Komil Xorazmiy (1825-1899)
Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targ’ibotchilaridan biri. Ogahiy uning nomini o’zining «Gulshani davlat» kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga ko’targan. Rossiya bilan Xiva xonligi o’rtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) Komil Xorazmiy qo’li bilan yozilgan (1873). So’ngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880 yildan). Xorazmda birinchi bo’lib bosmaxona tashqil etgan (1880—81).

Komil Xorazmiy (taxallusi; asl ismi Pahlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund o’g’li) (1825 — Xiva — 1899) — o’zbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarjimon va davlat arbobi. Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targ’ibotchilaridan biri. Xiva madrasasida o’qigan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Sharq adabiyoti namoyandalari ijodini, mumtoz musiqani, xattotlik sirlarini qunt bilan o’rgangan. 25—30 yoshlarida shoir sifatida tanilgan. Ogahiy uning nomini o’zining «Gulshani davlat» kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga ko’targan. Rossiya bilan Xiva xonligi o’rtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) Komil Xorazmiy qo’li bilan yozilgan (1873). So’ngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880 yildan). Xorazmda birinchi bo’lib bosmaxona tashqil etgan (1880—81).

Komil Xorazmiy Sharq mumtoz musiqasi, xususan, maqomchilik an’analarini rivojlantirishga homiylik qilgan, o’zbek kuylarini yozib olish uchun «Tanbur chizig’i» deb ataluvchi nota tizimini joriy etgan. Bu o’ziga xos notada «Rost» maqomining bosh qismini yozgan. O’g’li Mirzo Muhammadrasul otasi boshlagan ishni davom ettirib, Xorazm «Shashmaqom»ining qolgan ashula va cholg’u yo’llarini to’la notaga olgan. «Rost» maqomiga bog’langan «Murabbai Komil» va «Peshravi Fero’z» kuylarining notasi bizgacha etib kelgan. Komil Xorazmiy Moskva va Peterburg shaharlariga 2 marta safar qilgan (1873, 1883). 1891, 1896— 97 yillarda esa Toshkentga kelib, bu erdagi madaniy yangiliklar haqidagi «Dar bayoni ta’rif va tavsif Toshkand» («Toshkent ta’rifi va tavsifi bayonida») qasidasini bitgan. Bu qasida o’zbek adabiyotida ijtimoiy taraqqiyotni aks ettirgan dastlabki yirik she’riy asarlardan bo’lib, unda yangi, zamonaviy madaniyat ulug’lanadi.

Komil Xorazmiy Sharq mumtoz shoirlari an’analari ruhida lirik she’rlar yozgan, devon tuzgan. Bu devonda 8000 misradan ortiq she’r bo’lib, ular g’azal (yuklab olish PDF 289 Kb), murabba, muxammas, musaddas, masnaviy, ruboiy, qasida, muammo kabi janrlarda yozilgan. Ularda chin insoniy fazilatlar ulug’langan, jaholat qoralangan, ishq-muhabbat tarannum etilgan. Komil Xorazmiyning deyarli barcha janrdagi asarlarida ijtimoiy tanqidga keng o’rin berilgan, ayrim misralari aforizm darajasiga ko’tarilgan («Falak zulmi bir yonu, bir yon alar...» va b.). Shayx Sulaymon Buxoriy o’zining mashhur «Lug’oti chig’atoyi va turki usmoniy» («Chig’atoycha va usmoniy turkcha lug’at») asarida Komil Xorazmiyning ijodidan o’rinli foydalangan va Xorazm shevasidagi ko’pchilik so’zlarning ma’nosini uning she’rlari orqali izohlab bergan. Komil Xorazmiy 1865 yilda Barxurdor bin Mahmud turkman Farohiynmng (adabiy taxallusi Mumtoz) «Mahbub ul-qulub» (bu asar ayrim manbalarda «Mahfiloro» — «Majlisga ziynat beruvchi» deb ham yuritiladi) hamda 1869—70 yillarda Faxriddin Ali Sayfiyning «Latoy-if at-tavoyif» («Turli toifalarning latifalari») asarlarini fors tilidan o’zbek tiliga tarjima qilgan. Alisher Navoiy «Xamsa»sining birinchi Xorazm toshbosma nashriga so’zboshi yozgan. Komil Xorazmiy devoni qo’lyozmalari O’zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanadi (inv. №1849, 1025). M.Yunusov, F.Karimov, A.Hayitmetov, va boshqa olimlar Komil Xorazmiy ijodini tadqiq etganlar.


