Xorazm mehnatkashlarining insonparvarlik yordami
Xalqaro hamkorlik jamiyat taraqqiyotida katta ahamiyatga ega. Buni Xorazm vohasi mehnatkashlarining 1920-1924 yillarda ochliq hukm surgan paytlarda Rusiya xalqlariga ko’rsatgan insonparvarlik yordamida aniq ko’rish, tushunish va namuna qilib ko’rsatish mumkin. 1914-1920 yillarda ochlik, urush, ekinning bitmasligi natijasida 20 million odam halok bo’ldi, 16-49 yoshlar orasidagi 4,5 million kishi- nogiron bo’lib qoldi. Bu davrda Rusiya ko’rgan zarar 39 milliard so’m edi. 1920 yilga kelganda milliy daromad 3 baravar kamayib ketib, 1917 yildagi 11 milliard so’mdan 4 milliard so’mga tushib qoldi. Ochlik xavfi kuchaydi.

Markaziy Osiyoning bugungi O’zbekiston, Qozoqiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg’iziston va Qoraqalpog’iston xududida hayot kechirayotgan xalqlar shunday qiyin davrda birodarlik yordamiga intilib, Markaziy Rusiya va Volga daryosi bo’ylarida hayot kechirayotgan xalqlarga tarixiy yordam uyushtirdilar. Buni Xorazm vohasi xalqlarining 1921-1924 yillardagi harakatida yanada aniqroq ko’rish mumkin.

1921 yil 3 avgust kuni To’rtko’l shahrida Amudaryo viloyat ijroiya qo’mitasining majlisi chaqirilib, Turkiston Jumhuriyatidan olingan ochlikka qarshi kurash to’g’risidagi telegramma muhokama qilindi va viloyatning turli tashkilotlarining vakillaridan ochlikka qarshi kurash, yordam uyushtirish viloyag markaziy komissiyasi tashkil qilindi.

Markaziy viloyat komissiyasi shoshilinch ravishda o’zining ish planini ishlab chiqib, unda ochlikka qarshi kurashning juda katta siyosiy voqea ekanini ko’rsatib, murojaatnoma qabul qildi.

Amudaryo viloyat yordam komissiyasi tomonidan shoshilinch ravishda qilinishi zarur bo’lgan ishlar to’g’risida tuzilgan dasturda aniq vazifalar qatorida tubandagilar ko’rsatildi:

1. Tashviqot va madaniy ong, bilim tarqatish maqsadida ikki haftalik marosimlar o’tkazish. Miting, kontsert, spektakllar tashkil qilib, ulardan tushgan daromadni to’laligicha ochlarga yordamga safarbar qilish.

2. Mitinglar asosan volostlarda tashkil qilinishi zarur va ayniqsa bozor kunlari o’tkazish maqsadga muvofiqdir, chunki xalq ommasining o’zini ocharchilikdan qiynalayotganlarga yordam uyushtirishda tashviqot ishlariga tortish va qiziqtirish kerak.

3. Omma orasida mitinglar tashkil qilishda mahalliy tashkilotlarni taklif qilmoq kerak, viloyat ijroiya komiteti to’la ma’noda aktiv ta’sir o’tkazib, mehnatkashlarning bu ishga tortilishiga, hatto viloyat markazidan safarbar qilingan instruktorlarning bu ishga jalb qilinishiga rahbarlik qilish kerak.

Amudaryo viloyat yordam komissiyasi 1921 yil 8 avgustda o’zining birinchi yig’ilishiga to’planib komissiya a’zolari o’rtasidan prezidium sayladi. Prezidium raisi qilib Galkin, sekretari qilib Dunaev saylandilar. Komissiya sostavida Galkin va Dunaevdan tashqari Bekturganov, Biysenov Chermov va boshqalar bor edilar.

Yordam komissiyasining birinchi majlisidayoq, aniq topshiriqlar belgilanib, shu yil 11 avgustdan boshlab ikki haftalik yordam marosimi tashkil qilindi. Bu marosim tezda butun Amudaryo bo’limini o’z ichiga olib yoshu qari, ayolu erkak hammani o’ziga jalb qildi. Chunki asrlar bo’yi o’zaro hamkorlikda yashab kelgan Xorazm vohasining barcha mehnatkashlari barcha qardosh xalqlarga yordam uyushtirishga tayyor edilar.

