgan yil boshida klub rahbarlari «Xorazm» stadionida ishlaydigan oddiy, ammo keksa yoshdagi bir ishchining gapiga kirib, stadiondagi futbol maydoniga bir necha yuk mashinasida tovuq go’ngi va qumga aylanib borayotgan unumsiz tuproq keltirib sepishdi. Natijada ortiqcha miqdorda sepilgan tovuq go’ngi maydon chimining aksariyatini kuydirib yuborgan bo’lsa, unumusiz tuproq tabiiy o’g’itdan omon qolgan chimlarni polietilen plyonkasi bilan qoplagandek bosib qoldi.

Chim o’stirish va parvarish qilish ishlarida tajribasi bor kishilar kelib, «Xorazm» bosh murabbiyi Vali Sultonovga va stadion direktori Farhod Matyoqubovga (Vali Sultonovning pochchasiga) unumsiz tuproq tagida qolgan chimlar uchun ochiq havo va quyosh zarurligini, buning uchun esa sepilgan unumsiz tuproqni ag’darib tashlab, butun maydonni qaytadan sug’orish kerakligini bir necha bor aytishdi. Ammo qayinuka-pochcha tandemi: «Chimning o’zi unib chiqadi. Hali vaqt bor», -deb, hech kimga quloq solishmadi. Chim esa ikkinchi davra boshiga, ya’ni avgust oyiga kelib ham unmadi. Shundan keyingina V. Sultonov va F. Matyoqubov unumsiz tuproqni ag’darib tashlab, butun maydonni qaytadan sug’orishga majbur bo’lishdi. Va natijada «Xorazm» stadionidagi futbol maydonining chimi sentyabr oyining o’rtalariga kelib unib chiqa boshladi.

Shu vaqt oralig’ida esa bu maydon chimini Urganchga o’ynagani kelgan hamma jamoalarning murabbiylari tanqid qilib bo’lishdi. Misol uchun, «Bunyodkor» ustozi Mirjalol Qosimov: «Shunday rasvo maydonda to’p surayotganliklari uchun «Xorazm» futbolchilariga tirikligida haykal qo’yish kerak», - degan bo’lsa, «Neftchi»ning «otasi» Yuriy Sarkisyan: «Bu maydonda futbol o’ynash emas, paxta ekish kerak», - degandi. «Nasaf»ning o’sha paytdagi bosh murabbiyi Viktor Kumikov esa 2010 yildagi «Xorazm»-»Nasaf» uchrashuvidan keyin o’tkazilgan matbuot anjumanida «Xorazm»ning maydoni haqida: «Menimcha, Ikkinchi jahon urishi payti bombalar ostida qolib ketgan futbol maydonlari ham «Xorazm»ning maydonichalik sharmanda bo’lmagan bo’lsa kerak. Xorazmliklarning maydoni bomba tushgan dalani eslatadi», - degandi.

Xullasi kalom, «Xorazm»ning maydoni xususida aytilmagan gap qolmadi. Ammo klub rahbariyati, ayniqsa, prezidenti va vitse-prezidenti «matonat» ko’rsatib, bunday tanqidlarga sukunat bilan javob berishdi. Ular maydonning rasvosini chiqargan kishilarni jazolashmadi ham. Buni ko’rib, menda: «Bu mutasaddilar stadionga faqat: «Yugur, tep, ur!» – deb baqirib, futbol tomosha qilgani kelishadimi? Yoki bu mutasaddilarning Vali Sultonov va Farhod Matyoqubov oldida tillari qisiqmikan?», - degan savollar paydo bo’lardi. Aks holda klub prezidenti va vitse-prezidenti maydonni harobaga aylantirganlarni jazolashmasmidi?!

«Xorazm» futbol klubidagi jazosizlik boshqa ishlarda ham namoyon bo’ldi. Masalan, 2010 yil 28 aprel kuni Urganchda «Xorazm» futbol klubining yangi avtobusi yonib ketdi. Siz ko’rayotgan fotosuratda yonib kul bo’lgan ushbu avtobus 2009 yilgi mavsum arafasida 100 million so’mga sotib olingan. Ammo «Xorazm» futbol klubidagi tashkiliy ishlarning o’lda-cho’ldaligi tufayli katta pulga olingan ushbu avtobus bir zumda kulgan aylangan. Eshitishimcha, mazkur yong’in avtobusning elektr tizimidagi qisqa tutashuv tufayli kelib chiqqan. Qisqa tutashuvga esa elektr sohasida bilimlari yo’q kishilarning avtobusdagi magnitofonni tuzatishga bo’lgan «tashabbuslari» va «sa’iy harakatlari» sabab bo’lgan.

