Bu jarayonda fermerlik harakatini qo’llab-quvvatlash hamda sohada zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish borasida olib borilayotgan qator islohotlar diqqatga sazovor hisoblanadi.
Qo’shko’pir tumanida O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi, viloyat Fermerlar Kengashi hamda bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 24 yillik bayramiga bag’ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O’zbekistonim!” shiori ostida fermer xo’jaliklarida xizmat ko’rsatayotgan mexanizatorlar o’rtasida tashkil etilgan “eng yaxshi mexanizator” tanlovida ham ayni shu jihatlarga e’tibor qaratildi.
Tanlovni O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi raisi, viloyat Fermerlar Kengashi raisi Bahodir Tojiev ochib, barchani eng ulug’, eng aziz bayram bilan qutladi, ishtirokchilarga omad tilab bugungi kunda yurtimizda fermerlik sohasiga qaratilayotgan e’tibor va erishilayotgan yutuqlar to’g’risida to’xtalib o’tdi.
Tadbir ishtirokchilarining aytishicha, O’zLiDePning asosiy elektorati hisoblangan fermerlar faoliyatini yanada yaxshilash, moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ular oldida turgan ayrim muammolarni izchillik bilan bartaraf etish, fermerlar bilan bir safda turib fermer xo’jaligining haqli ravishda yuragi hisoblangan-mexanizatorlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash masalasiga keng e’tibor qaratilib, bu borada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
"Ish faoliyatim davomida bunday tanlovlar o’tkazilganligini eshitmagan edim. O’zLiDeP tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tanlovda ishtirok etib, kasbimiz bilan bog’liq yangiliklardan xabardor bo’ldik hamda hamkasblarimiz bilan o’z tajribalarimizni almashdik", - deydi “Normat ota” fermer xo’jaligi mexanizatori Saparboy Rajabov.
Aytish joizki, O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 24 yilligi bayramini munosib nishonlash, Qo’shko’pir tumanidagi 577 nafar fermer xo’jaliklariga xizmat ko’rsatayotgan mexanizatorlar o’rtasida sog’lom raqobatni yuzaga keltirish, o’z mehnati orqali xalq o’rtasida hurmat qozongan mexanizatorlarni aniqlash, o’z kasbining ustasi bo’lgan mexanizatorlarning tajribasidan foydalanish va ularni ishlarini namuna sifatida boshqalarga ko’rsatish maqsadida o’tkazilgan bu tanlovda ishtirok etgan mexanizatorlar 1-shartda o’z mahoratlarini amaliy jarayonda namoyish qilgan bo’lsa, 2-shartda traktorlarning texnik holati bo’yicha savollarga javob berdi. 3-shartda esa o’z bo’sh vaqtlarida qiziqishlari hamda oilaga bo’lgan e’tiborini so’z orqali ifoda qilishdi.
Tanlov ishtirokchilarini tajribali mexanizatorlar, soha mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati baholab borishdi. Uning natijalariga ko’ra, “Qadam Povar” fermer xo’jaligi mexanizatori Ruslan Jumaniyazov birinchi o’rinni, “G’ozovot” MMTP mexanizatori Ravil To’raev ikkinchi o’rinni, “O’zbekiston” MMTP mexanizatori Shavkat Allayorov hamda “G’azovot” MMTP mexanizatori Shixnazar Odombaev uchinchi o’rinni egalladi.
Tanlov yakunida barcha ishtirokchi va g’oliblarga O’zLiDeP va Fermerlar kengashining diplom va esdalik sovg’alari topshirildi.
manba: kun.uz