«LATOIF-UZ-ZAROIF»DAN

Bir ota va o’g’ulni bir hokim qoshig’a kelturdilarkim, tayoq urg’aylar. Avval otosin yotquzub yuz tayoq urg’oylar. U hech so’zlamodi. Andin so’ng o’g’lini yotquzib bir tayoq urub erdilarkim, ota dodu faryod qila boshladi. Hakim dedi:
— Sen yuz tayoq eding, hech bir daming chiqmodi, o’g’lungga bir tayoq urganda nechun nola qilursan?
Ul dedi:
— Ul tayoqkim tanimga tegdi, tahammul qildum. Endi jigarimga tekkan erdi, chiday olmadum.

* * *

Bir kambag’al olim kishi faqir bo’lgani uchun bir baxil boyni eshikiga boribdurkim:
— Men, siz sadaqa bermoqchisiz, deb eshitdim. Men g’oyat daraja muhtoj va mustahiqdurman,— dedn. Baxil boy bahonalar qilib dedikim:
— Men sadaqamni ko’rlarga berurman, deb ahd qilib erdim. Sen ersang ko’r emassan.
Olim dedi:
— G’alat qilibdursan, ko’r haqiqiy mandurmankim, maxluqotga rizq beruvchi zotdan yuz o’gurib, seningdek baxilning yoniga kelibdurman.
Bu so’zni aytib olim qaytib ketdi. Olimning so’zi baxilga bag’oyat ta’sir qilib, izidan yugurdi. Olim qabul etmadi.

* * *

Bir tabibni ko’rdilarkim, har vaqt go’ristondan o’tsa ridosini boshiga solub yopunib o’tar erdi. Aning sababin so’radilar. Tabib dedikim!
— Bu go’ristonda yotg’on o’luklardin uyalurman. Chunki har biri meni dorimni eb va mening sharbatimdin ichib o’lgandurlar.

* * *

Bir kun shoir Anvariy Balx bozoridin o’tub borur erdi. Ko’rdikim, xaloyiqlar halqa qurmishlar. O’rtada bir kishi turib Anvariyning qasidalaridan o’z otig’a o’qur erdi. Xaloyiq anga tahsin va ofarin qilur erdilar. Anvariy debdur:
— Bu kimning ash’oridurkim, o’qursan?
Ul debdur:
— Anvariyning ash’oridur.
— Anvariyni tanurmisan?
Ul dedi:
— Ne aytursan, Anvariy mendurman.
Anvariy kulib debdur:
— She’r o’g’risin eshutib erdim, shoirning o’g’risin ko’rmamish erdim.

* * *

Keltiribdurki, Abu Ayyub Mansur xalifaning yaqin va hamsuhbatlaridan erdi. Ammo har vaqt Mansur ani chaqirsa, rangi sarg’ayib, badanlarig’a larza tushar erdi. Bir kun bir mahram joeda anga dedikim:
— Sen xalifaning yaqin va hamsuhbatlaridansan. Ne uchun seni har vaqt chaqirsa qo’l-oyog’ing bo’shashib, o’zingni yo’qotib qo’yursan. Abu Ayyub ul mahram javobida dedikim:
— Bir qarchig’ay bir xo’rozdin so’rdikim, sen yoshlikdan odamlarning uyida bo’lursan. Ular sanga o’z qo’llari bilan don va suv berurlar, saning uchun uylarida joy solurlar. Ammo har vaqt seni tutar bo’lsalar ne uchun g’avg’o qilib, faryod bilan ul uydin bul uyga, ul o’choqdin bu o’choqg’a qocharsan. Men esam bir vahshiy qushdirman. Ulug’ tog’larda kezarman. Qachon meni tutib keltirsalar, qo’llarida orom olurman, meni ovg’a yuborsalar hech g’avg’o va mojaro qilmay parvozga chiqib, aylanib, yana qaytib kelurman. Xo’roz dedikim:
— O qarchig’ay qush, hech joyda ko’rdingmi yoki eshitdingmi, bir qushni sixga tortib, o’tga qo’yib, kabob qilganliklarini. Qush yo’q, dedi. Xo’roz dedikim:
— Men bu xonadonda bo’lganimdan beri yuz xo’rozni ko’rdim: boshini uzib, qanotlarini yulib qrrnini yorub, sixg’a tortib, kabob qilib, eydilar. Mening faryodimning sababi shudir.

