“AFRI” suvlari barchaga manzur
Yoz faslida Urganch tumanidagi “AFRI” xususiy korxonasida ishlar yanada avj oladi. Chunki aholiga ekologik toza, sifatli, bejirim qadoqlangan chanqovbosti ichimlik suvlarini tezroq etkazib berish, iste’molchilarning talablariga yuqori darajada javob berish korxonaning har bir ishchi-xizmatchisining shioriga aylangan.

- 2002 yilda 7 nafar ishchi bilan ish faoliyatini boshlagan korxonamizda xozirda 112 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Har yili yoshlar uchun yangi ish o’rinlari yaratiladi. Joriy yil ham 23ta yangi ishchi o’rni yaratildi. Korxonaning asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi, - deydi korxona direktori Ilxombek Allaberganov.

“Afri” xususiy korxonasi mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanib, samarali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlaridan biri hisoblanadi. Yaxna ichimliklar, gazlangan va gazlanmagan toza ichimlik suvlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan ushbu korxonada xorij texnologiyasi asosida 27 turdagi mahsulot tayyorlanadi. – Kollejda taxsil olib yurgan paytimda amaliyotimni shu erda o’taganman va kollejni tugatishim bilan korxonaga ishga joylashdim. Xozirda texnologiya sirlarini puxta egallab shu jamoada mexnat qilayotgan biz yoshlarning safi keng. Yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan juda mamnunmiz, bor kuch-shijoatimiz bilan mexnat qilib iste’molchilarga sifatli maxsulotlar etkazib berishga tayyormiz, - deydi Sayyora Abdullaeva. Korxona mahsulotlari ichki bozorda allaqachon o’z o’rnini topib ulgurgan. Shu bilan birga, korxona jamoasi Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog’iston Respublikasidagi bir qancha savdo korxonalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Korxonada 19 litrlik qadoqlangan tozalangan suvni iste’molchilarga bepul etkazib berish xizmatining yo’lga qo’yilgani mijozlar safini kengaytirishda muhim omillardan biri bo’lmoqda. Bugungi kunda jamoaning bu xizmatidan 5000dan ortiq xonadon hamda tashkilotlar foydalanmoqda.

Korxonaning yana bir e’tiborli jihati shundaki xozirda plastmassa idishlar uchun qopqoqlar xamda PET (polietilentereftalat) kapsulalar xam ishlab chiqarilmoqda.

Shonazar KARRIEV
Muallif olgan suratlar

KO`P O`QILGANLAR