1921 yil 11 avgustdan 21 avgustgacha, ya’ni 10 kun ichida Shobboz rayoni (hozirgi Beruniy rayoni)da uchta miting tashkil qilinganining o’zidayoq, yordam uchun 191490 so’m pul to’plandi. Lekin bu uchta miting ham rayon markazida tashkil qilingan bo’lsada, tezda bu xabar Shobboz rayonining qishloqlariga uchqunday tarqadi. Shuning uchuk ham qishloqlarda o’z-o’zidan mitinglar boshlanib ketib, Shobboz rayoiining qishloqlaridan 21 avgustgacha 161112 so’m yordam puli to’plandi.

O’z-o’zidan keng ommaviy tus olayotgan bu marosimlar harakati 1921 yil 21 aegustda viloyat markaziy yordam komissiyasining majlisida muhokama qilindi. Viloyat Markaziy yordam komissiyasi volost va aullarni ham tezlik bilan o’z ichiga qamrab olgan bu harakatga boshchilik qilish uchun volost va aullarda ham yordam komissiyalari tashkil qilishga qaror qildi.

Rayon, volost va aullarda yangidan tuzilayotgan yordam komissiyalarining safiga ham alohida e’tibor berilib, komissiyasiga, kam erlik dehqonlar vakillari, partiya tashkilotlari a’zolari, kasaba uyushmasi vakillari, yoshlar guruhlari, ersiz dehqonlar kiritildi.

Amudaryo viloyat ijroiya komiteti viloyat kasaba uyushmasi tashkiloti o’zlarining mas’uliyatli vakillarini safarbar qilib, bu marosimning jangovor ruhda o’tishini ta’minladilar. Qoraqalpog’istonlik qoraqalpoq, o’zbek, qozoq va turkman yoshlari bu marosimda alohida uyushqoqlik bilan ishtirok qildilar.

Amudaryo viloyat partiya, sovet tashkilotlari olib borayotgan tashkiliy ishlar natijasida, turli millat vakillarining o’zaro yaqin hamkorligida qoraqalpoqistonlik mehnatkashlar mo’’jizalar ko’rsatdilar. Amudaryo viloyat sho’roxon volostida o’tkazilgan miting ishtirokchilari kasaba uyushmasi a’zolari o’zlarining bir oylik maoshlarini ya’ni 742491 so’mni ocharchilikdan qiynalayotgan birodarlarga yordamga yuborishga qaror qildilar. Xaqiqatda esa tezda Markaziy yordam komissiya ixtiyoriga bir million so’m yordam puli kelib tushdi.

Xorazm vohasining turli millatga mansub mehnatkashlari va yoshlari shuning uchun ham bu davrda mo’’jizalar ko’rsatdi, demoqchimizki, bu vaqtda Xorazm vohasi xududining o’zida ham iqtisodiy ahvol juda og’ir darajada edi. Bu davr mehnatkashlari ommasi grajdanlar urushi havfidan qutilib, o’z qaddini hali tiklab olabilmagan davr edi. Hali Amudaryo bo’ylab Xorazm jumhuriyati bilan Amudaryo viloyati o’rtasida soqchilar turgan payt hukm surmoqda edi. Ana shunday qiyinchiliklarga qaramasdan Xorazm vohasiking mehnatkashlari yordamga otlandilar.

1918-1920 yillar qonli urushlari natijasida Xorazm vohasidagi 20000 oila o’z yashayotgan joylarini o’zgartirib, to’g’aylarga ko’l o’rtalaridagi orollarga yashiringan edi. 4 ming ayol-qiz bosmachilar qo’lida bandilikda yashardi. 100 ming kishi boshpanasiz qolgan edi.

Xorazm vohasida iqtisodiy ahvolking yanada qiyinlashishiga yana bir sabab bo’lgan narsa, Rusiyaning Markaziy rayonlarida ochliq xavfining tug’ilishi bilan, mahalliy «boylar» o’z g’allalarini sotishdan chetlandilar. Natijada 1921 yil may oyidan boshlab, birinchi zaruriy mahsulotlar narxi 50 foiz qimmatlagan edi. Mehnatkashlarning yordam uyushtirish marosimi kun sayin ommaviy tus oldi.

1921 yil 27 avgustda Turkiston ASSR yoshlar uyushmasining III s’ezdi Rusiyada hukm surayotgan ochlik masalasini ham muhokama qilib, ochlik xavfidan qutilish uchun kurash va yordam uyushtirish mahalliy ahamiyatga ega emas, balki butun mamlakat ahamiyatiga ega bo’lgan muhim masala, deb ko’rsatdi va yoshlarni yordam uyushtirishga chaqirdi.

