Mahmud Zamaxshariy (1075-1144)
Allomaning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy bo‘lib, u hijriy 467 yil rajab oyining 27-kuni (1075 yil 19 mart) Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi ko‘p vaqtini Qur’on tilovati-yu namoz o‘qish bilan o‘tkazar, Zamaxshardagi masjidlardan birida imomlik ham qilgan.

Og‘ir illat tufayli alloma yoshligidan oqsoq bo‘lib qoladi va shundan so‘ng otasi uni og‘ir mehnatga majburlamay, madrasaga beradi. Zamaxshariy ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoqi tufayli arab tili va adabiyoti, diniy ilmlar va xattotlikni puxta egallaydi.

Uning buyuk olim bo‘lib yetishishida ustozlarining ham hissasi beqiyos. Xususan, Abu Mudar ibn Jarir ad-Dabbiy al-Isfahoniydan til, lug‘at va adabiyotdan ta’lim olgan. Bag‘dodda shayxulislom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Soad ash-Shaqqoniy, Abu Xattob ibn Abul Batarlardan hadis ilmini o‘rgangan bo‘lsa, Makkada nahv va fiqh bo‘yicha Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat al-Yabiriy al-Andalusiy, shayx as-Sadid al-Xayyatiylardan saboq olgan. Lug‘at ilmini esa Abu Mansur Mavhub abn al-Xodar al-Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o‘rgangan.

Olim ko‘p asarlarini Makkadaligida yozgan. Hayotida chuqur iz qoldirgan bu zaminda Zamaxshariy besh yilga yaqin yashagan. Allomaning Jorulloh (Alloh qo‘shnisi) degan sharafli ta’rifga sazovor bo‘lishi shundan. Islom olamida yirik olim darajasiga ko‘tarilgan Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa shaharlarida ham juda ko‘p shogirdlari bo‘lgan. U qarindosh-urug‘larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, uylanmagan. Buyuk alloma hijriy 538 yilda arafa kechasi (1144 yil 14 aprel) Xorazmda vafot etgan.

Zamaxshariy arab tili grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jo‘g‘rofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid 50 dan ortiq asarlar yozgan. Jumladan, uning «Mufassal» asari arab tili grammatikasiga oid kitob bo‘lib, nafaqat Sharq, balki G‘arbda ham juda mashhur edi. Aynan shu asar tufayli olimlar: «Agar shu turk (Zamaxshariy) bo‘lmaganida edi, arablar o‘z tillari nahvi (grammatika)ni unutib yuborgan bo‘lardi», deb aytishgan.

Olimning «Muqaddamul adab» asari tilshunoslikka, «Asosul balog‘at» kitobi nutq madaniyatiga, «Atvoquz zahab fil Mavoiz val xutab» risolasi didaktikaga, «Rabiul abror va nususul axyor»i adabiyot, tarixga bag‘ishlangan.

Zamaxshariyning «Al-Kashshof an haqoiqit tanzil va uyunil aqovil fi vujuhit ta’vil» asarini alohida tilga olmaslikning iloji yo‘q. Asar Qur’onning sharhi, ya’ni tafsirdir. Asarning yozilish turi murakkabligiga qaramay, butun jahonda katta shuhrat qozongan. Hatto shu kunlarda ham Qohiradagi «Al-Azhar» universiteti talabalari «Al-Kashshof»ni alohida o‘quv kursida o‘rganadilar. Chuqur bilimi, zukkoligi va boshqa sifatlari tufayli alloma «Arab va ajam ustozi», «Xorazm faxri» deya tilga olinadi.

qadriyat.uz
“Irfon” taqvimining 2010 yil, 4-sonidan olindi.

KO`P O`QILGANLAR