Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida inson manfaatlarini ta’minlash, adliya tizimi idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining samarali faoliyat yuritishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Zamonaviy va milliy arxitektura asosida qad rostlagan ikki qavatli binoda nikoh marosimlarini qayd etish zali, “Oila dorilfununi”, hujjatlarni saqlash va boshqa xonalar zarur jihozlar bilan ta’minlangan. “Bog‘ot ipoteka qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilgan qurilish ishlariga 1 milliard 70 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
– Mamlakatimizda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari uchun zamonaviy va muhtasham binolar bunyod etilayotgani aholiga tezkor va sifatli yuridik xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi tuman FHDYo bo‘limi mudirasi Rajabgul Panayeva. – Binoda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bizni o‘z ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.
Shu kuni Yangibozor tumanida ham fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Yangi “Baxt uyi”da dastlabki yosh oilaning nikohini qayd etish marosimi bo‘lib o‘tdi.
– Nikohimiz yangi ochilgan zamonaviy binoda birinchi bo‘lib qayd etilganidan xursandmiz, – deydi Dilmurod Bozorboyev. – Bizning oilamiz ham xuddi shu binodek mustahkam va chiroyli bo‘lishiga ishonamiz. Yosh oilalarga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so‘zga chiqdi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA