Taras Grigorevich Shevchenko 1814 yilning 9 martida Kiev guberniyasining Marinsi qishlog’ida dehqon oilasida tug’ildi. Onasidan 9 yoshida ajralgani uchun bolalikdanoq yirik pomeshchiklar qo’lida xizmat qilishga majbur bo’ldi. Tarasda tug’ma iqtidor bor ediki, bo’shadi deguncha rasm chizish bilan shug’ullanardi. Buni yaxshi bilgan xo’jayini Engelgard uni Shiryaev degan rassomga shogirdlikka berdi. Vaqt o’tib, Tarasning iqtidoridan Ukrainaning mashhur musavviri Kengikanov-Bryullov, taniqli shoir Jukovskiylar xabar topib, bolakayni krepstnoylik zulmidan ozod etishdi. Ana shu insonlar sabab, 1838 yilda u rassomlik akademiyasiga o’qishga qabul qilindi. Shu tariqa Shevchenko ijod olamiga kirib kelib, nafaqat rasmlar chizdi, balki «G’ark bo’lgan qiz», «Katerina», «Ko’r ayol», «Taras kechasi», «Gaydamaklar», «Suv parisi» singari ballada, dostonlar yaratib, shoir sifatida dovruq qozondi.
Uning ijodida aks etgan xalqona isyonkorlik, pomeshchiklar zug’umiga qarshi kurash tasvirlari bois, 1847 yili Shevchenko jandarmeriya tomonidan hibsga olindi. Keyin o’n yil surgunga—Orenburg liniya bataloniga oddiy askarlikka yuborildi.
Shevchenko aynan Orenburga badarg’a etilgan paytda chor imperiyasining O’rta Osiyo, xususan, Xiva xonligiga qiziqishi, uni istilo etish uchun o’rganish jarayoni davom etayotgandi. Ana shu niyatda 1848 yili admiral Butakov boshchiligidagi 300 nafar askar uch kemada Orol dengizi qirg’oqlarini o’rganish uchun Xiva xonligi tomon safarga chiqdi. Butakov ekspeditsiyasi o’tgan joylarni suratga olish maqsadida rassom sifatida Taras Shevchenkoni ham o’zi bilan olib ketgan edi. Ekspeditsiya Sirdaryo orqali Orol dengiziga, u erdan Amudaryoga o’tib, har ikkala daryo, Orol dengizi atroflarini o’rgandi, Chimboy, Mang’ishloqda bo’ldi.
Ushbu hududlar esa Xiva xonligi tarkibida edi. Tabiyki, Xiva xoni har qanday ekspeditsiyaning ijozatisiz o’z hududiga kirishiga qarshi edi. Shu bois Xorazm hukmdori Said Muhammadxon Mahmud Niyoz yasovulboshi itoatidagi qo’shinni Qo’ng’irot tomon jo’natadi. Qolaversa, bu paytda aynan Qo’ng’irotda Xiva xoniga nisbatan Muhammad Fano boshchiligida isyon ko’tarilgandi. Hukmdor bir ishdan hadiksirardi. Agar Butakov qo’shini Qo’ng’irotga borib, isyonkor Fano undan yordam so’ragudek bo’lsa, ikki o’rtada jang kelib chiqib, zamonaviy qurollarga ega chor qo’shini xon navkarlarini mag’lub etardi. Ammo Xiva xoni ham anoyi emas edi. U tezda chora ko’rib, Qo’ng’irotdagi isyonni bartaraf etdi, Fano dorga osildi.
Butakov qo’shini Qo’ng’irotga etib kelganida isyon bostirilganiga un kun bo’lgandi. Daryoda uch kemani ko’rgan xon Shohmurod inoq, Muhammad Mahram,Abdulla mingboshi navkarlarini daryoning ikki tarafiga joylab, jangga hozirladi.
Bu haqda Ogahiy shunday yozadi: «Alqissa, sipohi Nusratpanoh to’rt tarafdin hujum etib, uchonlar(kemalar)ni o’rtaga olib, hazrati a’lo hoqoniydan ruxsat tiladilar. Tokim, barcha birdin qasd qilib, bir hamlada uchonlarni vayron va kofirlarni jahonga kelmagonlar bilan yakson qilgaylar. Ul chog’da o’rislar bu holni ko’rub, uchonlarni daryoning g’arbiy qirg’og’iga etkurib, langar tashlab turdilar»
Ushbu voqea to’g’risida esa admiral Butakov «Dnevnie zapiski plavaniya A.I.Butakova na shxune» Konstantin dlya issledovaniya Aralskogo morya v 1848″ asarida ekspeditsiya Orolbo’yida bo’lganida xonlik ichida o’zaro isyon, nizo bo’lib o’tganini ta’kidlab o’tadi.
