Xorazm viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda Qorqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Kompyuterlashtirish markazlari rahbar va mas’ul xodimlari, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi hamda UZINFOCOM Markazi vakillari ishtirok etishdi.
O’quv-amaliy seminarni Xorazm viloyati hokimining o’rinbosari Rajabboy Ruzmetov kirish so’zi bilan ochib berdi.
Xorazm viloyati Kompyuterlashtirish markazi direktori Saidkamol Sadikov “Hududlarda AKTni joriy etish va rivojlantirishda Xorazm viloyati Kompyuterlashtirish markazi tajribasi. Korxona va tashkilotlarda “Uz-KADR” axborot tizimining joriy qilinganligi holati va ijobiy natijalari” mavzuida ma’ruza qildi.
UZINFOCOM Markazi bo’lim boshlig’i Mirsaid Mirmaksudov hududlarda AKTni rivojlantirishga mas’ullarni O’zbekiston Respublikasining “Ochiq ma’lumotlar portali”ga joylashtiriladigan ma’lumotlarga qo’yiladigan texnik talablar bilan tanishtirdi.
Axborot xavsizligini ta’minlash markazi bosh mutaxassisi Boburbek Allaberganov mahalliy davlat hokimiyati organlarida axborot xavfsizligini ta’minlash bo’yicha bugungi kundagi muammolar to’g’risida ma’lumot berib o’tdi.
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi mutaxassisi Husnitdin O’rinov “Elektron hokimiyat” tizimini joriy etishda rivojlangan davlatlar tajribasi bilan o’rtoqlashdi.
Shuningdek, seminar davomida “BiPRO Norma” kompaniyasi menejeri Vahobjon Yakubov, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi mutaxassisi S.Butanov, Xorazm viloyati Kompyuterlashtirish markazi direktori o’rinbosari Xudaybergan Erjanovlar o’zlarining qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, hududlarda AKTni rivojlantirish bo’yicha takliflar ishlab chiqib, O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va manfaatdor tashkilotlarga kiritishga kelishib olindi.
manba: netnews.uz