Turkiston yoshlar uyushmasi o’lka s’ezdi qarorlariga javoban Amudaryo viloyatidagina emas, mustaqil Xorazm respublikasi yoshlari o’rtasida ham yordam uyushtirish ishlari kuchayib ketdi. Tezda Amudaryo viloyat yoshlar tashkilotining majlisi chaqirilib, ochlikka qarshi kurashda viloyat yoshlar tashkilotining vazifalarini belgiladi. Amudaryo viloyat yoshlar uyushmasiga va barcha yoshlariga qarata ochlikka qarshi kurash haqida murojaatnoma e’lon qilindi. Chaqiriq barcha yoshlarni yordam marosimiga otlantirdi. Yoshlar o’rtasidan havaskorlik truppalalari tashkil qilinib, spektakl ko’rsatildi va kontsertdan kelgan mablag’lar ochlikdan qiynalayotganlarga yordamga yuborildi. 1921 yil 16 sentyabrda va 14 oktyabrda ko’rsatilgan spektakllarning har biridan 800000 so’m pul to’plandi. Amudaryo viloyati yoshlar tashkiloti tashabbusi bilan Sho’roxon va Saribiy uchastkalarida tashkil qilingan miting va namoyishlar natijasida 450 ming so’m yordam puli to’plandi.

1921 yil ochlik havfi juda og’irlashib bordi. Uning ustiga shu yili Astraxan guberniyasidan tortib Tatariston jumhuriyati va Perm guberniyasigacha hamma erda qurg’oqchilik bo’lib, don va o’tlar deyarli butunlay kurib qoldi. Bunday falokat Povolje va Priuralening katta xududida oziq-ovqat masalasini yanada qiyinlashtirib qo’ydi.

Uzoq vaktlardan bir-biriga o’rtoq, bir-biriga ko’makdosh, bir-biriga og’a-ini va opa-singil bo’lib kelgan Xorazm vohasining o’zbek, qaroqalpoq, turkman va qozoq mehnatkashlarining yutug’i xalqlar do’stligida ekanligini yaxshi bilardilar.

1920 yil fevralda Xiva xonligida xalq hokimiyati o’rnatilishi bilanoq RSFSR Xorazm vohasining 700 ming kishilik aholisini har hil tovarlar bilan ta’minlash majburiyatini oldi. 1920 yil 13 sentyabrda RSFSR bilan Xorazm jumhuriyati o’rtasida davlat shartnomasi imzolandi. Xorazm jumhuriyati bilan RSFSR o’rtasida 1920 yil 20 noyabrda yangi iqtisodiy shartnoma tuzildi. Xorazm jumhuriyati Buxoro jumhuriyati bilan ham 1920 yil 13 noyabrda shartnoma imzolandi.

Bunday voqealar Xorazm vohasining mexnatkashlari o’zaro aloqalarini mustahkamladi. Xivada revolyutsiya g’alaba qilgandan keyin bir oy o’tmasdanoq Xorazm bilan Amudaryo viloyati o’rtasidagi savdo tartibga solina boshlandi. 1921 yil 25 avgustdan boshlab savdo va boshqa muhim masalalar bilan shug’ullanuvchi shaxslar belgilandi. Shu yili 18 sentyabrda Amudare viloyati Xorazm respublikasidagi RSFSR vakolatxonasiga ma’lum qilib, savdoni keng yo’lga qo’yish masalasini bildirdi. Bu davrda Xorazm bilan Amudaryo viloyati o’rtasida turgan soqchilarning hech handay keragi bo’lmagan narsa ekanligini to’g’ri ko’rsatdilar va ikki o’rtadagi soqchilar olib tashlandi.

Ochlik hukm surayotgan davrda ham Xorazm vohasini sanoat mollari bilan ta’minlab turdilar. 1921-1922 yillar Rusiya va Turkistondan Xorazm jumhuriyatiga 219150 arshin manufaktura, 101200 dyujina jun va oddiy ro’mollar, 65 to’p Buxoro ipagi, 2250 pud kerosin, 1140 pud choy, 10 ming quti bo’yoq va boshqalar keltirildi. Hatto 1921-1922 yillar Xorazm bilan Chorjo’y o’rtasidagi transport harakati va Xiva bozorlarining juda jonlanib ketganini shu davr ro’znomalari o’z sahifalarida yoritgan edilar.