«Xorazm» klubiga tegishli avtobus yonib ketishi natijasida jamoa futbolchilari 2010 yilgi futbol mavsumining oxirigacha safar o’yinlariga ijaraga avtobus olib, qatnab yurishdi. Tabiyyi-ki, bu borada ham klub byudjetiga katta ziyon etkazildi. Ammo Xorazm viloyati mutasaddilari, xususan, «Xorazm» futbol klubining vitse-prezidenti Usmon Jumagaldiev klubdagi o’zidan keyingi rahbar-xodimlarga nisbatan yana «bag’rikenglik» qilishdi: avtobus yong’iniga olib kelgan loqaydlikka yo’l qo’ygan rahbarlarni ham, xodimlarni ham jazolashmadi. Qisqasi, ularning ayblarini yana Qiyomatga qoldirishdi.

«Jamiyat ishlaridagi davomiy jazosizlik fitna va fisqu-fasodlarga olib keladi», - deganlaridek, «Xorazm» klubidagi jazosizlik ham shunga o’xshash oqibatlarga olib kela boshladi. Bu hol birinchi navbatda o’zi avvaldan ham bo’shashtirib yuborilgan tartib-intizomning tamoman izdan chiqishiga olib keldi. Tartib-intizom «sahna»siga birinchilardan bo’lib jamoa bosh murabbiyi Vali Sultonovning o’zi chiqdi. Avvaliga u 2010 yil bahorida Toshkentda bo’lib o’tgan «Lokomotiv-BFK»-»Xorazm» o’yini (O’zbekiston Kubogi doirasidagi o’yin) payti hakamlarni haqoratlab, O’zPFL tomonidan jazoga tortildi. Ammo Xorazm viloyati rahbarlari ham, «Xorazm» futbol klubi rahbarlari ham V. Sultonovni yana jazosiz qoldirishdi.

Bunday jazosizlik Vali og’ani «ruhlantirib» va «qanotlantirib» yubordi, shekilli, keyinchalik, ya’ni Urganchda chempionat bahslari doirasida o’tkazilgan «Xorazm»-»Olmaliq» uchrashuvidan keyin stadionga kelgan futbol ishqibozlarini haqoratladi. Bu safar O’zPFL xorazmlik murabbiyni moliyaviy jazoga ham tortdi. «Ammo, biroq, lekin», - deganlaridek, O’zPFLdan farqli ravishda xorazmlik «yoshulli»lar V. Sultonovga nisbatan yana hech qanday jazo choralarini ko’rishmadi.

Bosh murabbiyning bunday qiliqlari va viloyat mutasaddilari tomonidan jazolanmasdan yurishi «Xorazm» futbolchilariga ham o’zining salbiy ta’sirini o’tkazmay qolmadi. Endilikda futbolchilar ham intizom borasida «bosh rollar»ga chiqa boshlashdi. Ahvol shu darajaga borib etdi-ki, ba’zi futbolchilar o’yinlardan oldin va keyin o’tkaziladigan muhokamalarda Vali Sultonovga gap qaytaradigan bo’lib qolishdi. Ammo xorazmlik «yoshulli»lardan farqli ravishda xorazmlik murabbiy o’z hatti-harakatlariga erk berib yuborganlarni darrov jazolashga kirishardi. Jumladan, 2010 yilgi chempionatning birinchi davrasida Toshkentda bo’lib o’tgan «Lokomotiv»-»Xorazm» uchrashuvidan keyin himoyachi Davron Fayziev kiyinish xonasida «murabbiy»ga dangal gap qaytardi. Urganchga kelgach, V. Sultonov majlis o’tkazib, bu holatni bayonnomalarda qayd etib qo’ydi va D. Fayzievni jamoadan chetlatish masalasini o’rtaga tashladi.

O’lda-cho’lda olib boriladigan tashkiliy ishlar bilan tartib-intizom muammolari qorishib, 2010 yilgi «Xorazm»dagi ichki muhit mana shunday achinarli holatga kelib qoldi. Klubdagi va jamoadagi bu holatni o’nglash uchun tashabbuskor rahbarlar ham, vaqt ham, imkon ham yo’q edi. Chunki bu orada moliyaviy muammolar ham «eshik qoqa» boshlagandi.

4) MOLIYAVIY MUAMMOLAR

2010 yilgi mavsumda «Xorazm» jamoasi uyda ham, safarda ham yutqazavergach, xomiylar klubga mablag’ ajratmay qo’yishdi. Boshqacha aytganda, xomiylar mag’lubiyatlarga xomiylik qilishni istashmadi. Bu holatda viloyat mutasaddilari ham moliyaviy muammolarni bartaraf qilish choralarini ko’rishmadi. Xomiylarning va mutasaddilarning bu xatti-harakatlari, ya’ni yutqazayotgan jamoaga pul ajratmay qo’yishi mantiqan to’g’ri bo’lsa ham, ma’naviy va huquqiy jihatdan albatta noto’g’ri edi. Chunki chempionat boshlanishidan oldin futbolchilarga ma’lum miqdordagi oylik va ko’tarma pullari va’da qilinib, bu narsa klub va futbolchilar o’rtasidagi shartnomalarda ham aks etgandi. Natijada hali ko’tarma pullarini olmay yurgan yosh, ayniqsa, mahalliy futbolchilarga juda og’ir bo’ldi. Mazkur toifadagi futbolchilar o’zlarining «pod’yomniy»laridan umidlarini uza boshlashdi. Bunday vaziyatda, tabiiy-ki, ularning «Xorazm» uchun maydonga chiqib yugurishga qiziqishlari ham, tashabbuslari ham, rag’batlari ham so’nib borardi.

