Xorazm afsonasi
Ogahiy bu asarida Xiva xoni Olloqulixon buyrug’i bilan hijriy 1258 yil (1842-1843 y.) da barpo qilingan, umumiy uzunligi taxminan 6200 metr, o’n darvozali Dishanqal’a devorining qurilishiga qisqacha to’xtalib, bayt ham bag’ishlagan.

Kechmishga nazar

«Xiva qal’asining atrofin aylana bir hisori vase’ va devori rafe’ bino va barpo qildirg’oy, tokim yurt ziynati va fuqaro amniyati muzoif va mutazoid bo’lg’ay, – deb yozadi o’zbek adabiyotining ulkan namoyondalaridan biri Muhammad Rizo Ogahiy «Riyozud-davla» nomli tarixiy asarida.– ...Atrof-javonibdan hashariy va korguzoru ustodi shirinkor va bannoyi jalodatshiorlarni jam’ qilib, rajab oyining sakkizida dushanba kuni qal’a tamiri umurig’a sa’yi tamom bila shuru’ qildilar. Va o’ttiz kun muddatida hisore bino qildilarkim, matonatda Iskandar saddig’a ta’nazan va rif’atda falak burjig’a soyaafkandurur.

Ogahiy bu asarida Xiva xoni Olloqulixon buyrug’i bilan hijriy 1258 yil (1842-1843 y.) da barpo qilingan, umumiy uzunligi taxminan 6200 metr, o’n darvozali Dishanqal’a devorining qurilishiga qisqacha to’xtalib, bayt ham bag’ishlagan. Bugungi kunga kelib ushbu devor darvozalaridan ikkitasi – qal’aning shimol tomondagi Qo’sha darvoza va sharqidagi Qo’y (Hazorasp) darvoza saqlanib qolgan. Devorning balandligi 8-10 metr, asosining eni 6-10 metr atrofida paxsadan urilgan. Devor bo’ylab taxminan har 30 metrda yarim doirasimon burjlar, ustki qismida kengligi taxminan 1,5-2 metrlik arava yo’li bo’lgan. Devorning yuqori qismida jangchilar o’q otadigan shinaklar qoldirilgan. Qal’a atrofini kuzatish maqsadida burjlar qal’a devoridan 4-5 metr oldinga chiqarib qurilgan. Xavf-xatar tug’ilgan paytda soqchilar olov yoqib bir-birlariga belgi bera olishgan. Devorning Hazorasp, Pishkanik, Bog’ishamol, Shixlar, Tozabog’, Shohimardon, Doshyoq, Gandimyon, Gadoylar va Urganch deb atalgan jami o’nta darvozasidan qal’aga kirib-chiqilgan.

Qal’aning devori va aksariyat darvozalari 1873 yili bosqinchi general fon Kaufman boshchiligidagi rus qo’shinlari tomonidan to’pga tutilib, vayron qilingan. Mustabid sho’rolar davrida bu devorni eskilik sarqiti deb, tuprog’idan g’isht ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalanilgan (Afsuski, bu davrda ko’plab madaniy meros imoratlari xarobaga aylantirildi). Hozirgi kunda devorning taxminan 1400-1600 metr qismigina saqlanib qolgan.

Yurtimiz mustaqillikka erishgandan so’ng Dishanqal’a devorlarini saqlash va tubdan ta’mirlash-tiklash ishlari boshlandi. 2005 yilda YuNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi ishtirokida qal’aning shimoliy tomonidagi 80 m. qismi mukammal ta’mirlanib, asl holiga keltirildi. 2008-2009 yillar mobaynida yana 140 m. qismi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan to’liq ta’mirlandi hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yildagi qarori bilan Dishonqal’a devoriga 30 metr himoya hududi belgilandi.

Ichanqal’a devori esa, manbalarda yozilishicha, ilk bor eramizdan avvalgi VI-V asrlarda qurilgan bo’lib, davr o’tishi bilan bir necha bor ta’mirlangan. Devorning balandligi 7-8 metr, qalinligi quyida 8-10, yuqorida 2-3 metrni tashkil qiladi, uning ustida bemalol aravada yurish imkoni bo’lgan. Qal’a bir necha marta buzilib-tuzatilgani haqida tarixchi Xudayberdi Qo’shmuhammad o’g’lining "Dili g’aroyib” asarida bayon etilgan. Bu tarixiy devorning uzunligi 2200 metr bo’lib, to’rt tomonga qarata qurilgan darvozalari bor.