Ana shunday o’zaro aloqalar mustahkamlanib borayotgan bir davrda Rusiyaning Markaziy rayonlarida ochlik havfining hukm surishi xorazmliklarni ham hayajonlantirmasligi mumkin emas edi. Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo’lgan Xorazm jumhuriyati aholisi ham oyoqqa turib, yordamga otlandi. Rusiyada hukm surayotgan ochlik to’g’risida xabardor bo’lgan Xorazm respublikasining mehnatkashlari 1921 yil iyul oyining oxiri, avgust oyining boshlaridayoq Xivada katta miting tashkil qilib, ochlik natijasida Rusiyada yuz berayotgan ahvolni keng muhokama qildilar, respublika aholisiga etkazdilar.

Xivada tashkil qilingan miting ochlikdan qiynalayotganlarga yordam uyushtirish uchun komissiya sayladi. Shu yili iyul oyining oxirlaridayoq Xorazm harbiy inqilobiy soveti yonidagi siyosiy boshqarma xizmatchilarining umumiy majlisi bo’lib; ochlikdan qiynalayotgan gubernalar aholisi uchun bir oylik maoshlarini yuborishga, keyinchalik esa to ochlik tamom bo’lguncha o’z oylik maoshlarining to’rtdan bir qismini yuborib turishga qaror qildilar. Yordam uyushtirishning dastlabki kuni 1921 yil 26 iyuldan boshlangan deb ko’rsatildi.

Xorazm Sovet xalq respublikasining Oliy tashkilotlari tomonidan ko’rilgan shoshilinch tadbirlar natijasida 1921 yil 1 avgustdanoq respublikaning barcha xududiga vakillar safarbar qilinib, keng siyosiy marosimlar boshlab yuborildi. Respublika chekka rayonlariga safarbar qilingan vakillar oldida Markaziy Rusiya aholisiga yordam uyushtirish vazifasi yuklanishi bilan respublika yoshlarini ham oziq-ovqat bilan ta’minlash va ularni maktab va ikternatlarga joylashtirish vazifasi ham yuklandi.

Respublika oldida turgan eng mas’uliyatli vazifalardan biri oziq-ovqat to’plab, armiyani ta’minlab, Vatanni himoya qilib qolish ekanligi ham xalq ommasiga etkazildi. Shu bilan Xorazm respublikasi aholisiga shu narsa ma’lum qilindiki, qardosh xalqlar har qanday qiyin sharoitda ham Xorazm mehnatkashlariga yordam berishga tayyor.

Qardosh xalqlarga hurmat, baynalminallikka sadoqat, xalqlarga yordam ishtiyoqi Xorazm respublikasining o’zbek qoraqalpoq, turkman, qozoq yoshlarini shu qadar aktivlashtirdiki, ularning faoliyati kun sayin oshib bordi, o’zaro hamkorligi ko’chaydi. Tezda Xorazm respublikasining turli xududlaridan Sovet Markaziy tashkilotlari nomiga yordam mablag’lari kelib tusha boshladi.

1918-1920 yillar faollari Ibodulla Ibrohimov, Matyoqub Otajonov, Valentin Nikolaev, Xodi Saydashev, Xivada Ro’zmat Qulmatov, Xonhada Jumaniyoz Abdullaev, Bog’otda Xudoybergan Qurbonov, Madrim Olloberganov, Mang’itda Matmurod Isoev, Bobojon Otaboev, Vais Rahimiy Hazoraspda xizmat qilgan bo’lsalar bu davr harakatlarida 1920 yildan yoshlar uyushmalari a’zolari Qurbon Beregin, Abdulla Abbosov, Polyoz Davlatov, R. Matchanov, Masharip Qoriev (Xivada), Latif Sharipov (Bog’otda), Iso Safoev (G’ozovotda), Nazar Xudaynazarov (Xonqada), Yoqub Aliev (Yangiariqda), Abdulla Bobojonov (Hazoraspda) faol qatnashdilar. Bu davrda kishilar o’rtasidagi munosabat madaniyati ham ancha ustun edi.

