Xorazm vohasiga tashrif buyurgan o’rta asr sayyohlari va ularning asarlari
Yoqut al-Hamaviyning “Mu’jam al-buldon” (Mamlakatlar qomusi) asari qomusiy xarakterga ega bo’lib, unda O’rta Osiyo, xususan, Xorazm vohasiga oid qimmatli ma’lumotlar mavjud.

Xorazmshohlar davlati faoliyatiga oid materiallar o’rta asr manbalarida u yoki bu ko’lamda o’z aksini topgan. O’zbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida Xorazm tarixiga oid o’rta asrlarda yaratilgan nodir qo’lyozmalar: jumladan, Ibn al-Asirning (1160-1234) “Al-komil fi-t-tarix” (“Mufassal tarix”) asari Sharq mamlakatlari halqlari, shuningdek, O’rta Osiyo xalqlari tarixini o’rganishda alohida ahamiyat kasb etadi. Asar 12-jilddan iborat bo’lib, dunyoning “yaratilishi”dan to 1231yilga qadar Sharq mamlakatlarida bo’lib o’tgan ijtimoiy-siyosiy voqealarni yilma-yil bayon etib beradi. Asarning VII-XII jildlari alohida ahamiyatga ega bo’lib, 924-1231 yillar orasida Sharq mamlakatlarida, shuningdek, O’rta Osiyo va O’zbekistonda bo’lib o’tgan voqealarni o’z ichiga oladi va asosan, qo’lyozma manbalar, shuningdek, voqealar guvohlari bergan axborot hamda muallifning shaxsiy kuzatuvlari bilan to’plangan aniq ma’lumotlar asosida yozilgan.

Asarning, ayniqsa mo’g’ullar istilosiga bag’ishlangan XII jildi alohida ahamiyatga ega va O’rta Osiyo hamda Sharq mamlakatlarining XIII asrning birinchi choragidagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o’rganishda asosiy manba vazifasini o’taydi. Shuningdek, muallifning “Tarix al-bahir fi-d-daula al- atabikiya” kitobida Otabeklar davlatini yoritish jarayonida Xorazmshohlar haqida ham qimmatli ma’lumotlar keltiradi.

Yoqut al-Hamaviyning “Mu’jam al-buldon” (Mamlakatlar qomusi) asari qomusiy xarakterga ega bo’lib, unda O’rta Osiyo, xususan, Xorazm vohasiga oid qimmatli ma’lumotlar mavjud. Asarda, jumladan, Xorazm geografiyasi va uning mo’g’ullar istilosigacha bo’lgan davri tarixi, madaniy hayoti (taniqli shaxslar, ularning faoliyati) to’g’risida hikoya qiluvchi qimmatli ma’lumotlar to’plangan.

Asardagi Xorazm vohasiga oid ma’lumotlar Xorazmning shahar va qishloqlari, ularning geografik o’rni, iqlimi, suvlari haqida ma’lumot beradi. Muallifning yana bir asari “Mu’jam al-udabo” (“Adiblar lug’ati”) asarida esa zamonasiga qadar yashab, ijod etgan ming nafardan oshiqroq Sharq adib va shoirlarining tarjimai holi va asarlaridan namunalar berilgan. Shular qatorida xorazmlik o’n to’qqiz nafar adib va shoirning hayoti hamda ijodiy faoliyatiga alohida to’xtalib o’tilgan.

Rashiduddin ibn Fazlulloh ibn Imoduddavla Abu-l-xayr al-Hamadoniy (1247-1318)ning jahon tarixini o’z ichiga olgan “Jome’ ut-tavorix” (“Tarixlar majmuasi”) uning qalamiga mansub asarlar jumlasidandir.