Mutaxassislarning o’rganish natijalariga ko’ra, viloyatda 255 ta madaniy meros ob’ektlari ro’yxatga olingan bo’lib, ulardan 18 tasi arxeologik, 133 tasi me’moriy, 66 tasi haykaltaroshlik yodgorliklari, 6 tasi diqqatga sazovor joylar va 32 tasi ziyoratgohlardir. Biz yuqorida qal’a devorlari haqida qisqacha hikoya qilganimizday, 250 dan ortiq mazkur imoratlarning har biri o’z tarixi – xalqning o’tmishi bilan chambarchas bog’langan kechmishiga ega. Ularning barchasi Ogahiy, Munis kabi o’tmishda yashab o’tgan allomalarimiz tomonidan tarixiy kitoblarda zarb etilgan.

Bu ko’hna zaminda eramizdan avvalgi davrlarga oid Xiva qudug’i (e.a. III-I asrlar), Hazorasp shahri (e.a. IV-II a.), Tuproqqal’a shaharchasi (e.a. IV-III a.) dan tortib keyingi asrlarda barpo etilgan Ichanqal’a (XIII-XIV a.), Ulli hovli majmuasi (XVIII-XIX a.) singari qadimiy yodgorliklar, Oq shayx bobo (I-IV a.), Shayx Qosim bobo (VII a.), Pahlavon Mahmud maqbarasi (XIV a.) kabi me’moriy yodgorliklar, Ogahiy, Avaz O’tar kabi ulug’ shoirlarning uy muzeylari, mustaqillik yillarida bunyod etilgan bebaho majmualar qalblarda hayrat uyg’otadi. Xorazm Ma’mun akademiyasi va bu qutlug’ ilm dargohidan etishib chiqqan buyuk allomalar ham o’z ona tuproqlarini ulug’lab turadilar.

Qadimda Buyuk Ipak yo’lidagi markaziy shaharlardan biri bo’lgan Xiva yurtimiz mustaqilligi sharofati bilan bugun ham dunyo sayyohlarining e’tiborini jalb etmoqda.

Tarixiy dasturulamal

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus qarori bilan tasdiqlangan "2013-2015 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish Dasturi” soha taraqqiyotiga qaratilgan asosiy dasturulamaldir. Unga muvofiq 2013-2015 yillarda jami 214,3 mlrd. so’mlik 204 ta loyiha amalga oshirilishi ko’zda tutilgan.

Dasturning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda afsonaviy Xorazmning o’ziga xosligini namoyon etuvchi, sayyohlarda yorqin taassurot qoldiruvchi barcha imkoniyatlar qamrab olingan.

– Avvallari sayyohlar uchun Urganch va Xiva shaharlarida joylashgan tarixiy-me’moriy obidalar bilan oddiy madaniy tanishuv amalga oshirilgan bo’lsa, endilikda biz bu qo’hna zamindagi binolar haqidagi tarixiy haqiqat bilan ochiq-oydin tanishamiz, har bir obida haqida ilmiy asoslangan xulosalarga ega bo’la olamiz, deydi "O’zbekturizm” milliy kompaniyasining vakili Abdulatif . – Qolaversa, dasturda tarixiy-ilmiy, tarixiy-etnik, madaniy-ko’ngilochar, ekologik va boshqa mavzulardagi yangi sayyohlik yo’nalishlari – faol sayyohlik, sport sayyohligi, qishloq sayyohligi, velosayyohlik, tibbiy sayyohlik, ziyorat kabi o’ndan ortiq turlar rivojlantirilmoqda. Etti yoshdan etmishgacha bo’lgan sayyohlarning ehtiyojlari nazarda tutilib, ko’ngilli sayohatlar uchun sharoitlar yaratilmoqda. Shuningdek, viloyatga keluvchilar uchun sayohat takliflari geografik jihatdan ham kengayib, avvalgiday, nafaqat Urganch va Xiva shaharlarini ko’rish bilan cheklanmay, balki Gurlan, Bog’ot, Xazorasp, Yangibozor kabi qolgan tumanlarda ham yangi yo’nalishlar faoliyati yo’lga qo’yilmoqda. Bog’ot tumanidagi Qal’ajiq ko’li sohilida shifobaxsh suv bilan sog’lomlashtirish majmuasi barpo etildi. Bugungi kunda ushbu davolash majmuasi hududida bir vaqtning o’zida yoz mavsumida 100 nafar (qishda 40 nafar) kishiga xizmat ko’rsatishga mo’ljallangan umumiy ovqatlanish shaxobchasi, o’tovlar, qal’a atrofida tuya va otda sayr qilish uchun bekatlar ishga tushirildi. Tabiatsevarlarga Quyi-Amudaryo davlat biosfera hududida ikkita ekskursiya yo’nalishi ishlab chiqilib, unda muzey, tashrif markazi va kutubxonalar tashkil etildi.

