Sayid Muhammadxon (1822-1865)
Sayid Muhammadxon davrida Xivadagi Qo’hna ark saroyidagi ko’rinishxona qayta tiklangan va uning shipi, ayvon ustuni xorazmcha naqshlar bilan bezatilgan. 1859-yilda Xivaning Dishan qal’a qismida, Nurullaboy bog’ida yangi ko’rinishxona qurib bitkazilgan.

Ogahiy “Gulshani davlat” tarixiy asarida Sayid Muhammadxonning xonlik davrini ta’riflagan. Sayid Muhammadxon xonlikni boshqarishda boshqa davlatlar, ayniqsa, Rossiya bilan munosabatlarida o’zini mustaqil va teng huquqli davlat hukmdori sifatida tutgan.

Muhammad Aminxonning halokatidan keyin Xiva xonligi taxtiga bir yilda ikki xon kelib ketdi, 1855 yilgi turkmanlarning tajovuzini daf qilgan shahar ahli qattiqqo’l, mustahkam irodali, adolatparvar hukmdorni qo’msardi. Shahar ahli turkmanlarning tajovuzidan va shaharni vayron bo’lishidan asrab qolgan amaldor Yoqub mehtarni hurmat qilgan. Shu davrda Yoqub mehtarni tashabbusi va jonbozligi bilan taxtga Muhammad Rahimxonning 33 yashar o’g’li Sayid Muhammad to’ra o’tqaziladi. Uning hukmronligi boshlanishidan oldin qoraqalpoqlar Qo’ng’irotda Xivadan mustaqil xonlik tashkil etib, shu davlat taxtiga Zarliqxon degan qozoq to’rasini xon ko’tardilar. Qo’ng’irotdagi qoldauli urug’idan chiqqan Ernazar Olako’z (1806-1856) boshliq qoraqalpoqlar 1855 yil noyabrida Xiva xoniga qarshi qo’zg’olon boshladilar. Qo’zg’olonni sababi yildan yilga soliqlarning miqdori oshib borayotgani va etishmovchilik kuchayganini pesh qilib xalqning og’irlashgan ahvolidan foydalanib, ularni xonga qarshi kurashga davat etdilar. Bundan xabar topgan xon Ernazarni Xivaga chaqirtiradi va borgandan keyin dorga osishga buyuradi. Ammo u qochishga ulgurib, yurtiga kelgach, qozoq va qoraqalpoqlarni boshqarib turgan 60 nafar biylarni to’playdi. Xalq esa bu elparvar insonga ishongan va uning atrofiga birlasha boshlagandi. Madad so’rab, Rossiyasning Sirdaryo chegarasidagi qo’shin qo’mondoni Ilekey Sulton va Ermuhamad Qosimovlarga xat bilan murojaat qiladi.

Ernazar Olako’z atrofiga barcha o’zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoqlarni urug’-qabilalari birlasha boshladilar. To’planganlarga mang’it Sayipnazarbiy, qipchoq Aliushi Qutliboev, muyten Qutlimurot, keneges Ernazar Qobil o’g’li boshchilik qilardi. O’z navbatida turkmanlar isyonini bostirgan Sayid Muhammadxon Qo’ng’irot xonligini tugatish choralarni ko’ra boshladi. Biylarning sotqinligi natijasida Zarliqxonni Xivaga asir sifatida jo’natdilar. Bu erda unga masxarabozning kiyimi kiydirib, yuziga qora kuya surtib, beliga yog’och qilich osadilar va boshiga qag’ozdan toj kiydiradilar. Shundan keyin oriq eshakka teskari qilib mindirilgan qoraqalpoqlar xoni Ichan qal’a ko’chalarida aylantirilib, sharmanda qilinganidan so’ng, dorga osadilar.

