Mehr-muruvvatdan yorishar dillar
Xorazm viloyati Xonqa tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli “Umid” muruvvat uyida “Keksalarni e’zozlash – muqaddas burchimizdir” nomli ijtimoiy aksiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholi, ayniqsa, keksalar salomatligini mustahkamlash, ularga hurmat-ehtirom, mehr-muruvvat ko‘rsatish va munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Mamlakatimizning qutlug‘ bayramiga bag‘ishlab turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishda nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etmoqda, – deydi “Adolat” SDP viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Bekzod Rajabov. – Ushbu tadbirlar doirasida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi asosida viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Partiyamiz faollari mahalliy Kengash deputatlari, hamkor tashkilotlar vakillari bilan birga yoshi ulug‘ insonlarning uyiga borib, bayram bilan tabriklamoqda, esdalik sovg‘alari topshirmoqda.

Xayriya tadbiri davomida bemor keksalarga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va boshqa tashkilotlar tomonidan moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatildi. Muruvvat uyida taniqli shoir-yozuvchilar, san’atkorlar bilan bo‘lgan uchrashuv nuroniylarda katta taassurot qoldirdi.

– Muassasada istiqomat qilayotgan yigirmadan ortiq onkologik kasallikka chalingan keksalar salomatligi doimiy nazoratimizda, – deydi “Umid” muruvvat uyi direktori Qadamboy Qodirov. – Yaqinda qurilib, foydalanishga topshirilgan yangi binoda yaratilgan qulay sharoit, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar kasalliklarni erta aniqlash, aniq tashxis qo‘yish va samarali davolashda qo‘l kelmoqda. Nuroniylarimiz davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan minnatdor.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA

KO`P O`QILGANLAR