O’tgan yilgi «Xorazm» oylik va ko’tarma pullar borasida, menimcha, jamoa futbolchilarining naqd 90 foiziga qarzdor bo’lib qolgan bo’lsa kerak. O’zi undan oldingi, ya’ni 2009 yilgi mavsumda ham qator futbolchilar «Xorazm»dan pullarini ololmay, bu borada O’zPFLga shikoyat qilishgandi. Joriy yilda «yozuvchi» futbolchilarning soni avvalgilardan ham ko’payib ketgan. O’tgan yili «Xorazm»da mehnat qilganlar klubdan ko’tarma yoki mukofot pullarini emas, atigi oylik maoshlarini so’rashmoqda. Ammo klub rahbariyati bechoralarning oyliklarini berishni ham istamayapti. Natijada futbolchilar adolat va najot izlab, O’FF va O’zPFLga arz qilishga majbur bo’lishmoqda. Masalan, o’tgan yilgi mavsumdagi mehnatlari uchun «Xorazm»dan oyliklarini ololmay O’zPFLdan yordam so’rab, shu idoraga rasman ariza tashlaganlarning ichida jamoaning sobiq bosh murabbiyi Bahrom Hakimov, futbolchilar Rustam Hakimov, Rustam A’zamov, Jasur O’runov, Omon Abdug’aniev va boshqalar bor.

«Xorazm» futbol klubi rahbariyatining moliyaviy sohadagi tuturiqsizligi, futbolchilarga va’da qilingan maosh, mukofot va ko’tarma pullarini to’lamasligi shu darajaga borib etdi-ki, sabr qozonlari to’lgan ba’zi futbolchilar klub ustidan hattoki prokuratura idoralariga ham shikoyat qilishdi. Ishlar shunday «pog’onalar»ga ko’tarilgach, «Xorazm» futbol klubi va moliyaviy «fair play» degan yangi masala o’rtaga chiqdi.

«XORAZM» FUTBOL KLUBI VA MOLIYAVIY «FAIR PLAY»

Maqolaning ushbu bo’limida keltirilgan faktlarni o’qib, siz: «Xorazm» futbol klubi va moliyaviy «fair play» bir-biriga yot va teskari tushunchalar ekan», - deb yuborishingiz mumkin. Ishonmasangiz, o’qib ko’ring...

Darrov dangalini ayta qolay: «Xorazm»ga futbolchilar va umuman ishchi-xodimlarni chaqirishda ularning bo’lajak maosh, mukofot va ko’tarma pullari borasidagi va’dalarni Vali Sultonov beradi. O’rtada shartnoma imzolangach, bo’lg’usi jabrdiydalar, eng shimarib ishga kirishishadi. Ammo vaqt o’tgani sari va’da qilingan pullardan darak bo’lmagach, futbolchilar sekin-asta V. Sultonovning «yoqasidan» ola boshlashadi. Ammo bunday vaziyatlarning ko’pini ko’rgan uddaburon murabbiy oldiniga: «Ertaga bo’ladi pul, indinga keladi pul», - deb biroz vaqt va’da berib yuradi va vaqtdan yutadi. Aldanganlar keyinchalik ham «pressing» qilishsa, V. Sultonov o’zining diplomatlik qobiliyatlarini ishga solib, «strelkani» sekin klub vitse-prezidenti U.Jumagaldievga o’tkazib yuboradi. Ya’ni, murabbiy o’z shogirdlariga: «Jumagaldiev hal qiladi», - deb, arzdorlarni viloyat rahbariyati qabulxonasiga jo’natadi. «Yoshulli» esa pullarini so’rab borgan bechoralarni yana Vali Sultonovning oldiga jo’natadi.