Xiva xoni qo’shinlari qoraqalpoqlar lashkarlariga Xo’jayli yonida bo’lgan jangda qattiq zarba berishi va Ernazarbola bilan Soyipnazarbiyning xon tarafga o’tib ketishi natijasida qo’zg’olonchilar chekinishga majbur bo’lganlar. Natijada Ernazar Olako’z o’z qo’l ostidagi 723 ta xo’jaliqdagi odamlari bilan ketib, Qozoqdaryoning Orol dengiziga quyadigan joyida atrofi handaq bilan o’ralgan baland tepa ustida istehkom qurdiradi. 1856 yil 8 iyunda Mahmud Niyoz yasovulboshi boshchiligidagi qo’shin istehkomni katta kuch bilan qurshab oladi, biroq kuchi etmagandan so’ng, Qo’ng’irot hokimi Qutlimurodni yordamga chaqiradi.

Shu o’rtada qotillar yordamida qo’zg’olon boshlig’ini o’ldirish fikri paydo bo’ladi. Jeleke Cho’nqi degan bir odamga biylik lavozimi va’da qilinadi. U yashirin holda qo’rg’onga kirib, Ernazarni 1856 yil 12 iyun kuni otadi. Yarador bo’lgan botir o’tovga kirib, shu erda jon beradi. Xiva qo’shinlari qo’rg’onga bostirib kirgach esa, Ernazarning jonsiz tanasidan boshini kesib oladilar. Uning og’asi Iskandar va katta o’g’li Xo’ja Xivada dorga osiladi. Sotqinlarga esa lavozimlar va sovg’a-salomlar ulashiladi. Xiva xoni zulmiga qarshi qoraqalpoqlar 8 oy davomida ko’rsatgan qarshiligiga barham berilib, bunda eski tartib qayta tiklanadi.

Xondan norozi bo’lgan turkmanlar isyonini xon jamshidlar yordamida bostirishga erishmoqchi bo’lganini eshitgan jamshidlar xonlik hududidan chiqib ketishlarini xonga bildiradilar. Xon bu isyonchilarni har ikkalasini alohida yakson qilish maqsadida ularning erlariga suv etkazib beradigan arna va kanallarni bekitishni, ularning soqasida lashkar qo’yib ularni jangsiz xonavayron qilmoqchi bo’lgan. 1856 yil iyulida Ko’hna Urganch va Ismamut ota ziyoratgohi yaqinida yashayotgan yovmutlar, Chimboydagi jamshid urug’i vakillarining xon hukumatiga qarshi qo’zg’olonlari avj olib ketdi. Yovmutlar harakatiga Otamurodxon, jamshidlarga esa – Mahtumqulibek boshchilik qilardi. Norozilik harakatlarini bostirish uchun xon qo’zg’olonchilar ustiga katta qo’shin yuborib, ularning qal’a va qishloqlarini xonavayron qildirdi. Shu bilan bir qatorda isyonchilar erlariga suv bermaslik uchun arna va katta ariqlar - yoplarning soqalari ko’mib tashlandi. Ammo ushbu zo’rovonliklar aholining norozilik kayfiyatini pasaytira olmadi. Hijriy 1274 yil (1857) da davlat ishlarini nazoratda ushlash va Yoqub mehtarni faoliyatini jilovlash maqsadida xonlikdagi butun yozishmalar fors tilidan turkiy tilga xonni qat’iy farmoni ila o’tkazilgan, keyinchalik ko’pgina amaldorlarni o’limiga sababchi bo’lganligi, xon oilasini hurmatini joyiga qo’ymagani uchun, xonlikdagi ko’pgina beboshliklarni sababchisi bo’lganligi uchun deya tuhmat qilinib Yoqub mehtar qatl qilinadi. Xonni hukmi ila Rahmatullo yasovulboshi uni Ark darvozasi ichida oqasidan xanjar bilan urib qatl qilgan, shu oqshom Xivadagi og’a-inilari va Hazoraspdagi hokim inisi ham qatl qilingan, Xivada Yoqub mehtar tomonidan Deshon qal’ada Nurullaboy saroyiga yaqin joyda, hozirgi kichik bozor o’rnida kattagina madrasa barpo qilingan, madrasa 1935 yilda buzib tashlangan.