Olimning bizning davrimizgacha to’la tarzda etib kelgan birdan-bir asari shu “Jome’ ut-tavorix” bo’lib, u o’rta asr tarixshunosligining o’ziga xos noyob asari hisoblanadi. Asar o’rta asr Sharq tarixchiligida yangi an’anani boshlab bergan asardir. Ma’lumki, Rashiduddindan avval o’tgan, shuningdek, undan keyingi davrlarda yashab ijod etgan tarixchilarning ko’pchiligi umumiy tarix deganda, faqat musulmon mamlakatlarining tarixini tushunganlar. Rashiduddin esa, ulardan farqli o’laroq, umumiy tarix deganda, Sharq mamlakatlari bilan bir qatorda, G’arb mamlakatlari, Xitoy hamda Hindiston tarixini ham nazarda tutdi; Sharq mamlakatlari tarixini jahon tarixining bir qismi deb hisobladi.

Bu asar uch qismdan iborat:

1) mo’g’ullar va ular asos solgan davlatlar (Ulug’ yurt, ya’ni Mo’g’uliston); Elxoniylar davlati hamda mo’g’ullar asoratiga tushib qolgan mamlakatlar;

Shimoliy Xitoy, O’rta Osiyo va Yaqin hamda O’rta Sharq mamlakatlari xalqlarining mo’g’ul istilosigacha bo’lgan qisqacha tarixi;

2) Sharq mamlakatlari xalqlarining islomiyatdan avvalgi tarixi; Arab xalifaligi va uning tarkibida tashkil topgan davlatlar (G’aznaviylar imperiyasi, Saljuqiylar davlati, Xorazmshohlar davlati va b.); Xitoy, qadimgi yahudiylar, franklar, Rim imperiyasi va Hindiston tarixi;

3) Er kurrasi hamda etti iqlim mamlakatlarining geografik holati haqida ma’lumot beradi.

Asarning ayniqsa, turk-mo’g’ul xalqlari tarixini o’z ichiga olgan qismi Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o’rganishda katta ahamiyatga ega. Asarning O’rta Osiyo, Eron va Kavkazorti xalqlarining XIII asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid qismlari ham benihoyat qimmatlidir.

Abu Nasr Muhammad ibn Abdu-l-Jabbor Utbiy (taxm. 961-1077 yoki 1036 yy.)ning “Tarixi Yaminiy” (“Yamin ud-davla tarixi”) asari Sabuktagin va Sulton Mahmud davrida G’aznaviylar imperiyasi tarkibiga kirgan Afg’oniston, Xuroson, Xorazm va Movarounnahrning 975-1021 yillardagi ijtimoiy-siyosiy tarixini bayon etuvchi hamda qoraxoniylarning Movarounnahrni bosib olishi (992-996 yillari) haqida ma’lumot beradi. “Tarixi Yaminiy” asari benihoya qimmatlidir. Asarda hukmron sinfning maqsad va manfaatlarini himoya qilish bilan birga, to’xtovsiz davom etayotgan urushlar, zulm, turli-tuman soliqlar tufayli azob chekayotgan mehnatkash xalqlarning og’ir turmushiga oid ma’lumotlar berilgan.

Nizomulmulk (Abu Ali al-Hasan ibn Ali ibn Ishoq at-Tusiy) (1018-1092 yy.) davlatni idora qilish masalalariga bag’ishlangan “Siyosatnoma” (yoki “Siyar al-muluk” - “Podsholar hayoti”) nomli asari bilan nom qoldirgan. Bu asar 51 bobdan iborat bo’lib, unda markaziy davlat apparatining tuzilishi va moliyaviy hisob-kitob ishlari, qo’shinning tuzilishi, yuqori davlat mansablari va ularga tayinlash tartibi, qabul marosimlari va ularni tayyorlash hamda o’tkazish tartibi, mansabdorlarning faoliyati ustidan nazorat qilish kabi umumdavlat masalalari o’rtaga qo’yilgan.