Agar kimda-kim «Xorazm»da to’p surish yoki ishlash niyatida bo’lsa, ogohlantirib qo’yay: pullaringizni ololmay qolsangiz, Vali Sultonovning kabineti joylashgan «Xorazm» stadioni va U.Jumagaldievning qabulxonasi joylashgan viloyat hokimligi o’rtasida qatnashga majbur bo’lib qolishingiz mumkin. Shunday kunlar boshingizga tushmasin-u, lekin mabodo tushib qolsa, unutmang: «Xorazm» stadionidan viloyat hokimligi binosiga Urganch shahridagi 19-chi va 7-chi yo’nalishlardagi «ISUZU» avtobuslari va aynan shu yo’nalishlardagi «DAMAS» yo’nalishli taksilarda borib-kelishingiz mumkin. Bu avtobus va taksilarda yo’lkira atigi 300 va 500 so’m turadi. Har holda, aldanib qolgan futbolchilar bu transportlarda borib kelib, oz qolgan pullarini ancha tejashlari mumkin.

Bu borada keng ommani «Xorazm» futbol klubining boshqa turdagi «fint»laridan ham ogoh qilish lozim, deb hisoblayman.

«XORAZM»NING MAYDON TASHQARISIDAGI «FINT»LARI

«Xorazm»ning maydon tashqarisidagi «fint»lari shu qadar ko’p-ki, gapni qaysisidan boshlashni bilmay turibman. Keling, «soliq» deb atalgan «finti»dan boshlay qolay.

2009 yilgi mavsum tugagach, «Xorazm» futbolchilari klub rahbariyati tomonidan qo’yilgan vazifani, ya’ni o’ntalikka kirishni uddalashdi. Endi navbat klub rahbariyatida edi: rahbariyat futbolchilarga bergan va’dalarining ustidan chiqishi kerak edi. Jumladan, agar jamoa 2009 yilgi futbol mavsumi yakunida Oliy liga jamoalarining o’ntaligiga kirsa, klub futbolchilarga ma’lum miqdorda (ko’tarma pullarining ma’lum miqdorida) bonus pullari to’lashi kerak edi. Bundan tashqari, aksariyat futbolchilarga hali ko’tarma pullari ham berilmagandi, berilsa ham to’liq berilmagandi. Xullasi kalom, «Xorazm-2003» futbol klubi (o’sha payt klub rasman shunday nomlanardi) rahbariyati o’z va’dasining ustidan chiqishi kerak edi.

Ammo klubning o’sha paytdagi direktori Vali Sultonov ham, boshqa rahbarlari negadir bu ishni paysalga solib yuraverishdi. Natijada «Xorazm» stadioni va viloyat hokimligi o’rtasida qatnashdan, qolaversa, Vali Sultonovning o’z qo’l telefonini o’chirib qo’yib, «g’oyib» bo’lib qolishlaridan charchagan ba’zi futbolchilar, xususan, Aleksandr Ejov, Vladimir Baranov, Ma’sud Toirov va boshqalar oxir-oqibat haqlarini talab qilib, O’zPFLga arz qilishga majbur bo’lishdi. O’zPFL «Xorazm-2003» klubini va’da qilingan pullarni to’lashga majburlovchi adolatli qaror chiqardi.

Bundan xabar topgach, «Xorazm-2003» futbol klubi rahbariyati «soliq» deb nomlangan «fint»ni o’ylab topdi. Klub direktori Vali Sultonov O’FF prezidenti Mirabror Usmonov nomiga maktub yozib, unda futbolchilarga va’da qilingan pullarning hammasini emas, tahminan yarmini to’lashga va’da berdi. «Chunki klubimizning soliq idoralari oldida 207 million 772 ming 323 so’mlik qarzi bor. Shu sababdan bu futbolchilardan daromad solig’i olib qolishga majburmiz», - qabilidagi so’zlar yozilgandi o’sha maktubda.

Natijada O’zPFL bu futbolchilarning arizalari yuzasidan ikkinchi marta qaror chiqarib, unda futbolchilarga klub va’da qilgan pullarning tahminan yarmi to’lanishini ma’lum qildi. Arizador futbolchilar ham soliq to’lashga va oldin va’da qilingan pullarning yarmini olishga ko’nishdi. Biroq «Xorazm-2003»ning direktori Vali Sultonov va klubning boshqa rahbarlari o’zlarining yangi va’dalarini bajarishga ham shoshilmay, yangi lafzning ustidan chiqish ishlarini ham paysalga solib yuraverishdi. Bundan xunob bo’lgan futbolchilar yana O’zPFLga arz qilishdi, ammo bu idora negadir «Xorazm»ni va’dasini bajarishga majburlay olmadi. Vaxolanki, O’FF va O’zPFLning 2009 yilgi «Musobaqalarni o’tkazish Reglamenti»da futbolchilardan qarzi bor klublarga nisbatan talay jazo choralari ko’rilishi belgilab qo’yilgandi.

O’z muammolarini O’FF va O’zPFL kabi idoralarda ham hal qila olmagan futbolchilar najot izlab, yuqoriroq maqomdagi idoralarga murojaat qilishga majbur bo’lishdi.

Manba: www.uff.uz
Sana: 03.04.2011 23:30.

KO`P O`QILGANLAR