1858 yilda Muhammad Pano ismli arbob boshchiligida Qo’ng’irotda xalq qo’zg’oloni boshlandi. Muarrix Ogahiyning ma’lumotlariga qaraganda Muhammad Pano o’zbeklarning balg’ali urug’idan chiqqan Ollaberdibekning o’g’li bo’lib, Xiva yaqinidagi Kattabog’ qishlog’ida yashardi. Uning tog’asi - To’ramurod so’fi 1810 yilda Xiva xonlari qo’shiniga qarshi urushda halok bo’lgandi. Taqdirning taqozosi bilan er-suvidan ajralgan Muhammad Pano Qo’ng’irotga ketib, u erning hokimi Qutlug’murodni o’ldirdi va o’zini hokim deb e’lon qildi.

1859 yil martda Muhammad Pano yordam so’rab, Orenburg gubernatoriga murojaat qiladi. Natijada Orol dengizi va Amudaryo deltasini o’rganayotgan kapitan A.I.Butakovga qo’ng’irotliklarga madad berish vazifasi topshiriladi. “Perovsk” kemasi va 2 ta barjada kelgan rus askarlari iyun oyida Qo’ng’rotni qamal qilib turgan xivaliklarning 10 ming kishilik qo’shiniga zarba berdi. Ammo Muhammad Panoga bu kamlik qilgandek, ruslardan butun Xiva xonligini bo’ysundirib berishni talab qiladi. Ammo bu xom xayol ekanligi, uning ustiga o’z hukumatidan bunday ko’rsatma olmaganligini aytgan ruslar Qo’ng’irotni tark etadilar.

Keyingi bosqichda Muhammad Pano norozi bo’lgan mulkdor biylarning mol-mulkini tortib oldi, oqsoqollarni o’ldirib, qizlarini yovmutlarga berdi. Natijada o’zbek, qozoq va qoraqalpoq aholiga kulfatlar keltirib, turkmanlarga tayangan Muhammad Panoning mustaqil qoraqalpoq xonligini tiklash uchun urinishlari tanazzulga ketdi. Mahalliy aholining madadidan ajralib qolgan va yovmutlarning cheksiz zo’ravonligiga imkon yaratib bergan qo’zg’olon boshlig’iga qarshi suiqasd uyushtiriladi va u 1859 yil avgustida o’ldiriladi. Xiva xoni tomonidan tayinlangan yangi hokim – Matmurod Qo’ng’irotning xonlikka tobe ekanligini tan oladi.

Qo’zg’olon ayovsizlik bilan bostirilganligiga qaramay Sayid Muhammadxon qoraqalpoqlar erlarini boshqarish tizimini isloh qilishga va ularning qisman erkinligini tan olishga majbur bo’lgandi. Ilgari biylar tomonidan boshqarilgan qoraqalpoq elatlari endi ulardan yuqoriroq lavozimlar hisoblangan – otaliq (Ernazar bola, Soribiy, Orazbiy, Momutbiy), beglarbegi (Soyipnazarbiy) va og’a biyga (Erejep qipchoq) bo’ysundildi. Og’abiy deyarlik yarim xon mavqeiga ega o’lib, uning ruxsatisiz biron bir amaldorning Xiva xoniga murojaat qilishga huquqi yo’q edi. O’ng qirg’oq qoraqalpoqlar erlaridagi ushbu boshqaruv tartibi 1873 yilgacha, so’l qirg’oq hududlarda esa 1919 yilgacha saqlanib qoldi.