Rusiyada ochlikdan qiynalayotganlarga yordam uyushtirishda Xorazm respublikasining Markaziy shahri —Xiva mehnatkashlari katta jasorat ko’rsatdilar. Hatto yordam uyushtirish komissiyasining ishiga shaharning ayol-qizlari ham keng jalb qilinib, katta yutuqlar qo’lga kiritildi.

1921 yil 3 avgustda Xivaning sofdil grajdanlari Xiva siyosiy boshqarmasiga kelib, yordam o’yushtirish bo’yicha konkret topshiriqlar oldilar va 5 avgustda shaharda katta namoyish o’tkazish plani ishlab chiqildi. 4 avgustdan boshlab aniq topshiriqlar olgan shaxslar shahar mehnatkashlari orasida keng tushuntirish ishlarini olib bordi, o’zbek, rus, ukrain va tatar tillaridagi dram truppalar bu ishga zo’r tayyorgarlik bilan kirishdi. Xiva bozorida auktsion—ochiq savdo tashkil qilinib, turli buyumlar sotila boshlandi. Lotereya o’yini tashkil qilinib, lotereya biletlari sotildi.

5 avgust kech soat 6 da Xivada miting tashkil qilindiki, bunga shahar xalqigina emas, shahar atrofidagi qishloqlarning mehnatkashlari ham qatnashib, yordam uyushtirishga o’zlarining tayyor ekanlarini bildirdilar. Mitingga RSFSRning Xivadagi vakolatxonasi xizmatchilari, Xorazm Markaziy Ijroiya komiteti, revolyutsion komitet, harbiy nozirlik xodimlari ishtirok qildilar, nutq so’zladilar. Aka shu mitingning tashkil qilinishining o’ziyoq Xorazm vohasida buyuk baynalmilal kuch mavjud ekanini ko’rsatdi.

Musulmon truppasi musulmon musikasi sadolari ostida Shokirov, Sultonmurodova, Xasanova, Valiev, Samigullin, Sobitov, Kazanskiy, R. Kirgizova, Irmatov va boshqalar ishtirokida kontsert uyushtirsa rus-ukrain havaskorlari «Burlaki» instsenirovkasini, ruscha-ukraincha xor Filimonova va Bikovskiy duetini va ruscha o’yinlarni tashkil qildi, ya’ni shu kuni shaharning ettita joyida 7 guruh havaskorlarning chiqishlari namoyish qilindi. Shu kuni Xiva shahrining mehnatkashlari ochlikdan qiynalayotganlar foydasiga 6 million so’m yordam uyushtirdilar. Xalq ommasini uyushtirshda, o’yinlar tashkil qilishda Xorazm yoshlarining faoliyati g’oyat darajada katta bo’ldi.

Xorazm respublikasi partiya, sovet tashkilotlari bu siyosiy marosimning juda katta ko’tarinkilik bilan keng quloch yoyishini ko’rib, 1921 yil 16 avgustda Xiva shahridagi RSFSR vakolatxonasi yonida Markaziy yordam Komitetini tashkil qildilar va bu xaqda respublikaning barcha tashkilotlarini va aholisini xabardor qildilar. Xiva shahridan boshlangan bu harakat tezda Xorazm respublikasining barcha xududlaridagi o’zbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq mehnatkashlarini to’lqinlantirib yubordi. Barcha erda yordam namoyishlari o’tkazila boshlandi.

Xorazm respublikasining eng chekka rayoni Qo’ng’irot aholisi ham Rusiyaga ko’rsatilayotgan yordamning tashabbuskorlaridan bo’lib maydonga chiqdi. 1921 yil Xorazm respublikasida ham ahvol yaxshi emas edi. 1918-1920 yillar voqealari natijasida ancha qiyinchiliklarga duch kelib, o’n minglab oilalar o’z o’tirgan joylarini tashlab boshqa joylarga ko’chdi. Ana shunday ko’chib yuruvchilarning ko’pchiligi Qo’ng’irot, Shumanay va Xo’jayli kabi chekka rayonlarga to’g’ri kelardi. Shumanay markazida 3 mingdan ortiq oila bo’lgan bo’lsa, 1920 yilga kelib bitta ham oila qolmagandi. Shu paytlarda ham bu xududning aholisi Rusiyaga yordam qilish namunasini ko’rsatdi. Yoyish uchun hech qanday narsasi qolmagan qo’pg’irotliklar Qo’ngirotda joylashgan Xorazm piyoda bataloni jangchilariga va qomandoniga murojaat qilib, jangchilarning har kun qo’ng’irotliklar oilalarida ovqatlanishlarini, oylik maoshlarini esa ochlikdan qiynalayotgan Rusiya mehnatkashlariga yuborishlarini iltimos qildilar. Hatto bu to’g’rida qo’ng’irotliklar Xiva siyosiy boshqarmasiga xat bilan ham murojaat qildilar.

