Eski hayot va madaniyat
XIX asr boshlarida xonlikda paxtani qayta ishlash va to’qimachilik hunarmandchiligi yaxshi rivojlangan bo’lib 27 ta ipak to’quvchi, 45 ta choponfurush, 28 ta ko’nchi (terini qayta ishlovchi), 72 ta bo’yoqchi, 50 ta etikdo’z, 20 ta zargar mavjud bo’lgan.


Xorazm milliy kiyimlari

Milliy kiyimlar moddiy va ma'naviy yodgorliklar ichida xalqlarning milliy o’ziga xosligini aks ettiruvchi va etnik belgilarni ko’rsatuvchidir. Kiyimlarda urf odatlar, ijtimoiy munosabatlar, diniy e'tiqod, nafosat va inson umrining fasllari, u yashagan joy va zamon, xo’jalik mavsumlari, xayotdagi quvonch yoxud qayg’uli voqealar namoyon bo’ladi.

Bizgacha yetib kelgan kiymlar XIX asr oxiri XX asr boshlariga ta'luqli bo’lib, qadimgi davrlarga oidlari saqlanmagan, chunki kiyim matolar moddiy yodgorliklar ichida iste'molda bo’lgan va oxirgacha foydalanilgan. (Diniy e'tiqod axamiyatiga ega bo’lgan ba'zi bir kiyimlar avloddan - avlodga tabarruk buyum sifatida o’tib kelgan).

XIX asr boshlarida xonlikda paxtani qayta ishlash va to’qimachilik hunarmandchiligi yaxshi rivojlangan bo’lib 27 ta ipak to’quvchi, 45 ta choponfurush, 28 ta ko’nchi (terini qayta ishlovchi), 72 ta bo’yoqchi, 50 ta etikdo’z, 20 ta zargar mavjud bo’lgan. Dehqonlar asosan paxta va ipak tolasini qayta ishlab, yarim maxsulot sifatida hunarmandlarga sotar edilar, ular o’z navbatida qayta ishlab bo’z, alacha to’qib xonlik axolisiga sotishardi. Tayyorlangan bo’z va ipak matolarni qayta ishlashda bo’yoqchilik katta rol o’ynar edi. Ular xom gazlamani qayta ishlab turli ranglarga bo’yar edilar. Qayta ishlangan matolar chitkarlar (matoga gul bosuvchilar) qo’liga tushar, ular matoga loyiq gul bosar va tayyor maxsulotni bozorga chiqarardilar. Ichki imkoniyatlar maxsuli bo’lgan bu tovarlardan oddiy axolining kundalik turmushda kiyadigan kiyim kechaklari tayyorlangan. Ustalar bu maxsulotlarni tayyorlashda Xitoy ipagi, Xind va Eron bo’yoqlaridan foydalanganlar. Axolining boy tabaqasi xamishagidek Xitoy, Xindiston, Eron, Rossiya, Turkiyada tayyorlangan tovus tusli ipak, atlas, adras, zarbof parcha, rangdor kimxob ayniqsa aslzoda ayollar kiyadigan papakli taxya (do’ppi) uchun maxsus Yaponiyadan keltirilgan yapon baxmali, Rossiyadan keltirilgan guldor sifatli plotno, surp, chit va Azarboyjon ro’mollari kabi tayyor matolardan kiyim kechaklar tiktirishgan. Xalqimiz kiyim - kechaklari xilma - xil, rang - barang va jozibalidir. Xamma davrlarda xam libosga qarab insonning qaysi ijtimoiy toifaga mansubligini bilish mumkin bo’lgan. Hunarmandlarning kiyimlari, qishloq mehnatkashlarining, maxalliy ziyolilarning kiyimlari. XX asr boshlarida Xiva shahrida 99 ta tikuvchilik ustaxonalari bo’lib ularda 180 tikuvchi ishlagan. Tikuvchilar tomonidan tayyorlangan paxtalik va paxtasiz chaponlar, xar xil do’ppilar, ipak ko’ylaklarning bozori chaqqon bo’lib tayyorlangan maxsulotlar ichki va tashqi bozorlarda sotilgan. Ayniqsa Xivaning alacha to’ni va turma belbog’i (erkaklar uchun) juda qadirlangan. Qish kunlari kiyiladigan po’stinning o’zidan yiliga 5000 tasi tikilgan.