Qo’ng’irot bekligida bo’lib o’tgan qo’zg’olon tarixini o’rganishga keyingi yillarda ham katta e’tibor qaratildi. Jumladan, bu haqda akademik S.Kamalov, S.Saymanov kabi qoraqalpoq tarixchilari olib borgan tadqiqotlari xalq xarakatining ob’ektiv va sub’ektiv sabablarini xolisona tahlil qilish va yangi xulosalar chiqarishga imkon berdi. Shu bilan bir qatorda, keksa avlod tarixchilari asarlarida biroz qarama-qarshi fikrlar ham uchraydi. Xususan, professor Otaboy Sodiqov Muhammad Panoning ruslardan madad olish uchun Orenburg gubernatori Katelinga murojaat qilgani va akademik Muhammadjon Yo’ldoshev qo’zg’olon boshlig’i 1857 yilda rus polkovnigi N.I.Ignatev bilan uchrashgan vaqtida butun qo’zg’olonchilarni rus fuqarosi deb qarashni so’raganligi haqida yozadilar.

Ammo ushbu taxminlar biroz shubhaliroq tuyuladi. Holbuki, Xivaga qarab safarga otlangan fligel-ad’yutant N.P.Ignatev 1858 yil 15 mayda Orenburgdan chiqib, Ustyurt orqali 28 iyunda Qo’ng’irotga kelgan. Ruslarni kutib olish uchun Qo’ng’irot hokimi Qutlug’murodbiy yasovulboshi Mahmud Niyoz boshchiligida 100 navkardan iborat faxriy soqchilarni ajratgan. Azbergan ismli qozoq biyining bog’ida biroz dam olgan ruslar, 3 iyulda yana Xivaga qarab yo’lga tushganlar.

N.I.Ignatev boshliq diplomatik missiyasiga berilgan quyidagi topshiriqlar ruslarning josuslik ma’lumotlarini to’plashga jiddiy kirishganligidan dalolat berardi:

Xiva, Buxoro va qozoq cho’llari haqida mumkin qadar ko’proq ma’lumot yig’ish;
• ilgari chizilgan xaritalarni tekshirib, tuzatib chiqish va safar vaqtida kundalik yuritish;
• Amudaryoni har taraflama o’rganish va uning Kaspiy dengiziga quygan eski o’zani to’g’risida ma’lumot to’plash;
• turkmanlar va ularning harbiy kuchlari, qo’shni davlatlar bilan aloqalari, bir xonlikdan ikkinchi xonlikka o’tish yo’llarini aniqlash;
• O’rta Osiyo xonliklari va ularga qo’shni bo’lgan mamlakatlarning harbiy qudrati haqida ma’lumot to’plash va hakazo.

Polkovnik N.I.Ignatevga 117 nafar amaldorlar va olimlar hamrohlik qilishgan. Ular orasida Orenburg harbiy gubernatori diplomatik yordamchisi Galkin, Rossiya Fanlar Akademiyasi a’zolari, sharqshunos P.P.Lerx va astronom O.V.Struve, etnograf E.Ya.Kileveyn, dengiz ofitseri A.F.Mojayskiy, suratkashlar, topograflar bor edilar.

19 iyulda Xivaga etib kelgan missiya a’zolari Sayid Muhammadxon bilan muzokaralar olib bordilar. Ruslar 1842 yil 27 dekabrda Olloqulixon bilan podpolkovnik G.I.Danilevskiy imzolagan shartnomasidagi Rossiya erlariga hujum qilmaslik, ruslarning savdo karvonlaridan olinadigan bojlarni kamaytirish, Amudaryoda Rossiya kemalariga erkin suzib yurish huquqini berish va Xivadagi rus asirlarini ozod qilish kabi talablarni yana qo’ydilar.

Shu vaqtda Orol dengizi orqali Amudaryo deltasiga ruslarning kontr-admiral A.I.Butakov qo’mondonligidagi “Perovskiy” va “Obruchev” nomli 2 ta paroxodi ham kirgan edi. Ammo Qo’ng’irot hokimi rus kemalarining Amudaryoning yuqori qismiga o’tkazishdan bosh tortdi. Shu orada ruslarning noo’rin talablari va qo’zg’olonlar bo’layotgan Qo’ng’irot shahri yaqiniga rus kemalarining kelishi xonga yoqmaganligi sababli muzokaralar natija bermadi. Buxoroda o’tkazgan muzokaralarida biroz yutuqqa erishgach, yurtiga qaytgan N.P.Ignatev Xiva xonligini qurol kuchi bilan egallash taklifini hukumatga tavsiya etgandi.

