Xorazm xalfachilik san’ati
Xorazmda savodxon, gapga chegan, ayni paytda xonandalik qobiliyatiga ega bo’lgan zukko ayollarni “xalfa” deb yuritishadi. Ushbu atama arabcha so’z bo’lib, uning ma’nosi shariat aqidalarini yaxshi biluvchi, o’qimishli kishi tarzida shakllangan.

Xalfa qo’shiqlari xalq ruhini, xalq orzu-armonlarini yorqin aks ettirib, odamlar yuragiga ta’sir etib xususan ayollar tomonidan ijro etiladigan san’at turi. Aynan xalfa qo’shiqlari mehnatkash ommaning ozodlik va baxt uchun ko’rashida madadkor bo’lib, xalqning dardi ayniqsa, ayollarning hayoti, noxaklik, ayollarning manfaati kuylangan, g’oyalarni jonli gavdalantirib sodda, ravshan til bilan kuylarga solib badiiy shaklda tarannum qilgan janrdir.

Har bir maxalliy uslub o’z xususiyatlari va an’analariga ega. Faqat Xorazm mahalliy uslubiga xos bo’lgan xalfachilik san’at turi an’analari esa uzoq davrlar mobaynida shakllangan bo’lib, ular xalqimizning turli sharoitlardagi turmushi, mehnat mashg’ulotlari marosim va urf-odatlar jarayoni bilan uzviy bog’liq holda yuzaga kelgan.

Tarixiy manbalardan bizga ma’lumki, musiqa san’ati keng doimiy rivojlanishda albatta, markaziy shaharlar muhim ahamiyat kasb etgan. O’z-o’zidan ma’lumki, fan, adabiyot san’at va madaniyat taraqqiyotiga har tomonlama e’tibor diqqat markazida bo’lgan. Toshkent, Fargona, Buxoro, Xorazm ijrochilik maktablari vujudga kelgan.

Keksalarning bergan ma’lumotiga qaraganda qadimiy davrlardan Xorazmda “Qizil gul” bayrami o’tkazilgan, bu bayramda qo’buz chala olmaydigan, qo’shiq ayta olmaydigan, o’yinga tushmagan qiz bo’lmas ekan. “Qizil gul” bayrami XX asrning 20- yillarigacha bahor bayrami sifatida nishonlangan.

Uzoq davrlardan buyon Xorazmdagi to’y, sayl, aza marosimlarida xotin-qizlar davrasida “xalfa”lar san’ati ijodi ma’lum bo’lib kelgan.

Xorazmda savodxon, gapga chegan, ayni paytda xonandalik qobiliyatiga ega bo’lgan zukko ayollarni “xalfa” deb yuritishadi. Ushbu atama arabcha so’z bo’lib, uning ma’nosi shariat aqidalarini yaxshi biluvchi, o’qimishli kishi tarzida shakllangan.

Xalfalar faoliyatida o’z ma’nosini aks ettiruvchi xususiyatlari ham mavjud. Chunki, diniy mavzularga oid ma’lumotlarni bilish va xonandalik qobiliyati xalfalar ijodida ma’lum darajada aloqaga ega.

Bir vaqtlar zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” ni o’qib ularni xotin-qizlar davrasida targ’ib qilgan ayollarni ham “qalpa” deb yuritishgan. Biroq bu o’qimishli ayollar faqat diniy mavzudagi kitoblarni targ’ib qilish bilan kifoyalanmasdan, buyuk shoirlar asarlarini, shuningdek, kitobga ko’chirilgan xalq dostonlarini ham kuyga solib o’qishgan va xotin-qizlar dilini xushnud qilib kelganlar.

Xorazmda ayol qo’shiqchilar “xalfa” deb yuritiladi, ular faqat ashula aytish bilan cheklanmaganlar, chunki xalfalar san’atning ko’p turlaridan xabardor bo’lganlar, ular xotin-qizlar o’rtasida rang-barang xalq qo’shiklari, mumtoz ashulalari, shoirlarning g’azallarini va oshiqlik dostonlaridan parchalar kuylashgan, diniy mavzuda suhbatlar qilishgan. Xalfalar bu davrada asosan xalq dostonlarini o’qish bilan birga ularni musiqa jo’rligida maromiga etkazib kuylab ham beradilar.

Qadimiy Xorazm xalqi O’rta Osiyoda o’ziga xos yuksak madaniyati bilan katta iz qoldirgan. Xorazm san’atkorlarining qadim zamonlarga borib taqaladigan nafis san’ati ko’p asrlar davomida sayqal topib ommani o’ziga jalb qiladigan sehrli kuchga aylanadi va xalq tarixi bilan bog’liqdir.