Asarda O’rta Osiyo va O’zbekiston tarixi haqida ham muhim va qimmatli ma’lumotlar bor. Somoniylar davrida turk g’ulomlarining davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o’rni, Turkiston xonlari (Qoraxoniylar) saroyida xizmat qiluvchi xodimlarning maishiy ahvoli, Somoniylar xizmatida bo’lgan amirlarning unvonlari, Xorazmshoh Oltintosh (1017- 1032) bilan Sulton Mahmud G’aznaviyning vaziri Ahmad ibn Hasan o’rtasidagi yozishmalar shular jumlasidandir. Asarda, bundan tashqari, karmatlar, botiniylar harakati, Muqanna qo’zg’oloni haqida ham ayrim diqqatga sazovor ma’lumotlar mavjud.

Shihobiddin Muhammad Nasaviy (? - 1249) O’rta Osiyo, O’zbekiston, Kavkaz, Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlaridan mo’g’ul istilosi davridagi (1220-1231 yy.) ijtimoiy-siyosiy ahvolidan bahs yurituvchi “Siyrat as-sulton Jalol ad-Din Menkburni” (“Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti va tafsiloti”) qimmatli kitob yozib qoldirgan.

“Siyrat as-sulton” asari esdalik tarzida yozilgan asar bo’lib, muqaddima va 108 ta bobdan iborat. Asarning I-IV boblarida mo’g’ul-tatarlar, Chingizxonning kelib chiqishi, Chingizning xon bo’lib ko’tarilishi va uning Mo’g’uliston va Shimoliy Xitoyni bo’ysundirishi masalalari qisqacha bayon etilgan. V-XXII boblar Xorazmshoh Alouddin Muhammadning hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan. XXIII bobdan boshlab kitobning to oxirigacha mo’g’ul istilosi va Xorazmshoh Alouddin Muhammad o’z yurtini sharmandalarcha tashlab qochishi; sulton Jaloliddinning hayoti va uning mo’g’ul istilochilari bilan olib borgan qahramonona kurashi, uning Ozarbayjon hamda Iroqdagi faoliyati va nihoyat, fojiona halokati hikoya qilinadi.

“Siyrat as-sulton” asarining, ayniqsa, 1224-1231 yillar voqealarini o’z ichiga olgan boblari noyob va muhim ilmiy qimmatga ega, chunki bayon etilgan voqealarning ko’pchiligida muallifning shaxsiy ishtiroki ko’rinib turibdi.

Nizomi Aruzi Samarqandiy (XI asrning 90 yillarida tug’ilgan - ?)ning “Majma’ al-g’aroib” (“Ajoyibotlar majmuasi”) yoki “Chor maqola” nomi bilan mashhur bo’lgan asar muallifidir. Asar 1156 -1157 yillarda yozilgan bo’lib, to’rt qismdan iborat: 1) dabirlar (kotiblar) va dabirlik hunari haqida; 2 ) she’riyat ilmi va shoirning qadr-qiymati xususida; 3) sayyoralar haqidagi ilm va munajjimlar haqida; 4) tibb (meditsina) ilmi va tabiblarga pand-nasihatlar.

Birinchi qismda qoraxitoylar bilan Sulton Sanjar o’rtasida 1141 yilning 9 sentyabrida Samarqand atrofida bo’lgan urush, qoraxitoylar bilan Xorazm, shuningdek, Sulton Mahmud G’aznaviy bilan Movarounnahr hukmdori Qoraxoniy Bug’roxon Muhammad (1033-1056 yillar atrofida vafot etgan) o’rtasidagi siyosiy munosabatlar, qoraxitoylar istilosi arafasida Buxoro sadrlarining umumiy ahvoli haqida qisqa, lekin qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

Asarning ikkinchi qismida, qoraxoniylar davrida Movarounnahrning adabiy va madaniy hayotiga oid ma’lumotlar bor. Xullas, bu asar O’zbekistonning X-XI asrlardagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotini o’rganishda ma’lum ahamiyatga ega bo’lgan manbalardan biri hisoblanadi.