Mustaqillik yillarida yaratilgan o’ziga xos bunyodkorlik namunalari sayyohlar uchun o’zgacha olam, o’zgacha zavq baxsh etadi. Milliy tariximiz, an’analarimizga hamohang qurilgan yangi imoratlar, manzarali bog’lar kelajak avlodlarga bizning bunyodkor davrimiz haqida hikoya qilishi beshak. Jumladan, Avesto kitobi yaratilganligining 2700 yilligiga bag’ishlab bunyod etilgan Avesto bog’-majmuasi YuNESKO ning 30-sessiyasi qarori hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2001 yilda tantanali ravishda ochilgan. 20 gektar hududda amfiteatr, dam olish maskanlari va bog’ ichida 16 metr balandlikda Avesto yodgorligi o’rnatilgan. Shuningdek, viloyatda mustaqillik yillarida bunyod etilgan Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Muso al-Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmualari har qanday sayyohni hayratga soladi. Albatta, bu majmualar xalqimizning buyuk o’tmishini buyuk kelajagi bilan bog’lovchi muqaddas rishtalardir.

Urganchdan Xivagacha

Utganchdan Xivagacha o’ttiz besh chaqirim yo’l. Ammo yo’l bo’yidagi bunyodkorlik ishlari asrlarga tatigulik. Yo’l davomida tarixning turli asrlarida qurilgan binolar yonidan o’tib borarkansiz, dunyoning o’nlab mamlakatidan kelgan xorijliklarni uchratasiz.

Urganch tumanida 17 ta loyihaga umumiy qiymati 21.650 ming, Xiva tumanida esa 91 ta loyihaga umumiy qiymati 53.610 ming AQSh dollari ekvivalentiga teng mablag’ ajratilib, dastur asosida sayyohlik sohasini taraqqiy ettirishga yo’naltirildi. Unda, jumladan, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlik yo’nalishlari va xizmatlarini takomillashtirish, madaniy meros binolarini qayta ta’mirlash kabi qator vazifalar ko’zda tutilgan. Har ikki shahar bosh rejasi va shaharni markaziy qismini batafsil rejalashtirish loyihasi qayta ishlab chiqildi. Barcha madaniy meros ob’ektlari yagona ro’yxat bo’yicha tafsiflab chiqildi. Ko’chalarga bir namunadagi yo’l ko’rsatkichlari, yo’l xaritalari o’rnatildi.

Urganch xalqaro aeroporti qayta ta’mirlanib, barcha qulayliklar yaratildi. Bugun bu erga Evropaning Parij, Milan, Frankfurt, Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Volgograd kabi katta shaharlaridan ham samolyotlar qabul qilinmoqda. Kelgusida Vena, Myunxen shaharlariga havo yo’llari ochilishi rejalashtirilgan. Yangi terminal jahon standartlariga javob beradigan zamonaviy qulayliklarga ega. Bu erda keng va yorug’ zallarga eng so’ngi rusumdagi jihozlar o’rnatilgan. Ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi, "Duty free” do’koni, qahvaxona shular jumlasidandir. Bundan tashqari binoda bir vaqtning o’zida 200 yo’lovchiga xizmat qiladigan tranzit zali hamda "VIP” va "CIP” xonalari mavjud.