* * *

Abdulfazl bilan Umayt Ruknuddavlaning vaziri erdi. Ug’li Abdulfathni Abul Husayn Ahmad binni Foris degan muallimg’a topshirdi. Abul Husayn esa o’z zamonining fasohatli tengsiz adiblaridan erdi. Abdulfath o’qishda tamballik qilar erdi. Muallim Abul Husayn otasi Abdulfazlga yozdikim:
«O’g’lingiz Abdulfathning o’qishdagi harakati chumolining bosh barmog’idan ham kamroq va pashshaning gardanidan kaltaroqdur».

* * *

Bir kecha Hajjoj dedikim:
— Ko’ringlar, zindonda biror fazilatliq kishi bormukin? Agar bo’lsa, men aning bilan suhbatlashurman.
Zindondan qidirib bir fozil kishini topib kelturdilar... Hajjoj andin so’rdikim:
— Sen nima sababdin zindong’a tushding?
Fozil dedikim:
— Maning amakimning bir o’g’li bor erdi. Chun nohaq qon to’kib qochib ketdi. Aning o’rnig’a mani tutib zindong’a soldilar.
Hajjoj dedikim:
— Shoirning bir so’zi borki, rost aytibdur. Amakingning o’g’li gunoh qildi. Sen aning o’rnig’a mubtalo bo’lding. Albatta mard kishi amakisining yomon axloqli o’g’li sababidin giriftor bo’lg’usidir. Hajjoj shoirning shu so’zini o’qigach, ul adib dedikim:
— Tangri shoirdin rostgo’yroqdur. Chunki tangri buyuradi: «Qishi ikkinchi bir kishining gunohi uchun tutilmasin». Hajjoj bu so’zni eshitgach unga ming tillo berib ozod qilib yubordi.

* * *

Xalifalardan biri vazirig’a dedikim;
— Qayda erding?
Ul dedi:
— Sening uchun ko’shk bino qilur erdim. Xalifa ani javobidin hayron bo’ldi. Chunki aning javobida ishorat bor erdi. Shundayki, xalifa Fir’avn hukmida bo’lib qoldi. Xalifa:
— Ey Homon,— deb chaqirgani uchun vaziri ham unga munosib javob berdi. Chunki Homon Fir’avnning vaziri erdi.

* * *

Bir kun devon kotiblaridin biri Hajjojning qoshig’a kelib, ba’zi ehtiyojini arz qilib chiqib ketdi. Hajjojning oldida doimo birga turadigan va uning kuldiradigan Mabra degan nadimi bor edi. U dedikim!
— Odamlarning eng yomoni devonxona kotiblaridur.
Shunda Hajjoj aytdikim:
— Nima uchun sen kotiblarni shikoyat qilursan. Holbuki tangri, «kiromun kotibin», deb yod qilubdur, sen tangrining kalomiga qarshi so’z aytursan. Agar sen eski hamsuhbatlarimdan bo’lmasang erdi senga siyosat qilur erdim. Mabra:
— Ey xalifa, men devon kotiblarini ayturman, osmondagi farishtalarni aytmadim va alarni shikoyat qilmadim,— dedi.
Hajjoj kulib, aning javobiga ming diram in’om etdi.