Abu Sa’id Abdulxay ibn Zaxxok ibn Mahmud Gardiziy (XI asr)ning “Zayn ul-axbor” (“Tarixlar bezagi”), asosan qadim zamonlardan islomiyatdan avval o’tgan qadimgi Eron podsholari davridan to 1041 yilgacha, ya’ni g’aznaviylardan Sulton Mavdud (1041-1051 yy.) bilan Sulton Muhammad (1030-1031; ikkinchi marta 1041 y.) o’rtasida, ya’ni 1041 yili Dinovarda bo’lgan urushgacha Xurosonda bo’lib o’tgan voqealar haqida hikoya qiladi. Asarda, ayniqsa, Xurosonning arab istilosidan 1041 yilgacha bo’lgan tarixi boshqa asarlarga qaraganda kengroq yoritilgan. Asarda rumliklarning madaniyati, turli halqlarning diniy marosimlari va yil hisoblari, O’rta Osiyoning turkiy aholisi va Hindiston haqida degan boblardan iborat. Gardiziyning ushbu asari Xuroson va O’rta Osiyoning arablar istilosidan to XI asrning o’rtalarigacha bo’lgan siyosiy tarixini o’rganishda muhim o’rin tutadi.

Faxriddin Muborakshoh Marvarudiy. (XII asr ikkinchi yarmi XIII asr boshlari). O’zining mashhur “Tarixi Muborakshoh” (“Muborakshoh tarixi”) asarini yozgan.

Asar 136 qism (shajara)dan iborat bo’lib, unda Muhammad payg’ambar, xulafayi Roshidin (Abubakr, Umar, Usmon, Ali), ansorlar, sahobalar, Suriya hukmdorlari, Yaman podsholari, G’assoniylar, arablarning “johiliyat” zamoni, ya’ni islomiyatdan avval o’tgan shoirlar, sahobalar orasidan chiqqan shoirlar, Ajam podsholari (Peshdodiylar, Kayyoniylar, Ashkoniylar, Sosoniylar), Ummaviylar, Abbosiylar, Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, G’aznaviylar va G’uriylar tarixi bayon etilgan.

Asarning biz uchun qimmati shundaki, unda Turkistonning sarhadlari va Turkistonda ishlab chiqariladigan mol va matolar, ularning xorijiy mamlakatlarda e’tibor qozongan navlari, turk qabilalari va urug’lari, ularning tili va madaniyati (yozuvlari, urf-odatlari) haqida boy daliliy

ma’lumotlar keltiriladi.

Abul-Fazl Bayhaqiy (995-1077) “Tarixi Oli Mahmud” (“Sulton Mahmud xonadonining tarixi”) yoki “Jome’ fi tarixi Oli Sabuqtakin” (“Sabuqtakin xonadoni tarixidan hikoyalar majam’si”) nomli asarlari

bilan mashhur “Tarixi Oli Mahmud” asari 30 jilddan iborat bo’lgan. Lekin bizgacha uning kichik bir qismi etib kelgan xolos. Bu qismlar Sulton Mas’ud (1030-1041) hukmronligi davri tarixini o’z ichiga olgan va “Tarixi Mas’udiy” nomi bilan ham ma’lum. “Tarixi Mas’udiy” muallif o’zi ko’rgan va ishonchli kishilardan eshitgan ma’lumotlar, shuningdek, hukumat mahkamalarida saqlanayotgan rasmiy hujjatlar asosida yozilgan. Asar daliliy hujjatlarga boyligi, voqealarning chuqur va atroflicha bayon etilishi va nihoyat, zo’r badiiy mahorat bilan yozilganligi bilan boshqa tarixiy asarlardan farq qiladi. Asarda Sulton Mahmud davrida G’aznaviylar saltanatining ijtimoiy-siyosiy ahvoliga keng o’rin berilgan. Bundan tashqari asarda Safforiylar, Somoniylar, Saljuqiylar tarixiga oid muhim ma’lumotlar ham bor. Ayniqsa, G’aznaviylar bilan Xorazm, Saljuqiylar hamda Qoraxoniylar davlati o’rtasida bo’lgan siyosiy munosabatlar haqida qimmatli ma’lumotlar ko’p.

