Muzey beshta xonadan iborat bo’lib, aloqa vositalarining 1944 yil birinchi, 1975 yil ikkinchi, 1981-1985 yillar uchinchi, 1995-2000 yillar turtinchi davrlarda foydalanilgan 340dan ziyod turlari va 430dan ortiq eksponat, fotosuratlar hamda konvert va markalar joylashtirilgan. Xullas, har bir xona dizayni o’zgacha uslubda va o’ziga yarasha did bilan bezatilgan.
Muzeyga 1912 yili asos solingan. Shu yili Xiva xonining bosh vaziri Islomxo’janing tashabbusi bilan muzey binosi quriladi va oradan bir yil o’tgach Rossiyadan olib kelingan Morze telegraf uskunasi o’rnatiladi. Morze apparati Chorjuy-Tuyamo’yin-Yangi Urganch yunalishidagi aloqa liniyasiga ulanadi. Shahardagi eski binolardan birida faoliyat olib borayotgan pochta bo’limi ana shu joyga ko’chiriladi va bino peshtoqiga "Pochta-telegraf" peshlavhasi qoqiladi.
1982 yilda aloqa bo’limi uchun yangi bino foydalanishga topshirilgach, eskisi o’rnida aloqa muzeyi tashkil etish taklifi respublika aloqa vazirligiga kiritildi.
Xiva tuman aloqa uzeli muhandisi Yusuf Muhammedov muzey eksponatlarini va aloqa xizmati bilan bog’liq bo’lgan hujjatlarni tuplashda faol ishtirok etdi. 1983 yil boshlarida viloyat aloqa boshqarmasi, tuman hokimligining katta yordami bilan muzey eksponatlari va hujjatlarni joylashtirish uchun zarur jihozlar sotib olindi, ulkan rassomlik ishlari amalga oshirilib, muzey ochildi.
Istiqlol yillarida tuman aloqa bo’limi aholiga aloqa xizmati ko’rsatishni talablar darajasida olib borish bilan birga, o’z muzeyini yanada takomillashtirish ishlarini ham amalga oshirdi. Chunki, muzey atigi bir xonadan iborat bo’lib, eksponatlar va hujjatlar eski uslubda joylashtirilgan edi. 2013-2014 yillarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi viloyat hududiy boshqarmasining tashabbusi bilan soha aktsiyadorlik kompaniyalari, jamiyatlari hamda korxona va tashkilotlari erdamida rekonstruktsiya qilindi. Qo’shimcha ravishda yana turtta xona ajratilib, ta’mirlandi.
- Bilasizmi, bu erda hayotim davomida uchratmagan bir qancha noyob eksponatlarni ko’rdim, - deydi muzeyni tomosha qila turib Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi boshqaruv kengashi raisi Ravshan Asqarov. - Muzey Xiva shahrida bunyod etilgani ham juda ta’sirli. Chunki, shaharga kelib-ketuvchi chet ellik mehmonlarni shu erda sayohat qildirishsa, ajdodlarimiz, vatanimiz nimalarga qodir bo’lganiga guvoh bo’lishadi. Biz xuddi shunday koshonani vodiy ahli uchun Quqonda maxsus barpo etishni rejalashtiryapmiz.
- Yoz faslining issiq kunlarida go’zal shahrimizni tomosha qilayotgan mahalliy hamda chet ellik sayyohlar uchun bu er hodiq chiqarish bilan bir qatorda, qimmatli ma’lumotlarga ega bo’lish imkonini ham beradi, - deydi “O’zbekturizm” MK Xorazm mintaqaviy bo’limi boshqaruvchisi Odilbek Rahimov. - Muzey fondidagi eksponatlar har bir insonni o’tgan davrlar bilan tanishtiradi. Muzeyni shunday ko’rimli holatga olib kelish uchun o’z mehnatini ayamagan soha vakillariga minatdorchilik bildiraman.
Tantanali ravishda muzey eshigi oldida tasmalar qirqildi. Marosimda ishtirok etayotgan yoshu keksaning qalbi g’urur va iftixorga to’la. Ular viloyatimizda shunday noyob xazinalar saqlanayotgani bilan faxrlanishdi va dil so’zlarini aytishdi.
Nilufar JABBOROVA
www.xabar.uz Xorazm viloyati