* * *

Bir podshoh nadimga dedikim:
— Bu shaharning ablahlarining otini ro’yxat qilgin.
Nadim:
— Har kimning otini yozsam g’azab qilmasligingga shart qilasanmi,— dedi. Podshoh qabul qildi. Nadim eng avval gyudshohning otini yozdi. Podshoh dedi:
— Ablahlikni menga isbot qil. Agar isbot qilolmasang senga siyosat qilurman,— dedi. Nadim dedikim:
— Yuz ming tilloning hujjatini falon navkarg’a berib, buyurdingkim, falon mamlakatga borib shul tilloni naqd qilib, olib kelsang, deding. Holbuki men o’sha navkarni yaxshi taniyman. Ani bizning mamlakatda na farzandi bor. Hech bir narsasi yo’q bir kishidur. Agar ul o’sha vajhni qo’lig’a kirgizsa boshqa bir viloyatg’a borib, tirikchilik qilur. Anga sening hukming hech bir o’tmaydi. Shul holda sen aning ustida ne ish ko’rursan.
Podshoh dedikim:
— Agar ul mandin yuz o’gurmay u tilloni naqd olib kelsa, sen na dersan,—dedi. Nadim:
— Agar, ul olib kelsa, ablahlik daftaridan podshohning otini qirib tashlab, o’rnig’a aning otini yozib qo’yurman, dedi.

* * *

Bir kun Iskandar Doro bilan urushish munosabati bilan o’z askarlarini ko’zdan kechirdi. Usha ko’rik kuni shamol va chaqmoqdek tezlikda uchib yuradigan bir otg’a mingan erdi. Shul vaqtda navkarlaridin biri bir oriq va cho’loq otga minib podshoh oldidin o’tdi. Podshoh g’azab bilan ani otdan tushishga buyurdi. Shul vaqtda navkar kulib yubordi. Iskandar chaqirib, kulganligini sababini so’rabdi, ul dedikim:
— Sening g’azab va qahringdan kulgum keldi. Chunki sen uchar bir otg’a minib turib, men esam yurolmay to’xtab qoladigan otga minibdurman. Yana shunday bo’la turib menga g’azab qilursan. Iskandarg’a aning so’zi ma’qul tushib, oni askarboshilaridan qilibdur.

* * *

Bir kun Amru Lays askarlarini ko’zdan kechirar erdi. Askarlaridan biri ko’rdiki, biri oriq ot minibdur. Amru Lays qahrlanib dedi:
— Mening askarlarimga tangrining la’nati bo’lsinkim, har vaqt tanga va tillolarni ularg’a berurman va ta’minotlarig’a sarf qilurman, ular esa xotunlarini semirtirib, o’z minadigan otlarig’a qaramay, oriq holda saqlaydilar. Ul askar dedi:
— Ey amir, tangri haqida, agar haqiqat qilsang, uydagi xotinimiz bu otimizdan ham oriqroqdir.
Bu so’zdan Amru Lays kulub, ango o’n ming tillo in’om qilub vazifasini oshurdi.

* * *

Askarlardan biri har vaqt hammomga borsa, hammomdan chiqar vaqtida hammomchig’a tuhmat qilur erdikim:
— Mening falon narsam yo’q, ani topib bergil yoki tavon bergil, deb shu tariqada da’vo qilib, g’avg’o qilib, hammomning sartarosh va xodmilarin haqlarini bermay ketar erdi. Qisqasi, barcha hammomchilar ani tanib, hech bir hammomg’a kirgazmadilar. Oxiri noiloj bo’lub, bir hammomg’a borib, ahd qildikim, endi hammomchi, sartarosh va xodmilarning haqini berib, tuhmat qilmayman, degan so’ziga ko’pchilik guvohlik berdi. So’ngra hammomga kirdi. Hammomchi bir kishiga buyurdi:
— Askarni hamma kiyimlarini yashirib qo’ying. Ammo kamar bilan qilichni yashirmay joyiga qo’y,—dedi. Ul askar hammomdan chiqdi. Ko’rdikim, barcha liboslari yo’qdur. Bu to’g’rida hech bir dam urolmadi. Chunki guvohlar hozir erdilar. Askar nima qilishini bilmay zaruriyat yuzasidan yalang’och beliga kamar bilan qilichini bog’lab hammomchini oldiga kelib dedikim:
— Men o’zim sizga hech bir so’z aytolmasman, ammo insof o’zingizga bersinkim, men hammomga kelgan vaqtimda shu surat bilan kelib erdimmi?
Hammomchi va hozir turgan kishilar kulishib, kiyimlarini berib, endi har hafta bir martaba haq to’lamay hammomg’a tushib ketishga rizolik berdilar.

* * *

Bir askarning bir chiroylik xotini bor erdi. Aning oti «Hur» erdi. U bir kun urushdan yuz o’girib qochdi. Anga dedilarkim:
— Ey nomard, qaytg’il! Agar bir kofirni o’ldirsang, g’oziy bo’lursan. Va agar kofir seni o’ldirsa, shahid bo’lib, qiyomatda hurlar xizmatingda bo’lur.
Ul dedikim:
— Mening bu dunyoda hurim bordir. Boshqa hur uchun o’zimga o’limni ravo ko’rmayman.

* * *

Hajjojga jam’e odam xuruj qildi. Ul jam’edan bir xotunni Hajjoj qoshig’a kelturdilar. Hajjoj ango g’azab qila boshladn va itob bilan so’zladi. U xotun boshini tuban solib, hech bir so’zlamadi. Hozir bo’lgan odamlardan biri dedi:
— Amir senga so’zlaydur, nega indamaysan?—dedi.
Xotun dedikim:
— Men tangri nazar qilmagan kishiga nazar qilib, so’zlagani uyalaman.
Hajjoj dedikim:
— Qaydan bildingkim, tangri menga nazar qilmaganini?
Xotun dedi:
— Agar senga tangri nazar solsa erdi, seni tangri buncha zolim qilmas erdi.
Hajjoj dedi:
— Xudo haqida, bu xotun rost aytur.
So’ngra anga ming tillo berib, o’z uyiga yubordi.

* * *

Luqmoni hakim qora tanli kishi erdi. Bir kishi uni qul qilib sotib oldi. Qo’p muddat anga xizmat buyurub, andin ilm va hikmat asarlarini ko’rur erdi. Bir kun imtihon yo’li bilan Luqmonga dedikim:
— Bir qo’yni so’yub, eng yaxshi joyidin manga kelturgil.
Luqmon qo’yni so’yub, tilini va yuragini kelturdi. Yana bir kun buyurdi:
— Bir qo’yni so’yub eng yomon joyidin menga kelturgil.
Luqmon yana qo’yni so’yub tilini va yuragini xojasiga keltirdi. Xojasi so’radikim:
— Bu qanday ishdir?
Luqmon dedi:
— Agar pok bo’lsa hech narsa til va yurakdan yaxshi ermasdur va agar nopok bo’lsa ham hech narsa andin yomonroq ermasdur.

* * *

Bir nodon kishi bir hakimga dedikim:
— Ne uchun og’zingdin yomon is keladur?
Hakim dedi:
— Saning ayblaringni ko’kragimda ko’p saqlar erdim. Tanamga ta’sir qilibdur.

* * *

Bir baxil boy bir hakimni ko’rdikim, ko’p mehnat bila kumush ma’danidin toshlarni qazib chiqarib, ushatur. Andin tillo zarralarini hosil qilar erdi. Baxil dedi:
— Ey hakim, bundan boshqa osonroq avqot o’tkazgudek kasb va hunar yo’qmi erdi. Na uchun shuncha mashaqqat chekarsen?
— Menga yuz muncha mehnat va mashaqqat bilan zar hosil qilish sening qo’lingdan bir pulni chiqarib olgandan ming marta osonroqdur.

* * *

Debdurlarkim, uylanmoqliq bir oy shodmonliq bo’lsa, andin so’nggi qolg’on barcha umr anduh va pushaymonlikdur.

* * *

Bir hakim uylangandan so’ng buyurubdurkim, men qachon bo’ydoq erdim, uylangan kishilar gung erdilar, ya’ni nasihat berib meni qaytarmadilar. Endi men uylandim, bo’ydoq kishilar kar bo’libdurlar, ya’ni nasihat eshitmaydurlar.

* * *

Bir hakim dedikim:
— Uylanmog’lik bir chuqur quduq kabidur. Har kim anga tushsa xaloslik yo’qdur. Andin so’rdilarkim:
— Oyo andin qutulmoq mumkinmu?
Hakim dedi:
— Agar quduq boshiga xarsang qo’ysalar ozod bo’lish mumkindur.
So’radilarkim:
— Xarsang nimadur?
Hakim dedi:
— Har bir farzand tug’ilsa, ul quduq boshiga xarsang quyorlar.

* * *

Bir kun bir hakimdan so’radilarkim:
— Qaysi ovqat lazzatliroqdur?
Hakim dedi:
— Ochlik g’alaba qilg’an vaqtda ovqat esalar yaxshi va lazzatliroq bo’lur.