Xivaga borish yo’lidagi Shovot kanali bo’yida kemalar to’xtashi uchun maxsus joylar barpo etilib, sayyohlar qayiqlarda sayr qilishlari, ko’zlagan manzillariga suv yo’li orqali etib olishlari mumkin. Kanal sohillarida dam olish maskanlari, cho’milish havzalari, bolalar maydonchasi, zamonaviy bog’lar, ko’ngilochar go’shalar barpo etildi. Shahardagi "Tabassum” restorani qoshida ulkan san’atkor Xudoyberdi Devonovga bag’ishlangan multimediyali muzey, O’lkashunoslik muzeyi (Salimjon Qosimjon uyi) ta’mirlanib, sayyohlar uchun qiziqarli maskanlarga aylantirildi.

Xiva tumanidagi Eshon Ravat ko’li bo’yidagi sayyohlik majmuasida o’tovlar tikilib, baliq tutish, suzish vositalarini ijaraga berish hamda cho’milish havzalari ishga tushirildi. Bibi Hojar maqbarasida ziyoratchilar uchun munosib sharoit yaratildi, Olloqulixonning Bog’ishamol yozgi bog’ida madaniy ko’ngilochar tadbirlar o’tkazish yo’lga qo’yildi.

Ichanqal’a hududidagi Yoqubboy xo’ja madrasasida qo’lda gilam to’qish ustaxonasi tashkil etildi va shuningdek, sayyohlik yo’nalishi bo’ylab beshta xonadonda qo’lda gilam to’qish uchun jihozlar o’rnatilib, keluvchilarga milliy hunurmandchilik sirlari namoyish etilmoqda.

Ikki shaharda amalga oshirilgan va oshirilayotgan loyihalar soni yuzdan ortiq, ularni bir maqola doirasiga sig’dirish mushkul.

Ammo shuni alohida ta’kidlash joizki, bundan uch yil avval viloyatdagi mehmonxonalar soni 18 ta bo’lib, mingtaga yaqin sayyohlar qabul etilar edi. Amaldagi dastur loyihalari yakunlanganidan so’ng, 2015 yildan boshlab mehmonxonalar soni 29 taga etib, qabul qilish quvvati 1600 o’ringa ortadi. Ayni vaqtda viloyatga kelayotgan sayyohlar soni ham yildan yilga ko’payib bormoqda. Bundan uch yil avval xorijiy mamlakatlardan 25 ming sayyoh kelgan bo’lsa, o’tgan 2013 yilda ularning soni ikki barobarga, 50 mingga etdi. Umumiy holatda viloyatga yiliga yuz mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurmoqda. Bugungi bunyodkorlik ishlari esa, sayyohlar oqimini yanada ko’payib borishini ta’min etishi, shubhasiz.

Endilikda viloyatning eng chekka qishlog’idagi diqqatga sazovor go’shalar ham sayyohlarga tavsiya etilmoqda. Har qanday kishi bir marotaba kelishida bunchalik ko’p joylar bilan tanishish imkoniyatiga ega emasligi ham ma’lum. Qolaversa, viloyatning bu qadar katta sayyohlik salohiyati yurtdoshlarimiz uchun ham yangilik ekanligini ta’kidlash joiz.

Xorazmning o’ziga xos san’ati

Xorazmning buyuk allomalari, tarixiy-me’moriy obidalari, o’ziga xos tabiati bilan bir qatorda san’atsevar xalqining betakror ijodi, hunarmandchilik an’analari ham o’ziga xos sehru-jozibaga egaki, har qanday sayyohning qalbini to’lqinlantira oladi, unutilmas lahzalar baxsh etadi. Bir so’z bilan aytganda, Xorazmning "Lazgi”sini tinglaganda raqsga tushgisi kelmaydigan odamlar bo’lmasa kerak.