Qo’ngirotda turgan piyodachilar bataloni harbiylari bilan qo’ng’irotlik mehnatkashlar birgalikda olib borgan tadbirlar natijasida qo’ig’irotdan Xiva siyosiy boshqarmasi hisobiga 828 miig so’m mablag’ kelib tushdi.

Markaziy Rusiya xududlarida ochlik xavfi kuchaygan bir davrda u territoriyalardan yuzlab oilalar Xorazm vohasiga birodarlar oilasiga ko’chib kelishlari bilan, Xorazm jumhuriyatiga kelib yuzlab karvonlar bu erda g’alla bilan savdo qila boshladilar. Bu karvonlar qo’shni Qozoqistondan kelib savdo qilishiga xorazmliklar yaqindan yordam berdilar. Xorazm «Izvestiya» ro’znomasi ana shu davrdagi xalqaro munosabatni ta’riflab o’zining 1921 yil 31 avgust sonida bunday deb yozgan edi:

«Xorazmning iqtisodiy ahvoli hozirgi davrda juda og’ir, yosh Xorazm respublikasi hozirgi vaqtgacha er xonavayronligini tuzata olmadi.

Suv toshqini yuz minglagan oilaning 1922 yil hosiligacha zarur bo’lgan mahsulotini honavayron qildi. Ana shunday og’ir sharoitga, diyinchiliklarga qaramasdan, yosh Xorazm respublikasi mehnatkash qozoq xalqiga Qo’ng’irot shaharidan g’alla olib chiqib ketishlariga ruxsat berdi. Qo’ng’irotdan ko’chmanchi mehnatkashlar har kun yuzlab karvon don olib chiqib ketmoddalar. Bu bilan yosh respublika ochlikdan qiynalayotgan qozoq o’rtoqlarini qo’llab-quvvatlamoddalar».

Rusiyaning Markaziy rayonlaridagi mehnatkashlarga yordam uyushtirish kompaniyasi davrida Xorazm vohasida shunday siyosiy voqealar sodir bo’ldiki, bu voqealarning har birisi olam- olam mazmunga ega. Ana shu yordam uyushtirish marosimida ishtirok qilayotgan havaskorlar to’garaklari xorazmlik mehnatkashlarni Ostrovskiy, Andreev, Serafimovich, Gogol, Marshak, Chexov asarlari bilan tanishtirdilar. Sahnaga qo’yilgan asarlar orasida «Revizor», «Dni nashey jizni», «Aybsiz aybdorlar», «Don Juan», «Predlojenie». «Yubiley», «Medved», «Narigi dunyodan kelgan ayol», kabi o’nlab asarlar bor edi.

1921 yil iyul oyida Xiva siyosiy boshqarmasi yonida yakshanbalik o’tkazuvchi Markaziy byuro tashkil qilinib, shu yili 21 avgustda ommaviy ravishda Xorazmda yakshanbalik o’tkazildi. Bu 1920 yildan boshlangan «Mehnat Armiyasi»ning ishi edi.

Rusiyaning Markaziy rayonlarida ochlik xavfi kuchaygan paytda Xorazmga yuzlab mehnatkashlar ko’chib keldilarki, deyarlik har birisi Xorazm vohasi sharoitida bir mutaxassis hisoblanardi. Xorazm «Izvestiya» ro’znomasi 1921 yil 17 avgust sonida: «Keyingi kunlarda siyosiy boshqarmaga 19 ta yangi ishchi keldiki, undan 2 tasi rassom, bittasi pianinochi, bittasi siyosiy xodim va bir nechtasi artist va artistkalardir» — deb yozgan edi. Haqiqatan ham, ko’chib keluvchilar Xorazm xalq xo’jaligi madaniyatining rivojlanishiga katta ta’sir qildilar.

Xorazmda nom chiqargan Ollom eshon va Ro’zimat eshonlar Xorazm aholisiga qarata «Inqilob quyoshi» sahifasida murojaat qilib, ochlikdan qiynalayotganlarga yordam uyushtirishga chaqirib, sovet hokimiyati va islom bir butunni tashkil qiladi, Sovet hokimiyati Islomning do’sti va himoyachisi deb ko’rsatdilar.

Xorazm vohasiga ko’chib kelganlarga yaxshi sharoit hozirlash: yordam uyushtirish marosimining ishini keng yo’lga qo’yish Xorazm vohasi mehnatkashlarining umumiy kuchini birlashtirishni talab qilardi.

1922 yil 14 yanvarda chaqirilgan Amudaryo viloyat partiya komiteti majlisi «Xorazm respublikasi va Amudaryo viloyat xududiga ochlik hukm surayotgan joylardan kelgan birodarlarga yordam uyushtirish masalasini muhokama qilib, bu ishda barcha mehnatkashlarning birgalikda faollik bilan ish ko’rishlarini ta’qidlab o’tdi. Amudaryo viloyat partiya komitetining majlisi tubandagicha qarorga keldi:

«Komissiya raisi S...lovga topshirilsinki, viloyat partiya qo’mitasining tayinlashi bilan bir o’rtoq darhol Xiva shahriga jo’natilsin va u erda RSFSR vakolatxonasining va Xorazm jumhuriyati hokimiyatining mandatini olib Xorazm jumhuryati va RSFSR vakillari bilan birgalikda Qo’ng’irotga va jumhuriyatning va Amudaryo viloyati o’rtasida taqsimlab, viloyatimizga kelishni xohlovchilarni boshlab kelib, barchasini yaxshi sharoitli joylarga joylashtirish belgilansin».

Amudadyo viloyat partiya qo’mitasi hay’ati va viloyat ijroiya ko’mitasi kelgan birodarlarga yordam uyushtirish tartiblari bo’yicha qo’llanma ishlab chiqdi. Ko’rilgan ana shu tadbirlar natijasida Xorazm vohasiga kelgan yuzlab oilalar o’z birodarlari oilalarida o’zlariga madad topdilar.

Ochlikka qarshi kurashda Xorazm reslublikasi yoshlarining faoliyati yanada qudratli kuch bo’ldi. Rusiya mehnatkashlariga yordam uyushtirish ishlari kun sayin rivojlanayotgan bir paytda Xorazm «Izvestiya» ro’znomasi bunday deb yozgan edi: «O’rtoq, agar sen yosh bo’lsang, yoshlarning uyushmasiga bor, shunda sen kelgusi hayotga tayyorlangan bo’lasan. Agar sen ota bo’lsang o’z o’g’lingni yoshlarning uyushmasiga yubor. Agar sen mas’uliyatli vazifalarda ishlayotgan bo’lsang, qanday bo’lmasin yoshlarning uyushmasiga yordam bera olsang, ana shunda sen kelajakni ko’rasan».

«Izvestiya» ro’znomasining shu yili 31 avgust sonida esa yoshlar uyushmasi Markaziy qo’mitasining ko’rsatmalariga asosan joylarda ish yaxshi ketayotganligi, yaqin kelajak uchun plan ishlab chiqilganligi, rayon qo’mitalarini va yacheykalarini tuzish uchun tashkiliy ishlar kuchayib ketganligini xabar qildi. Ochlikka qarshi kurash Xorazm mehnatkashlarining ko’tarinkiligini oshirib yubordiki, ochlik xavfi tug’ilishi bilanoq Xorazmda yakshanbalik o’tkazuvchi Markaziy byuro tashkil qilinib, qator yakshanbaliklar tashkil qilindi.

Xorazm jumhuriyatining deyarlik barcha xududlarida Qizil flotga yordam uyushtirish kompaniyasi ish olib borib, mehnatkashlarning diqqatini shunga yordam berishga jalb qildi. Ana shunday paytda Xorazm yoshlar uyushmasi Harbiy dengiz flotni moddiy tomondan qo’llab-quvvatlashni o’zining sharafli burchi deb hisoblab, Boltiq dengizi flotini otaliqqa oldi.

1923 yil 12 yanvarda chaqirilgan Xorazm yoshlar uyushmasining 1-konferentsiyasida Qizil Flotga yordam uyushtirishni konferentsiyaning kun tartibidagi asosiy vazifalardan biri qilib muhokama qildi. «Konferentsiya ahamiyat bergan masalasi Qizil flotga yordam kompaniyasi o’tkazish bo’lib, bu masalani birinchi o’rindagi ishlar deb hisob etib, Markaziy qo’mita zimmasiga yuklatildi».