* * *

Bir hakim sharob ichmas erdi. Hakimdan so’radilar:
— Nechun sharob ichmassan?
Hakim dedikim:
— Meni aqlimni ichgan narsani men ichmasman.

* * *

Bir podsho bir hakimni o’z holiga qo’ymadi. Mastlikdan andin behuda so’zlar og’zidan chiqa boshladi va bema’ni so’zlarni ham ko’p aytdi. O’ziga kelgandin so’ng malomat qildilarkim:
— Ne so’zlarni so’zlading?
Hakim dedikim, men bu so’zlarni aytganim yo’q. Lekin meni sharob ichmakka taklif qilgan kishi aytdi.

* * *

Bir kishi bir tabib qoshig’a borib:
— Qornim ko’p og’riydur, betoqatdurman. Biror iloj etkil,— dedi.
Tabib dedikim:
— Bugun ne taom egan eding.
Ul kishi dedi:
— Kuyuk nonni ko’p edim.
Tabib g’ulomni chaqirib dedi:
— Ko’z dori keltirgin. Ko’ziga tomizgaymiz.
Kasal dedi:
— Mening qornim og’riydur, ko’z dorisini nima qilaman?
Tabib dedi:
— Agar ko’zing ravshan bo’lsa erdi, kuygan nonni emas erding.

* * *

Bnr kishi tabib qoshig’a borib dedi:
— Men qulunj kasaliga giriftor bo’lubman. Menga bir nyaoj eting.
Tabib dedikim:
— Bugun ne eding?
Ul dedi:
— Tuzlangan sigir go’shtini edim, hamda qoq go’sht, pishloq, tovuq tuxumi, harisa mevalardan: anor va oluxurot ko’p edim.
Tabib dedikim:
— Agar bu kecha o’lsang dori qilishdan qutulasan.
Agar o’lmay qolsang, ertaga erta bilan shaharning minorasiga chiqib, o’zungni pastga tashlagin, shundagina bu qulunj dardidan xalos bo’lursan.

* * *

Bir kishi bir tabibning qoshig’a kelib dedikim:
— Men uch kundan beri kasalman, hech ishtaham yo’qdur. Juda quvvatsizlanib qoldim. Buni ilojini qilsangiz. Tabib aning tomurini ushlab ko’rib so’radikim:
— Bugun ne taom eding?
Ul dedi:
— Uch kundur, bir narsa emadim.
Tabib dedi:
— Ozmi, ko’pmi, ne eganing bo’lsa aytgil.
Ul dedi:
— Aytmoqqa arzigudek biror narsa .emadim.
Tabib dedi:
— Har ne to’g’ri kelgan bo’lsa, egan narsangni aytgin.
— Hozir sizni oldingizga kelur oldimdan yo’lda kallapazni do’koniga kirib qoldim. Kallani isi dumog’imni xush qilib, kallapazdan olti kalla olib edim. Sen uch kalla hisob qilgin. Andin so’ng, to’rt botmon non edim. Sen ikki botmon hisob qilgin. Andin keyin ko’nglim shirinlik eyishni istadi. Sakkiz botmon halvoyi bodom edim. Sen to’rt botmon hisob qilgin. Andin keyin o’tib yigirma botmon amiriy uzumini edim, sen o’n botmon faraz qilgin. So’ngra, qovunfurushni do’konig’a kelib xisraviy qovunlarini ko’rib, undin qirq qovun olib edim. Sen yigirma qovun deb bilgin. Tabib bu so’zlarni eshitgandan so’ngra dedikim:
— Sen dag’i hisob etgil. Men aytayin, sen endi olti yil «sarson» kasaliga giriftor bo’lursan, sen uch yil faraz etgin. Andin keyin, to’rt yil diq bo’lursan, sen ikki yil hisob etgil. So’ngra ikki ko’zing ko’r bo’lur, sen bir ko’z degil. Andin so’ng ikki oyog’ing shol bo’lur, sen bir oyoq deb hisoblagin. Andin so’ng ich og’rig’i kasaliga uchrab, shu kasal bilan o’lursan, seni qabrga qo’yib, ustingga 100 eshak tuproq solurlar. Sen ellik eshak deb faraz qilgin.