Tashqi siyosat sohasida Sayid Muhammadxon Buxoro bilan savdo-sotiq va diplomatik aloqalarni yaxshilashga harakat qildi. Shu maqsadda Amir Nasrullo bilan diplomatik munosabatlar yaxshilanib, Buxoro bozorlaridan mahsulotlar sotib olishni yo’lga qo’yildi.

Xon xalq qo’zg’olonlari va amaldorlar noroziliklarni bartaraf etish jarayonida obodonlashtirish va qurilish ishlariga ham e’tibor berdi. 1860-1863 yillarda Amudaryoning o’ng qirg’og’idagi bo’z erlarga suv chiqarilib, yangi serhosil ekin maydonlari ochildi. Soliq tizimi biroz takomillashtirib, to’plangan mablag’lar xarajati ustidan nazorat kuchaytirildi. Xonlikdagi mehtarning soliq daftarini Mahmud devon va qushbegining soliq daftarini Muhammad Yoqub devon yuritardi. Hujjatlardagi ma’lumotlar 23011 xonadon er solig’i sifatida xazinaga 40993 tilla to’laganligi va qazuv ishlariga 210799 kishi jalb qilinganligini ko’rsatadi.

Xivadagi Sirchaliyop yoqasida hashamatli madrasa qurilib, ishga tushirildi. Xon saroyiga taniqli shoirlar, tarixchilar, bastakorlar, tarjimonlar yig’ildi. Arab va fors tilida yozilgan noyob asarlar mahalliy o’zbek tiliga tarjima qilina boshlandi. Shoir Ogahiy Sayid Muhammadxonning hukmronlik davriga bag’ishlab “Gulshan ud-davla” nomli tarixiy asar yozdi.

1863 yil mayida Sayid Muhamadxon haj safaridan qaytgan bir guruh davresh-qalandarlar qatorida Xivaga kelgan venger turkshunos olimi Armeni Vamberi bilan uchrashdi. Keyinchalik o’zining kitoblaridan birida A.Vamberi bunday yozgandi: “Xiva mevalari shunday yaxshiki, ularni Eron va Turkiyadagina emas, balki butun Ovro’pada ham topa olmaysiz, Ayniqsa, Hazorasp olmasi, Xiva nashvotisi va anori, qovunlari hatto Rossiya bozorlarida ham ancha qadrli va qimmat turadi”.

Sayid Muhammadxon 1281 (1864-1865) yilda kasallaligi sababli, 8 yilu 8 oy taxtda o’tirgandan keyin, 43 yoshida vafot qildi.

Muhammad Yusufbek Bayoniy o’zining “Shajarai Xorazmshohiy” asarida Sayid Muhammadxon vafoti to’g’risida to’htalib “Sayid Muhammadxon hazrati qutb avliyo shamsil atqiyo Olavuddin xo’ja eshon alayhi rahmaning javori fayz osorlarida Imorat mavze’ida, o’zlarining qubbai oliylarida madfun bo’ldilar”, - deb yozadi. Muhammad Rahimxon soniy 1884 yilda ona tomondan qarindoshchiligi bo’lgan shabbozlik avliyo Sayid Muhammad Mohiro’yi jahon nomiga va o’zi uchun otasi Sayid Muhammadxon qabriga yaqin joyda hashamatli bir maqbara qurdirgan. Hozir bu joyda bir xonada Sayid Muhammad Mohiro’yi jahon, ikkinchi katta gumbazli xonada Sayid Muhammadxon, Muhammad Rahimxon soniy, Temurg’ozi to’ralarni qabrlari bor. Maqbara 2008 yilda Xiva tuman hokimligini tashabbusi bilan qayta ta’mirlandi. Hozirgi kunlarda Sayid Muhammad Mohiro’yi jahon majmuasi sayyohlarni qalbini rom qiladigan so’lim bir go’shaga aylangan.

KO`P O`QILGANLAR