Xorazmliklar milliy marosimlarda aloxida kiyinganlar. Nikox to’yida kelin - kuyovlar, xatna To’yda to’y bolaning liboslari, dafn marosimi kiyimlari, yana liboslar bayram tantanalari, kundalik, kabi turlarga bo’linadi. Jinsga qarab; erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari; yoshiga qarab, yoshlar, o’rta yoshli, keksalar kiyimlari, bosh kiyimlar duppilar, sallalar, turli - tuman telpaklar, cho’girmalarni o’z ichiga olgan. Poyofzallar charmdan tikilgan xilma - xil etiklar, maxsilar, choriklar, charm va yog’ochdan yasalgan kovushlardan iborat. Xivadagi xozirgi zamon kiyimlari yevropacha ulubda tikilgan bo’lsada, ularda milliy ananalarning davomiyligi saqlanib qolgan.


Xivada to’qimachilik

Insonlar tomonidan yaratilgan qadimiy hunarlardan biri to’qimachilikdir. Uning tarixi yangi tosh davridan boshlangan. Arxеologik qazishlar chog’ida insonlar yashagan ayrim manzilgohlardan qadimiy mato parchalari topilgan. Dastlab matolar qo’lda to’qilgan, kеyinchalik to’qimachilik dastgohi kashf etilgach, ko’proq mato to’qiladigan bo’lgan. To’qimachilik haqida o’rta asrlarga oid ma'lumotlar kеng tarqalgan. Arxеologik manbalardan tashqari tarixchilar va sayyohlar o’z asarlarida yozib qoldirganlar, shuningdеk o’rta asrlarga oid turli xil xujjatlarda ko’plab ma'lumotlar saqlangan.

Har bir xudud to’qimachiligi o’z xususiyatlariga ega. To’qimachilik sеrtarmoq soha xisoblanib, u nimadan to’qishiga yoki nima to’qishiga qarab ixtisoslashgan. To’quv matеriali sifatida asosan paxta, ipak va jundan foydalanganlar. Bulardan tashqari juda ko’p o’simliklardan (zig’ir, kanop) ip olingan. Ipakdan to’qilgan matolar yuqori baholangan va “Buyuk Ipak” yo’li orqali dunyoga tarqalgan. Xorazmda XVI-XX asr boshlarida to’qimachilik yangi bosqichga ko’tarilgan. Bu davr Xorazm to’qimachilgini ikki guruhga bo’lib o’rganishimiz mumkin: o’z ehtiyoji uchun to’qish va sotish uchun to’qish. Bunday bo’lishimizning sababi o’troq aholi ham, ko’chmanchi aholi ham to’qimachilik bilan shug’ullangan va imkoni doirasida natural shaklda o’zlarini maxsulot bilan ta'minlaganlar.

Bozor uchun asosan bo’z, olacha, shoyi, adras, duxobo kabi matolar chiqarilgan. Bo’z hamma еrda ishlatilavеrgan, asosan kambag’allar xarid qilgan. Olacha, shoyi, adras, duxobo kabi matolar qimmat baholangan, ulardan aslzodalar uchun kiyimlar tayyorlangan.

“Ichon Qal'a” muzеy-qo’riqxonasining “Amaliy san'at” bo’limida XVIII-XIX asrlarga oid juda ko’plab nodir muzеy buyumlar saqlanmoqda. Bu o’sha davrda to’qimachilik yuksak taraqqiy etganini ko’rsatadi.

To’qimachilikni san'at darajasiga ko’tarilishi hunarmand-ustaning maxoratidan darak bеradi. Xorazm ustalari tayyorlagan matolar asosan oq, och qizil, ko’k, yashil ranglarga bo’yalgan. Bo’yoqlar tabiiy usulda tayyorlangan. To’qimachilikda ham boshqa sohalardagi kabi pеchaki, marg’ula, morpеch, qo’chqorak, murchgul, islimiy naqsh turlari qo’llanilgan.

Matolardan yaktak, shalvor, to’n, salla, bеlbog’, ayollar yеlagi, dasturxon, joynamoz va boshqa narsalar tayyorlangan. O’rta asrlarda kiyim, uning rangi ma'lum bir tabaqaga mansublikni ham anglatgan, undan tashqari o’z davrida Xorazmlik erkaklar paxtadan va kumushdan ishlangan, ayollari ipak va tilladan tayyorlangan buyumlarni kiyib ulardan foydalanganlar. Xazinada doimo turli xil sarupolar saqlangan va xon nazariga tushgan kishilar har xil to’nlar bilan taqdirlangan.

KO`P O`QILGANLAR