Ana shu O’zbek she’riyati gulshanida yana bir so’lim xiyobon bor. Bu xiyobon boshida buyuk Xorazmiylar turadi. Ana shu Xorazmiylar xiyobonida ko’rkam, yam-yashil gujum daraxti bor. Uning shoxlari har tomonga shoxlab ketgan, bu gujum xiyobonga o’zgacha bir ko’rkamlik, tarovat bag’ishlaydi, uning bog’da o’ziga xos o’rni bor. Bu gujum ostida bir zum dam olgan kishi o’zini engil his etadi, bu shoir Egam Rahim gujumidir.
Bu gujum Xorazm tuprog’idan oziqlangan, ildizi baquvvat, soyasi orombaxsh, fasli yoqimli, fayzi benazir.
Iste’dodli shoir va dramaturg, otashin publitsist, faol jamoatchi Egam Rahim qisqa, lekin mazmundor, sermashaqqat va sharafli hayot yo’lini bosib o’tdi. U o’zining serqirra ijodiy faoliyati bilan o’zbek madaniyatini, matbuoti, adabiyot va san’atini gullatishga munosib hissa qo’shdi.
Shoirning ilk she’rlaridayoq davr voqealariga hozir-javob bo’lish, hayotda sodir bo’layotgan har bir yangilikka o’z munosabatini anglatish, zamon bilan hamnafas bo’lishga intilishi yaqqol ko’zga tashlandi.
U o’zining she’r, doston, ocherklari bilan el orasida keng tanila bordi. Uning birinchi she’riy to’plamidan keyin Egam Rahim o’z muxlislariga «Yangi qadam», «Salom sizga Xorazmdan», «Nur daryosi», «Qalbim qissasi», «Ozerniy haqida ballada»sini va o’nlab ocherklarini hadya etdi. Bu asarlarni o’qib, shunga amin bo’lamizki, shoir doimo hayot bilan hamnafas bo’lib, hayotdagi etakchi tendentsiyalarni uqib olishga intildi. Shoir ijodida markaziy mavzulardan biri baxt mavzusidir. Uning asarlarining lirik qahramoni mehnat va kurashlarda qo’lga kiritilgan baxtni shu yo’l bilan himoya qilishga tayyor turgan inson. U nima haqida o’y surmasin, shirin xayol surmasin, unga baxt quyoshi porlab, nur sochib turadi.
Darhaqiqat, o’z xalqiga sadoqat bilan xizmat qilgan insonning ijod yo’li baxt yo’lidir. Bu yo’lning o’ziga xos mashaqqatlari, qiyinchiliklari bo’lsa-da, bu zafarli yo’ldir. Shoir qadam-baqadam yangi ijodiy yutuqlarni qo’lga kirita bordi. Shunisi muhimki, shoir bugungi kun va kelajak to’g’risida zo’r hayajon bilan samimiy misralar yaratar ekan, uning diqqat markazida xalqning tarixiy taqdiri - o’tmishi, hozirgi kuni va kelajagi haqidagi o’ylar yotadi.
Bir yillari «Qo’riq ochamiz!» deb, Jayhun suvini qum barxanlari uzra qo’yib yubordik. Chanqagan erlar bu bilan baribir suvga to’ymadi. Bundan qaytanga Amudaryo ozor chekdi. Uning qahri kelib, qirg’oqlaridan toshib, kengliklarni yuvib ketgan yillar ham bo’ldi. Shunda shoir Egam Rahim daryoga quloq tutdi va uning nidosini eshitdi. Odamlarni sodir bo’lajak falokatdan ogohlantirib, she’rlar yozdi. Bu nido o’qigan yuraklarni tildi. Ming afsuski, bunga o’z vaqtida e’tibor berilmadi. Endi bo’lsa bu beboshliklarimizning oqibatlari hammaga ayon. Orol o’ksindi. Amudaryoning esa suvi pasaydi. Egam Rahim bizni mana shu falokatlarning oldini olishga chorlagan birinchi shoir edi. U suv uchun kuyindi, gujumlar quriyotganiga kuyindi, zumrad ko’llar yo’qolayotganiga kuyindi. Buni u o’z she’rlarida izhor etdi. Jumladan, «Gujum», «Gujumlarga suv quyamiz» va boshqa she’rlarini o’qib ishonch hosil qilishimiz mumkin.
Shoirning vatanparvarlik ohanglari bilan sug’orilgan lirikasida zamonamiz kishilarining fikr-hislari, Vatanga muhabbati, xalqimizning mehnat zafarlari ko’tarinki ruh bilan tarannum etiladi. Uning to’plamlariga kirgan she’rlari shundan guvohlik beradiki, shoirning xalq tili boyliklaridan unumli va o’rinli foydalanganligini, o’z asarlari tilining xalqchil va sodda, ravon bo’lishiga erishganligini ko’ramiz.