Dastur doirasida sayyohlarning madaniy xordiq chiqarishlariga yo’naltirilgan ko’ngilochar tadbirlar tizimi shakllantirilgan. "Doston folklor”, "Xiva folklor” etnografik xalq ansambllari va "Sayqal” oilaviy folklor ansamblidan iborat badiiy jamoalar ko’hna Ollaqulixon madrasasida sayyohlik mavsumi davomida xorijliklar uchun har kuni oqshomda o’z kontsert dasturlarini namoyish qiladilar. Ogahiy nomidagi viloyat drama teatri tomonidan "Mahtumquli”, "Dilda borim” kabi spektakllar, sahna tomoshalari sayyohlarga xalqimiz turmush tarzidan, tarixidan hikoya qiladi. Bundan tashqari, har kuni Ichanqal’ada sayyohlarga "Tohir va Zuhra”, "Nasriddinning sarguzashtlari”, "Alisher Navoiy”, "O’tgan kunlar” kabi o’zbek milliy kino san’atining durdonalari ingliz tilida subtitrlarda namoyish etilishi yo’lga qo’yilgan. Bir tarafda esa, Ogahiy nomidagi drama teatri va viloyat qo’g’irchoq teatri hamkorligida Tosh hovli majmuasida "Xon qabulida” deb nomlanuvchi teatrlashtirilgan sahna ko’rinishlari barchaga manzur. Shuningdek, yil fasllariga ko’ra, Ichanqal’a Davlat muzey qo’riqxonasi xududida "Xorazm madaniyati” festivali, "Uzbekiston Travel Workshop” ko’rgazmasi, Baxshi shoirlar, oqinlar va halfalarning Respublika ko’rik-tanlovi, "Gurvak – Xorazm qovunchiligi ramzi” savdo ko’rgazmasi kabi o’nlab ommaviy tadbirlar o’tkazish an’anaga aylanmoqda. Shu bilan birgalikda tumanlaridan kelgan folklor etnografik jamoalar va yosh san’atkorlarning chiqishlari kontsert dasturlariga rang-baranglik baxsh etadi. Xorijlik mehmonlar uchun qiziqarli bo’lgan milliy urf-odatlarlarimiz, an’analarimiz – "Kelin salom”, "Lachak to’y”, "Beshik to’y” va qo’chqor, xo’roz urishtirish o’yinlari, milliy kurash, "Darveshlar”, "Xon navkarlari” teatrlashtirilgan tomoshalari beqiyos zavq-shavq uyg’otadi.

Sayyohlar e’tiborini jalb etadigan mo’’jizalardan yana biri – sovg’alardir. Suvenir mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning xilma- xilligini ta’minlash borasida dunyoga dong’i ketgan Xiva gilamlari, milliy liboslar, hunarmandlar tomonidan tayyorlanayotgan esdalik sovg’alarining turi va soni ko’paytirilib, ularni tayyorlash bo’yicha yangi texnologiyalar joriy etilmoqda. Bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishni takomillashtirish maqsadida "Xiva sopoli” korxonasiga 85,0 mln.so’m miqdorida bank kredit mablag’lari ajratildi. Korxona tomonidan Xiva timsoli tushirilgan sopol idishlar, turli haykalchalardan iborat etti turdagi sovg’alar tayyorlanmoqda. Kelgusida Xitoy va Vengriya davlatlaridan yangi texnologik asbob-ukunalar sotib olish borasida kelishuvlar olib bormoqda.

Axir bu esdalik sovg’alari dunyoning turli shahar-qishloqlariga tarqalib, Xorazmning yorqin taassurotlarini yodga solib turadi.

Xalqaro ko’rgazmaga taraddud

"O’zbekturizm” milliy kompaniyasining viloyat mintaqaviy bo’limining boshlig’i Odil aka shu kunlarda "Ipak yo’lida turizm” nomli yigirmanchi marotaba o’tkazilayotgan Toshkent xalqaro sayyohlik ko’rgazmasida viloyatning sayyohlik salohiyati taqdimotiga tayyorgarlik ko’rayotgan ekan. TXTK dunyodagi ilg’or xalqaro tadbirlardan biri bo’lib, o’tgan 2013 yili unda 24 ta xorijiy mamlakatdan kelgan 65 ta sayyohlik kompaniyasi ishtirok etgan va 12 mingdan ortiq qiziquvchilar mazkur tadbirga tashrif buyurgandilar. Bu ko’rgazma yurtimizdagi sayyohlik tashkilotlari uchun katta imkoniyat va undan samarali foydalanish kerak. Chunki xorijda bo’ladigan xalqaro tadbirlarga borishga katta yo’l harajatlari, anchayin vaqt, namoyish vositalarini olib borish qiyinchiliklari bor. Toshkentdagi ko’rgazma esa o’z uyimizdagiday, qolaversa, bu tadbirga aynan bizning yurtimizga qiziquvchi, albatta hamkorlik qilishni ko’ngliga tugib qo’ygan sayyohlik tashkilotlari keladilar. Xorazm viloyatining xorijlik hamkasblarga taqdim qiladigan sayyohlik imkoniyatlari esa beqiyos va u yildan yilga emas, kun sayin ortib borayotganligi nafaqat bizga, butun dunyoga ham ma’lum.