Xorazm yoshlari konferentsiyasi o’z ishini tugatishi bilanoq konferentsiya ishtirokchilari joylarga jo’nab ketib Harbiy dengiz flotiga yordam uyushtirish ishlarini qizitib yubordilar, jumhuriyatning barcha xududida yordam uyushtirish kompaniyasi qizg’in ish olib bordiki, bu katta natijalar berdi.

Harbiy dengiz flotiga yordam uyushtirish fadat yoshlarnikigina emas, Xorazm jumhuriyatining barcha mehnatkashlarini ayoqqa turg’izdi. Xorazm yoshlar uyushmasi (XKSM) qoshida Qizil flotga yordam uyushtirish Markaziy Komissiyasi tuzildi. Yordam uyushtirish komissiyasining ishlari esa tez-tez Sovet tashkilotlari majlislarida muhokama qilib turildi.

Xorazm jumhuriyati Markaziy Ijroiya qo’mitasining va Jumhuriyat Nozirlar sovetining 1923 yil 3 fevralda chaqirilgan qo’shma majlisi Qizil flotga yordam uyushtirish to’g’risidagi masalani muhokama qilish bilan yordam komissiyasi faoliyatini ham muhokama qildi.

1923 yil 3 fevralda bo’lib o’tgan bu majlis jumhuriyat miqyosida olib borilayotgan yordam uyushtirish ishlariga ijobiy te’sir qildi. Majlis jumhuriyat miqyosidagi mehnatkashlarga murojaat qilib, oylik maoshlarining bir foizini yordam uchun ajratishga chaqirdi.

Xorazm jumhuriyatining barcha mehnatkashlari Qizil flotga yordam uyushtirish haftaligiga qo’shilib, fahat sovet tashkilotlarining o’zidangina yuz milliard so’m yordam uyushtirildi. Xorazm yoshlarining 1923 yil 1 yanvardan 20 martgacha qilgan ishlari bo’yicha masala qaralganining o’zidayoq Qizil Flotga yordam uchun 150 qorako’l teri, 300 arshin bez, 50 milliard so’m pul yuborilganini, yana yuborish uchun 10 milliard so’m pul, 600 pud bug’doy va boshqa narsalar to’planganliklarini ma’lum qilgan edilar. Yordam uyushtirish shu darajada tashkiliy ko’tarinki ruh bilan o’tdiki, haftalik davomida fahat qo’ng’irotlik yoshlar 7 million so’m yordam puli to’pladilar.

Xorazmlik yoshlarning Qizil flotga yordam uyushtirishdagi faoliyatiga yuqori baho berilib, tashakkurnoma e’lon qildilar.

Xorazm vohasining yoshlari Qizil flotga yordam uyushtirishni qisqa muddatli marosim deb hisobladilar. Qizil Flotga surunkasiga yordam uyushtirib, uni kun sayin mustahkamlashni o’zlariniig oldida turgan asosiy vazifalardan deb bildilar.

Xorazm jumhuriyati yoshlar tashkilotining 1924 yil 19-22 aprellarda bo’lib o’tgan III qurultoyi bosib o’tilgan yo’lga atroflicha baho berish bilan, shu davrda tashkilotning baynalmilal tarbiyaga katta e’tibor berganligini mamnuniyat bilai qayd qildi. III qurultoy kelgusi ishlarda ham baynalmilal tarbiyaga katta o’rin berilishini ko’rsatib o’tish bilan Turkman, qozoq, qoraqalpoq yoshlari orasida ishlamoq to’grisida tezislarini qabul qildi. Xorazm yoshlar tashkiloti ishlarini rivojlantirishda rahbarlik qilib yordam bergani uchun RKSM O’rta Osiyo byurosi sekretarlarini Xorazm «Mehnat nishonlari» bilan mukofotladilar.

Xorazm yoshlar tashkiloti III s’ezdi O’rta Osiyo yoshlar uyushmasi faoliyati to’g’risida keng muhokama yurgizib, o’z ishini ana shu tashkilotlarning ishlari bilan bog’lab olib borishga qaror qildi.

Xorazm vohasi yoshlar tashkilotining o’zbek, turkman, qoraqalpoq va qozoq mehnatkashlari xalqlari do’stligiga katta e’tibor bilan qarash viloyatning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam asos ham solinayotgan edi.

KO`P O`QILGANLAR