Egam Rahim ijodi bilan tanishar ekansiz, nozik didli, yuksak mulohazali, madaniyatli, yuragi keng, fikrlari tiniq, o’z tug’ilgan joyiga sadoqatli, fidoyi va jo’mard inson ko’z oldingizga keladi. U hamisha muhtojlarga yordam ko’rsatishga oshiqqan, birovlar tashvishidan ozor chekib, ularga yordam ko’rsatib shundan o’ziga orom topuvchi inson edi. U Xorazmni samimiy mehr va bolalarcha beg’uborlik bilan sevib yashagan. Uning katta shoirligi ham ana shu xususiyatidadir. Shoir yurtiga bo’lgan sevgisini o’zi yashab ijod qilgan og’ir davrda ham hech kimdan yashirmagan. Bu quyoshli zaminda tug’ilib, voyaga etgani va palak yozib mevalayotganidan behad shodlanadi. Uning asarlarining ko’pchiligi shu o’lkaga bag’ishlangani behudaga emas. Unda farzandlik muhabbati mujassam. Shoir yuragidagi ana shu vatanparvarlik tuyg’usi uni fidoyilikka undaydi. U Urganch uchun, go’zal Toshkent uchun, ulug’vor va mahobatli O’zbekiston uchun hatto, fido bo’lishga ham hamisha tayyor. Mana shu zaminda to’y ko’rsa quvonadi, aza ko’rsa g’amga botadi. Egam Rahim ana shunday vatanparvar shoir edi. So’zimizning isboti uchun shoirning «O’zbekiston», «Jon Vatan», «Sharqning mayog’i» she’rlarini misol qilib ko’rsatish mumkin. Shoirning Xorazm mavzusida yozilgan she’rlari ijodining asosini tashkil etadi. Bularga «Salom sizga Xorazmdan», «Xorazm gapiradi». «Xorazm» she’rlari kiradi. Egam Rahim eng qadimiy mavzu — muhabbat haqida yonib kuylagan edi. Uning she’rlari qo’shiq bo’lib ketganiga guvohmiz. Shuningdek, shoirning do’st-qadrdon xalqlarga bag’ishlab yozgan guldastalari ham ko’p. U qoraqalpoqqa ham, qozoqqa ham, qirg’izga ham, turkmanga ham she’r bag’ishladi, ularni hamjihatlikka chorladi, do’stlik bog’iga da’vat etadi. Xorazm vohasida sodir bo’layotgan har bir ulug’vor ish, bunyodkor xalqning mehnat va kurashlari, har bir voqea-hodisa shoirni hayajonga solib, qalb sadosi sifatida uning she’riy sozida yangragan.
Elu yurtiga xizmat qilish orzusi, o’z mehnati bilan yaxshi nom qoldirish, insonning baxt-saodati yo’lida fidokorlik ko’rsatish istagi Egam Rahim ijodining maqsad va mohiyatini belgilaydi.
Oq qog’ozni qoralash kimgadir oson kechar, lekin Egam Rahim ana shu oq qog’ozga oppoq ko’nglidagi gaplarni yozdi, qo’li gul insonlarning zahmatkash mehnatini tarannum etdi. Uning she’riy to’plamlarida shoir yashagan davr sadolari yangrab turadi. «Kaltaminor hikoyasi», «Chingiz bosqini», «Pahlavon Mahmud» dostonlarida qadim Xorazm tarixidan lavhalar qalamga olingan bo’lsa, «Do’stimning Taqdiri» balladasida 30- yillar qatag’oni qurboni bo’lgan yosh shoir hayoti aks ettiriladi.
Egam Rahim 59 yoshida - 1977 yilda olamdan o’tdi (joylari jannatda bo’lsin!), Lekin bu umr mazmuni nihoyatda boy. Shoirning ikkinchi umri she’rlarida, farzandlari umrida davom etmoqda. Shoirning she’rlari jamlanib, yaxlit bir holda nashr qilinayotgan ekan, bu she’rlarning bugungi istiqlol avlodlari uchun ham munosib xizmat qilishiga aminmiz.
Egam Rahim - Avaz O’tardan keyingi Xorazmning eng katta shoiridir.
She’riyat bog’iga Egam Rahim gujumining uzoq yillar o’zgacha bir husn, tarovat bag’ishlashiga aminmiz.
Barot BOYQOBILOV,
O’zbekiston xalq shoiri, Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sohibi.