Tabiyki, isyon, nizo-nifoq xonlikning o’z ichki ishi edi. Shu bois Butakov ekspeditsiyasi Said Muhammadxon qo’shini bilan jang qilmay, maqsadi Orolbo’yi, Sirdaryo va Amudaryo etaklarini o’rganish ekanini aytadi. Shu bilan jangga chek qo’yildi. Xonlik qo’shini Xivaga qaytdi. Butakov ekspeditsiyasi Orolbo’yida, Amudaryoda, Chimboy, Qo’ng’irotda qolib, 1848-1849 yillar davomida xonlikka tegishli sarhadlarni o’rgandi. Albatta, ushbu eksepditsiya o’z nomiga ko’ra ilmiy bo’lsada, chor imperiyasi manfaati, mustamlakachiligi uchun xizmat qilayotgandi. Xususan, qo’shin safidagi Taras Shevchenko ham ekspeditsiya maqsadini bilardi. Orenburgga badarg’a etilgan askar bo’lgani sabab, qolaversa, Butakovning o’zi uni maxsus qo’shinga tortganidan Xorazm sarhadlariga kelib qolgandi.
Butakov qo’shini shu zayl vohada bo’lib, 1849 yili ortiga qaytib ketdi. Biroq Taras Shevchenko Orolbo’yida, Qo’ng’irot, Chimboy, Xiva xonligi to’qayzorlarida, Amudaryoda yurib, yaratgan rasmlari «Prekrasno’y akvarelno’y albom vidov Aralskogo morya» to’plamidan joy oldi. Ko’rgan-kechirganlari esa «Kundaliklar» iga bitildi.
Shevchenko Orol dengizining Qo’s orolida shunday she’r bitgandi:
Nima qilay? Men Orol bo’ylab,
Tentirayman gohida o’ylab,
She’r yozaman kezib, yashirin,
Ifodalab qalbimning sirin,
Bayon etib ko’rganlarimni,
Sezganlarim ilhom parimni,
Ruhlantirar, takror va takror
She’r yozaman nima choram bor?
Quvib g’amni soldatga monand,
Butun qalbim hissiyot-la band.
Boshqa bir she’rida esa yana shunday satrlar bor:
Uzoq kezdik dengizda sarson,
Sirdaryoga chiqdik bir zamon,
Langar tashlab to’xtagan bo’ldik,
Ya’ni bo’shab dam olgan bo’ldik..
Xullas, Shevchenkoning Orolbo’yi, Amudaryo va Sirdaryo qirg’oqlariga kelishi, Xiva xonligi hududida bo’lishi ilhom baxsh etgandi.
Lekin rasmiy Sankt-Peterburg, isyonkorligi uchun badarg’a etilgan Orenburg liniya bataloni oddiy askari Shevchenkoni o’z ekspeditsiyasiga qo’shib, Xorazm sarhadlariga olib borgani uchun admiral Butakovga hayfsan e’lon qildi. Podsho ma’muriyati mustamlakachilik niyatida tashkil etilgan ekspeditsiyaga isyonkor shoir va rassom qo’shilib qolganidan norozi bo’lgandi. Shu tariqa 10 yillik badarg’a ham tugadi. 1857 yil Shevchenko Orenburgdagi tutqunlikdan qutuldi.
Do’stlari yordamida Peterburgga, keyin esa Ukrainaga borib yashadi, ijod qildi. Ammo tutqunlikda kechirgan hayoti, mudom kuzatuv ostida bo’lgani, ta’qiblar ta’siri uning sog’ligini izdan chiqargandi. Ana shu bois Shevchenko xastalikdan 1861 yil 10 martda hayotdan ko’z yumdi.
Uning Xorazm sarhadlariga kelib, Amudaryo va Orolbuyi qa’lalarida yurib, chizgan rasmlari, kundaliklaridagi bitiklari esa tarixda boqiy asarlar bo’lib qoldi.
Taras Shevchenko chizgan suratlardan