Ma’lumki, xalq bayramlarida oila marosimlari bilan bog’liq to’y va tomoshalarda, urf–odatlarda va sayillarda musiqa jo’rligida qo’shiq, raqslar ijro qilingan. Deyarli 3000 yillik tarixga ega muqaddas “Avesto”kitobida (xususan uning “Yashta” va “Vispart” bo’limlarida) qadim Xorazm san’ati, to’y va marosimlari haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

Xorazmda olib borilgan arxeologiya va etnografiya ekspeditsiyalari natijasida bu hududda eramizdan avval VI-V asrdayoq an’analar tarkib topganligiga oid ma’lumotlar mavjud. eramizdan avvalgi IV asr Jonbosqal’a I-IV asr To’proqqal’a qo’rg’onlari ichida olovxona borligi va u erda tantanalar o’tkazilganligi aniqlangan. Qadimgi Xorazmshoxlarning Afrigiylar davrigacha bo’lgan qarorgohi To’proqqal’ada “Shoxlar zali”, “G’alaba zali” “Raqsga tushuvchi niqoblar zali” borligi aniqlangan.

“Raqsga tushuvchi niqoblar zali”da topilgan sur’atlarda sozandalar qo’llaridagi arfa, ikki tomoni qum soatiga o’xshash nog’ora, ikki torli dutor aks ettirilgan. Ushbu dalillarda islomgacha bo’lgan davrda madaniyat, san’at, kuy, qo’shiq, doston ham ma’lum darajada rivojlanganligidan darak beradi.

Eramizning V- VI asrlarida Xorazmda turmush va siyosiy hayot keskin sur’atda o’zgardi. Bu taraqqiyot o’sha davrdagi Xorazm hukumdori sur’ati tushirilgan tangalarda ham o’z aksini topdi. Siyovushni otga mingan tasviri tushirilgan tangalar islomgacha bo’lgan davrga oid. Siyovush tasvirining old tomonida musiqachi ayol mutriba san’atkorga xos kiyimlarni kiyib olgan go’zal malika sifatida tasvirlvngan. Tangachalardagi tasvir islomgacha bo’lgan davrda ayollar musiqa chalish, qo’shiq kuylash, raqsga tushish san’atlarini mukammal o’rganib olib, uni ko’pchilik oldida namoyish etganini tasavvur qilishimizga asos bo’ladi.

Islom dini kirib kelgach Xorazmda musulmonchilik urf odatlariga moslashgan xalfachilik, dostonchilik hamda shu tarzda bizgacha etib kelgan uslublar joriy etila boshlandi. Shariat asoslarini targ’ibot qiluvchi har xil qissalar, qo’shiqlar, xikoyalar, dostonlar nomalardan “Bobo Ravshan”, “Payg’ambarlar hikoyati”, “Sultonbobo xikoyati”,”Merojnoma”, “Yusuf va Zulayxo”,” Juhud o’g’lon” kabi musiqiy jixatdan boy dostonlar yaratilib keng tarqaldi.

Tarixiy manbalarda yozilishicha Afrigiylar davri VI-VIII asrlarda ko’p elatli turk xalqlarining o’g’iz qabilalari Markaziy Osiyo tekisligi, Sirdaryoning quyi oqimi va Orol bo’ylarida yashaganlar. Keyinchalik o’g’iz tillari tarqalgan bo’lib, shu bilan birgalikda musiqa madaniyatining turlari, shuningdek xalfa janri ham rivojlanadi. Xorazmda soz (garmon) tor, santur, bulamon, zang, daf, qayroq, cholg’ulari hamda ularni nomlanishi, shu bilan birgalikda ”Lazgi”, “Sadri gusfand”, “Orazi bom”, “Ganji Qorabog’”, “Norim-norim” kabi Xorazmda xozirgacha saqlanib kelayotgan kuy, raqs va qo’shiqlar nomlari kelib chiqishining tub sabablaridan biri Eroniy va Sosoniy sulolasi xalqlarining tarixan uzun madaniy yaqin aloqalari mavjud bo’lganligini ifodasidir.

Keyingi davrda Xorazm madaniyati va san’atining eng yuksak rivojlanish davri bo’ldi, Al Xorazmiy, Al Beruniy, qomusiy olimlar Al Farobiy, Al Roziy, Ibn Sino, Az Zamaxshariy, matematika ilmiga asos solgan Abu Abdullox Muhammad Xorazmiy IX-XIII asrlarda yashab ijod qilganlar va Xorazm san’ati, to’y va marosimlari haqida turli musiqiy janrlar, maqomlar, cholg’uchilar va cholg’u asboblar turlari, ularning nomlari, ashulachilar haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirganlar.