* * *

Bir kishi bir tabib qoshig’a borib, dedikim:
— Meni bir kasalim bordur. Bir iloj qilsangiz!
Tabib so’radikim:
— Ne kasalingiz bordur?
Ul dedi:
— Necha kundurkim, mo’yim (soch) og’riydur.
Tabib hayron bo’lib dedi:
— Bugun nima taom eding?
Ul dedi:
— Non bilan muz edim.
Tabib dedi:
— Darding biror dardga o’xshamaydur va egan ovqating ham odamlarni ovqatiga o’xshamaydur.

* * *

Bir bemaza so’zlovchi sovuq nafas shoir bir tabib qoshig’a borib dedikim:
— Ko’nglimda bir narsa aylanib, meni hushsiz qilmoqqa olib bormoqdadur. Shu sababdan barcha a’zoyimg’a muzlashlik ta’sir qilibdur.
Tabib nihoyatda ziyrak kishi edi, dedikim:
— Bu yaqinda hech bir she’r aytdingmu? Ani xolis kishilar oldida o’qimagandirsan?
Shoir dedikim:
— Ha, bir she’r aytgan erdim. Lekin hech kim oldida o’qiganim yo’q.
Tabib dedikim:
— Ani o’qig’il.
Shoir o’qidi.
Tabib dedi:
— Yana o’qig’il.
She’rini yana o’qidi, qisqasi, shoir she’rini uch marta o’qidi.
Tabib dedi:
— Borgil, kasaling endi tarqaldi, chunki bu she’r yuragingga tugun bo’lib turub erdi.

* * *

Bir podsho tushida ko’rsa barcha tishlari to’kildi. Bu tushdan nihoyat xafa bo’lub, erta bilan ta’bir etuvchini chaqirib, ko’rgan tushini aytib berdi.
Ta’birchi dedikim:
— Podshoni barcha bolalari va xotunlari, yaqinlari o’z huzurida o’lg’uvsidirlar.
Podshoga bu ta’bir juda qattiq ko’rinib, buyurdikim, ta’birchining barcha tishlarini ombir bilan tortib oldilar va tilini kesdilar. So’ngra boshqa bir ta’birchini chaqirib, ul tushni bunga ham bayon etdilar. Ikkinchi ta’birchi juda dono va xushtabiat kishi erdi. Ul dedi:
— Ey podshoh, bu tushingiz umringizni uzoqligiga dalolat qiladur. Ta’biri budurkim, barcha bolalachingiz, xotuningiz va yaqinlaringizdan podshoni umri uzoq bo’lg’uvsidur.
Bu ta’bir podshoga yoqib, unga ot va kiyim bilan ming tanga pul berdi va dedikim:
— Agarchi bu ikki ta’birning mazmuni birdur. Lekin birinchi ta’birchi yomon iborat bilan so’zlab, o’zini halokat chuquriga tashladi. Ikkinchi ta’birchi esa, yumshoq so’z bilan ishora qilib, davlat bayrog’ini ko’kdan oshirdi.

* * *

Iskandar bilan Doro o’rtasida qattiq urush, janjal, bahs bo’ldi. Lekin Doro tarafi g’alabada erdi. Shu sababdin Iskandar xafa bo’lub, o’ylab bir qancha fikrlarga bordi. Bir kecha u g’am bilan charchab uxlab qoldi. Tushida ko’rdikim, Doro bilan kurash tushar erdi. Ittifoqan Doro erga urub, orqasini erga etkazdi. Shundaykim, butun orqasining daxni bilan erga qo’ydi. Iskandar uyqusidan uyg’onib, qo’rqinchi, g’am va anduhi burungidan ham ko’paydi. Shu holda ta’bir ilmiga mohir bir hakim bor erdi, uni chaqirub, tushuni anga bayon qildi. Hakim ul tushni eshitgach, ochiq yuzlik va xursandlik bildirib, Iskandarga xushxabar berdikim, sen bu tushdan umidvor bo’lgin. Chunon bu dalolat qiladurkim, Dorodan so’ng, butun er yuzi senga taslim bo’lg’usidir. Sening orqangni erga qo’ygani er yuzini senga bergani demakdur. Bu ta’bir Iskandarga ma’qul tushub mukofotlar berdi. Bu ta’bir kuchi bilan butun dunyoni o’ziga qaratdi.