Alouddin Otamalik Juvayniy (1226-1283) Mo’g’uliston, O’rta Osiyo, O’zbekiston hamda Eronning XIII asrdagi ijtimoiy-siyosiy tarixidan hikoya qiluvchi “Tarixi Jahonkushoy” (“Jahongir (Chingizxon) tarixi”) nomli shoh asari bilan shuhrat topdi. Asar 1260 yilda yozib tamomlangan.

Asar uch qismdan iborat: 1) Mo’g’ullar; ularning Chingizxon (1246-1249) davrigacha, shuningdek, Jo’chixon, Chig’atoyxon va avlodlarining tarixi; 2) Xorazmshohlar va Xurosonning mo’g’ul hukmdorlari davridagi (1258 yilgacha) tarixi; 3) Eronning 1256-1258 yillardagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, shuningdek, Ismoiliylarning diniy-harbiy uyushmasi va Ismoiliylar davlati (1090-1258 yy.) tarixi.

O’rta Osiyo va O’zbekiston tarixi uchun bu asarning I-II qismlari alohida qimmatga ega. Asarning Xorazm va Xorazmshohlar tarixiga oid (II qism), Movarounnahr va Sharqiy Turkiston tarixi, shuningdek, Mo’g’uliston haqidagi xabarlar asosan muallifning bu mamlakatlarga qilgan sayohatlari vaqtida to’plangan ma’lumotlar asosida yozilgan.

Hamdulloh Qazviniy (ibn Abu Bakr ibn Ahmad ibn Nasr Mustavfiyi (1281-1350)ning “Tarixi guzida” (“Saylangan tarix”) umumiy tarix yo’nalishida yozilgan bo’lib, unda qadim zamonlardan to 1330 yilgacha Eron va qisman O’rta Osiyoda bo’lib o’tgan voqealar bayon etilgan. Asar muqaddima (fotiha) va olti bobdan iborat: 1) payg’ambarlar va avliyolar; 2) islomiyatdan avval o’tgan Eron podsholari; 3) Muhammad payg’ambar, xalifayi Roshiddin, Ummaviylar va Abbosiylar tarixi; 4) Abbosiylar davrida Eron, Afg’oniston va O’rta Osiyoda hukmronlik qilgan sulolalar: (Safforiylar, Somoniylar, G’aznaviylar, G’uriylar, Daylamiylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Mo’g’ullar va b.); 5) islomiyat davrida o’tgan shayxlar, olimlar va shoirlar; 6) Qazvin shahrini tarixi.

Asar Eron, O’rta Osiyo hamda O’zbekistonning XIII-XIV asrning birinchi yarmidagi tarixini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jamol Qarshiyning “Al-Mulhaqot bi-s-Suroh” (“Suroh lug’atiga ilova”) asari ham nodir asarlar sirasiga kiradi. Unda Xorazmshohlar davlati tarixi, Chingizxon istilosi haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud. Faxriddin Abu Sulaymon Dovud ibn Abu-l-Fazl Muhammad Banokatiy( ? - 1330)ning jahon tarixini o’z ichiga olgan “Ravzat uli-l-albob fi tavorix al-akobir va-l - ansob (“Akobirlar va asil (kishilar”) tarixi xususida oqillar bog’i”) nomli asari bilan mashhur bo’ldi. Asar muqaddima va to’qqiz qismdan iborat: 1) Odam Atodan to Muso payg’ambargacha o’tgan davrda yashagan payg’ambarlar; 2) Qadimiy Eron podsholari; 3) Muhammad payg’ambar, xalifayi Roshiddin, imomlar, Ummaviya va Abbosiya xalifalari davri; 4) Abbosiylar bilan hamasr bo’lgan sulolalar (Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, Xorazmshohlar va b.); 5) yahudiylarning payg’ambarlari va podsholari; 6) xristianlar va franklar tarixi; xristianlarning dini va e’tiqodi, Armaniston va frank mamlakatlarining geografik holati; 7) Hindiston tarixi, hindlarning dini va e’tiqodi; 8) Xitoy tarixi va uning geografik holati; xitoylarning dini va urf-odatlari; 9) Mo’g’ullarning tarixi va ularning istilochilik yurishlari. Xullas, Banokatiyning mazkur asari O’rta Osiyo va O’zbekistonning XIII-XIV asrning birinchi choragidagi tarixi, geografik holati va aholisining turmushini o’rganishda muhim manbalardan hisoblanadi.