Buyuk ipak yo’li orqali Buxoro, Eron, Turkiya, Hindiston, Astraxan, Rusiya O’rta Osiyo jumladan Xorazm bilan o’zaro aloqalar rivojlandi. Savdo–sotiq, tijorat ishlarini rivojlantirish bilan birgalikda madanyat taraqqiy ettirish borasida xarakatlar bo’ldi. Abdulg’oziy Bahodirxondan keyingi barcha xonlar musiqaga ihlos va ishtiyoq bilan qarashganlar Abdullaxon(1854) g’ijjak va tanburda Sayid Muhammadxon davrida soz va suhbat kechalari uyushtirib o’zi ham dutor va g’ijjakni o’rganib chalgan.

Muhammad Rahimxon soniy Feruz Xorazm adabiyot va san’atini yanada yuqori pog’anaga ko’tardi, uning rahnamoligida mashhur sozanda va go’yandalar etishib chiqdi. Sayil, bayram va tantanalarda Feruzxon ashulachi, sozanda, baxshi, masxarabozlar ko’rikini o’tkazib rag’batlantirgan. Bayramlarda adabiyot va san’atning barcha turlari namoyish qilingan va shu tariqa rivojlangan. Xorazm vohasida ayniqsa Xivada xalfachilik san’ati keng rivoj topgan.

Xotin-qiz xalfalarning bir turi piyola va likobchalarni bir biriga urib undan chiqqan ovozga jo’r bo’lib kuylaganlar shu bilan birgalikda xonanda va sozandalardan iborat xalfalar garmon va doira jo’rligida xalq qo’shiqlari, laparlar, yor yorlar, allalar, dostonlardan parchalar ijro qilganlar. XIX asr oxiri XX asr boshlarida xususan 1895 yildan boshlab garmon cholg’usini xalfalar san’atiga qo’shilishi bilan ularning ijodi yanada yuqori pog’anaga ko’tarildi.

Garmon cholg’u asbobining birinchi ixtirochisi germaniyalik Fridrix Bushman hisoblanadi. 1828 yilda u garmon asbobini ixtiro qiladi, lekin unga cholg’u asbob sifatida qaramaydi Bushman yasagan bu o’yinchoq musiqa asbobi 1929 yilda Kirill Demian qo’liga tushadi va u garmonni takomillashtiradi. 1830 yilda Ivan Sizov tomonidan qayta takomillashtirilib Tula garmoni nomi bilan keng tarqaladi. Natijada Rossiyaning barcha shaharlari shuningdek Qozon, Ozarbayjon va boshqa joylarga tarqalib ketadi Xorazmga garmon cholg’u asbobi savdogarlar orqali kirib kelgan.

Garmonni avval sozchi san’atkorlar ijroda qo’llashgan, keyinchalik garmon xalfalar ijodida etakchi o’rin egalladi. 1936 yilda Xivada garmonchi qizlar ansambli tuzildi uni tuzishda O’zbekiston xalq artisti Gavharxonim Rahimova Toshkentdan kelib tashabbus ko’rsatdi. Unda Onajon Sabirova (Anash xalfa) va Madraxim Sheroziylar hamkorlik qiladilar. Xalfachi qizlar ansambli 1939 yilda Toshkent va respublikamiz bo’ylab gastrol safarda bo’ladi Bu ansamblda Onajon Sabirova (Anash xalfa) Saraxon Ollaberganova, Roviya Otajanova, Reyma Xakimova, O’g’iljon Masharipova, Poshshaxon Matchanova kabi iste’dodli xalfalar xizmati katta. Bundan 50 yil keyin Gavharxonim Rahimova tashabbusi bilan Xivaga kelib Ozod Zaripov rahbarligidagi Xiva shahar musiqa maktabida garmonchi qizlar ansambli tashkil qilindi.

Xalfa san’atining o’ziga xos qirralari zamon talablariga muvofiq shakllangan va rivojlangan. Xorazm vohasida ilgaridan beri davom etib kelayotgan an’anaga muvofiq xalfalar ijod qilganlar. Ular ustoz shogird uslubida o’z ijodlarini biladigan qo’shiq va dostonlarni shogirdlariga o’rgatganlar.

KO`P O`QILGANLAR