Bosh kiyim – iftixor ramzi
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 30-martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida hunarmandlar bir qancha imtiyozlarga ega bo‘ldi. Ularga o‘zlari yasagan buyumlarni ichki va tashqi bozorda sotish, hech qanday to‘lovlarsiz turli ko‘rgazmalarda qatnashish imkoniyati yaratildi. Hunarmandlarning faoliyati ijtimoiy sug‘urta qilinib, ish davri belgilangan tartibda mehnat stajiga qo‘shilmoqda.

Xivalik Shokir Abdullayev mamlakatimizda yaratilgan ana shunday keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, yuksak muvaffaqiyatlarga erishayotgan mohir hunarmandlardan. U po‘stindo‘z va cho‘girmachi usta sulolasining yettinchi avlodi vakili. Uning mo‘jazgina ustaxonasi “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida joylashgan. Hunarmand tayyorlagan bosh kiyimlarining ellikdan ortiq turi Xorazmga kelgan sayyohlar orasida mashhur.

Manbalarda qayd etilishicha, qadimgi Xorazmda bosh kiyim g‘urur, iftixor ramzi hisoblangan. Bosh kiyimni boshqa birovniki bilan almashtirish yoki ijaraga berish taqiqlangan. Otaning bosh kiyimi faqat uning o‘g‘liga meros qoldirilgan. Hozirgi kunda ham aksariyat xorazmliklarning uyida ajdodlardan meros qolgan turli cho‘girmalarni uchratish mumkin.

Shokir Abdullayevning aytishicha, qadimda xorazmliklar katta dumaloq cho‘girma kiygan. Binobarin, cho‘girma voha aholisining etnik xususiyatlarini yanada yaqqol namoyon etadi. Cho‘girmaning to‘galak, sherozi va silkma turlari mavjud. Mazkur “telpaklar”ning dastlabki nusxasi “To‘galak cho‘girma” bo‘lib, XIX asrda yaratilgan. Teri yoki qalin matodan tekis qilib tikilgan, atrofiga qorako‘ldan bosma shaklda ishlov berilgan ushbu bosh kiyimni dastlab hukmdorlar, keyinchalik aholining barcha qatlami kiygan. Kalta junli Hazorasp uslubida tikilgan cho‘girma “Sherozi cho‘girma”, deb ataladi. U yangi tug‘ilgan qo‘zichoqning terisidan ixcham qilib tikilgani uchun hozirgi telpaklardan biroz farq qiladi. O‘tgan asrda yaratilgan, asosan quyi qatlam vakillari orasida urf bo‘lgan cho‘girma esa “Silkma cho‘girma”dir. U qo‘y junidan dumaloq shaklda va katta hajmda tikiladi...

Bugun usta tomonidan qadimiy an’analarni saqlab qolgan holda milliy bosh kiyimlarning zamonaviy turlari ham yaratilmoqda. “Sherozi”, “Jirmiz”, “Qamar”, “Sur”, “O‘rik gulli” kabi cho‘girmalar aholi orasida tobora urf bo‘lmoqda.

Xalqimizning bunday betakror hunarmandlik namunalari mahoratli va zukko yoshlar tomonidan davom ettirilmoqda. Muhammadjon va Feruzbek Abdullayevlar cho‘girmachi-po‘stindo‘z hunarmand sulolasining sakkizinchi avlodidir. Ular mazkur soha sirlarini otasi Shokir Abdullayevdan qunt bilan o‘rganmoqda. Muhammadjon va Feruzbek ancha yosh bo‘lishiga qaramay, hunarmandlar orasida o‘z o‘rniga ega. Ular o‘zlari tayyorlagan o‘ttizga yaqin turdagi mahsulotlar bilan viloyat hamda mamlakat miqyosida o‘tkazilgan tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA

KO`P O`QILGANLAR