– 2013 yilda Toshkent shahrida o’tkazilgan XIX-Tashkent xalqaro sayyohlik ko’rgazmasida viloyatdan 30 ta sayyohlik tashkiloti ishtirok etgan, – deydi "O’zbekturizm” milliy kompaniyasi Xorazm mintaqaviy bo’lim rahbari Odil aka. – O’shanda sayyohlik tashkilotimiz qatorida Ichanqal’a Davlat muzey qo’riqxonasi, viloyat qo’g’irchoq teatri, "Sayqal” folklor jamoasi va hunarmadlar ishtirok etib viloyatimiz haqida katta taassurot bera olganlar. Bu yilga XX-Toshkent xalqaro sayyohlik ko’rgazmasiga viloyatdagi 40 dan ortiq sayyohlik tashkilotlari va restoranlar, folklor jamoalari, hunarmandlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Viloyatning sayyohlik salohiyatini xalqaro ko’rgazmalarda keng targ’ib etish, jahon turizm bozorida munosib o’rin egallash uchun kurash muntazam davom etadigan jarayondir. Bu borada Xorazmdagi sayyohlik tashkilotlarining faoliyati ham diqqatga sazovor. O’tgan 2013 yilning mart oyida "Mego-info-tur” loyihasi bo’yicha dunyoning Kanada, Argentina, Hindiston, Italiya, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Yaponiya, Frantsiya kabi 18 mamlakatidan ommaviy axborot va turoperatorlik tashkilotlarining vakillariga viloyatning sayyohlik imkoniyatlari atroflicha tanishtirilgan. Shu loyiha doirasida jami 171 nafar kishi, jumladan xorijiy turistik tashkilotlardan 160 nafar va 11 nafar ommaviy axborot vositalarining vakillari tashrif buyurishgan. Joriy yil iyun oyida esa yaponiyalik mutaxassislar kelishib, mintaqaning sayyohlik imkoniyatlaridan hayratda qoldilar. Ayni vaqtda viloyatdagi "Bek-tur” va "Qaljiq tur” sayyohlik kompaniyalari Frantsiyada o’tkazilgan "TOP REZA” sayyohlik ko’rgazmasida, "Javhar Hulkar” sayyohlik tashkiloti Germaniyada o’tkazilgan ITB xalqaro sayyohlik ko’rgazmasida faol ishtirok etdilar. Yuqorida ta’kidlangan tashkilotlar qatorida "Zuhro travel” sayyohlik tashkiloti ham jahon turizm bozoriga chiqish borasida samarali ishlar olib bormoqdalar. Ular tomonidan Frantsiya, Italiya, Polsha, Eron, Turmaniston va Afrika davlatlaridagi sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik o’rnatilgan. 2014 yilning birinchi yarmida ushbu hamkorlik natijasida bir yarim mingdan ortiq xorijiy sayyohlar Xorazmga kelib ketdilar.

Viloyatning sayyohlik imkoniyatlari internet tizimi orqali ham targ’ib etilmoqda. Xorazm Ma’mun akademiyasi tomonidan dastur doirasida "Xumbuz tepa”, "Sulton Vayis – eng ommopob va muqaddas joy”, "Sherg’ozixon madrasasi”, "Muhammad Rahimxon saroyida maqom”, "Kat qal’asi tarixi” va boshqa diqqatga sazovor joylar haqidagi maqolalar tayyorlanib, "Wikipedia” elektron entsiklopediyasiga joylashtirildi.

Xorazmning sehru jozibasi haqida jild-jild kitoblar yozish mumkin. Bizning bu hikoyamiz keyingi ikki yil davomida viloyatda sayyohlik sohasini rivojiga qaratilgan dastur asosidagi ayrim loyihalar ijrosiga bag’ishlangan, xolos. Ikki yil davomida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini tasavvur etishning o’zi qiyin. Afsonalar shunday yaratilsa kerakda...

Aslida, ming bor eshitgandan ko’ra, bir bor ko’rgan afzal, deydi donishmand xalqimiz.

Xorazmga yo’l oling!

Humoyun Akbarov

KO`P O`QILGANLAR