Mirxond (Mir Muhammad ibn Sayyid Burxonuddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Mahmud al-Balxiy) (1433-1498)ning “Ravzat us-safo fi siyrat al-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo” (“Payg’ambarlar, podsholar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bog’i”) nomli asari bo’lib, unda dunyoning yaratilishidan to 1523 yilga qadar O’rta Osiyo, Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida, shuningdek, O’zbekistonda bo’lib o’tgan ijtimoiy- siyosiy voqealar keng bayon etilgan bo’lib, Xorazmshohlar davlatining turli jihatlari bayon etiladi. Asar muqaddima, xotima va etti jilddan iborat. Birinchi jildda dunyoning “yaratilishi” to Sosoniy Yazdijurd III (632-651) davrigacha o’tgan tarixiy voqealar; ikkinchisida Muhammad payg’ambar va xalifayi Roshidin davrida bo’lib o’tgan voqealar; uchinchi jildda o’n ikki imom tarixi; to’rtinchi jildda Abbosiylar bilan zamondosh sulolalar; Ummaviya va Abbosiya xalifalari; beshinchi jildda Chingizxon va uning avlodi; oltinchisida Amir Temur va uning zamonidan to Sulton Abu Said o’limi(1469 y.)gacha bo’lib o’tgan voqealar; va nihoyat, asarning ettinchi jildida Sulton Husayn va avlodining tarixi (1523 yilgacha) bayon etilgan. Asarning I-V jildlari kompilyatsiya bo’lib, mustaqil ahamiyatga ega emas. Uning so’nggi qismlari, xususan, VI jildning bir qismi va VII jild asl nusxa bo’lib, XV asrning ikkinchi yarmi tarixini o’rganishda katta ahamiyatga ega.

“Mujmal at-tavorix va-l-qissas” muallifi noma’lum. Qisqa tarzda yozilgan umumiy tarixga oid asar. Qadim zamonlardan (islomiyatdan avval o’tgan Eron podsholari zamonidan) to o’g’uzlar tomonidan Sulton Sanjarning asir olinishi (1153 yili) va Nishopurning vayron etilishigacha bo’lgan davr ichida Eron va qisman Osiyoda yuz bergan ijtimoiy- siyosiy voqealar haqida hikoya qilinadi. Asar 1153 yildan keyin yozilgan. Asarning ilmiy qimmati shundaki, unda turkiy xalqlar, ularning kelib chiqishi haqidagi rivoyatlar, turklarning vatanlaridan biri Issiqko’l haqidagi boshqa manbalarda uchramaydigan ma’lumotlar keltirilgan.

Bu asarlar umumiy tarix yo’nalishida yozilgan bo’lib, Xorazm tarixiga oid ma’lumotlari ham bor. Mavzuning manbasi boy. Davlatchilik tarixini yoritish uchun turli tillarda bitilgan tarixiy asarlar ham ko’p. Ularda jamlangan hujjatlar, ma’lumotlar Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, o’zbeklarning davlatchiligi qadimiy tarix va uzoq taraqqiyot yo’liga ega ekanligidan dalolat beradi.

KO`P O`QILGANLAR