* * *

Ayturlarkim, Hakimi Xoqoniy Manuchehr shohg’akim, Shervon mamlakatining podshohi erdi, bir bayt yozib yuborib, bir nimarsa talab qildi. Bayt budur:
Vashaqi deh, ki dar baram girad,
Yo voshaqiki dar barash giram.
Vashaq — po’stindur.
Voshaq — besoqol tug’madur.
Xoqon darg’azab bo’lub dedikim:
— Bu baytda meni past qimmatlikka chiqaribdur. Buni bergil yo oni bergil debdur. Ne uchun ikkovini ham talab qilmaydur.
Bu xabarni Hakim Xoqoniyg’a etkurdilar. Andin so’ngra bir chibinning qanotin yulib, podshoh qoshig’a yubordikim:
— Man «bo» voshaqi deb erdim. Bu chibin «bo» nuqtasining yonboshig’a bir nuqta qo’yib, ani «yo» qilibdur.
Xoqon kulub, vashaq birla voshaqni ham yubordi.

* * *

Amir Temur Fors viloyatin musaxxar qilib, Sherozg’a keldi. Shoh Mansurni o’ldurub, Hofizi Sheroziyni talab qildi. Ul hamisha go’shanishinlikda faqr va foqa bila umr o’tkarur erdi. Sayid Zaynul Obidi Ruknobodiykim Amir Temur qoshida tamom yaqinligi bor erdi va Hofizi Sheroziyga murid erdi, Hofizni Amir Temurning mulozimatig’a kelturdilar. Amir Temur ko’rdikim, faqr va foqa asarlar andin zohirdur. Dedikim:
— Ey Hofiz, men shamsher zarbi bila er yuzini xarob qildim. To Samarqand va Buxoroni obod va ma’mur qilg’ayman deb, va sen esang bir holi hindusig’a baxsh etibdursen.
Nazm:
Agar on turki sheroziy ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo.
Hofiz dedi:
— Mundoq besarfa (befoyda) baxshishlardan bu tariqa farqu foqag’a uchrabdurman.
Bu so’zdin Amir Temur kulub Hofizg’a loyiq vazifa ta’yin etmishdur.

* * *

Bir shoir bir ulug’ kishidinkim baxillikka mansub erdi, anga bir qasida etib va anda ko’p sitoyishlar qilib, umedvor bo’ldi. Va ul shoirg’a sila berishni tilamas erdi. Balki istar erdikim, oni faqat tahsin bila o’tqazgay. Shoir qasidani o’qig’och dedi:
— Ajab she’r aytibdurur. Ahsana ollohu ilayxa, ya’ni yaxshilik qilg’ay, tangri taolo senga. Murodi bukim, yaxshilikni tangri taolodin ko’z tutgil. Mendin ta’ma qilmagil.
Shoir ani murodini anglab debdur:
— Ahsan olloxu mazharaka, ya’ni yaxshilik qilg’usidur tangri manga sening mazharingdin. Ya’ni seni va meni ro’zi va nasibimga vosita qilur. Shoirning bu javobi anga xush kelib, rioyati kulln qildi.

* * *

Bir shoir bir baxil Xoja madhida bir qasida aytdi. Xoja hech nimarsa bermadi. Bir haftag’acha sabr qildi. Byror asar zohir bo’lmadi. Vaqt taqozosig’a muvofiq bir qit’a aytdi. Xoja iltifot qilmadi. Bir haftadan so’ngra hajv etti: Xojag’a ta’sir etmadi. Shoir kelib Xoja eshigida o’ltirdi. Xoja tashqarig’a chiqib, oni ko’rdi. Dedi:
— Farog’atda o’ltiribdurmusan, ey mubrim, behayo! Qasida aytding, hech nima bermadim. Qit’a aytding, parvo qilmadim. Va hajv etting, mutabbih bo’lmadim,
yana nima umed bilan o’ltiribdursan?
Shoir demishdir:
— Bilgilkim, o’lsang senga marsiya ham aytib, andin so’ngra keturman.
Xojai baxil kulub yaxshi narsalar baxsh etti.

KO`P O`QILGANLAR