Aloiddin Takish (vafoti 1200 yil)
Quyosh feruza osmon taxtiga chiqqandek shoh Takish ham bir nafasda muzaffariyat taxtiga chiqdi

El Arslonning o’g’illari (ota bir, ona boshqa) Aloiddin Takish hamda Sultonshoh o’rtasidagi toj-taxt uchun kurash uzoq davom etdi. Raqobat ayniqsa Sultonshohning harbiy ishlariga uning onasi bosh-qosh bo’lganligi tufayli keskin tus oldi.

Aloiddin Takish qondoshlik burchi hamda dinu diyonat rasmiga amal qilib, ukasini biryoqli qilishga intilmadi. U jangu–jadallarda aksariyat qo’shinlarini yo’qotgan va ojizu nochor qolgan Sultonshoh bilan sulh tuzib bir necha viloyatlarni in’om qildi. Shundan keyingina xorazmshoh sifatida taxtga o’tirdi. «Quyosh feruza osmon taxtiga chiqqandek shoh Takish ham bir nafasda muzaffariyat taxtiga chiqdi» deya uning sharafiga she’rlar bitildi. Bu Xorazm osmonidagi qora bulutlar tarqalayotganiga ham ishorat bo’ldi.

Ammo uzil-kesil g’alabagacha hali ancha bor edi. Sultonshoh akasiga bo’ysunishni istamadi. 1193 yilda esa ular o’rtasidagi nizolarga yakun yasaldi. Sultonshoh oxir oqibat mag’lublikni tan oldi.

Takish 20 yilda davlatni mustahkamlash borasida qilolmagan ishni keyingi etti yil davomida shaxdu shitob bilan amalga oshirdi. U shu davrda xorazmni qoraxitoyliklar taxdididan xalos qildi. Keyin ko’chmanchi qipchoqlar hurujlariga barham berdi.

Xorazmshoh va Bag’dod halifasi o’rasidagi munosabatlar ham o’zgacha tus oldi. Halifa Takishga tobe bo’lishni butkul istamadi. Natijada ikki o’rtada qattiq janglar bo’lib o’tdi. Oxir oqibatda xorazmshoh qo’shini g’olib chiqdi. Bu esa xorazmshoh butun O’rta Osiyo hamda Fors ko’rfazigacha bo’lgan xududlarda yagona hukmdor sifatida e’tirof etilishiga sabab bo’ldi.

Takish qo’shni halqlarga, o’ziga tobe bo’lgan mamlakatlar aholisiga adolat va himmat ko’rsatganligini tarixchilar ko’p qayd etishadi. U qaysi joyni egallasa, shu erda o’z noibini qo’yish bilan chegaralangan. Zolim hukmdorlarni jazolagan. Nishopurni qo’lga kiritgandan keyin xorazmshoh «Adolat va rahm shafqat paloslarini yoydi, shaharni nafrat va zo’ravonlik axlati va chaqir toshlaridan tozaladi. Mengli tagin (hukmdor) kimdan nimalarni olgan bo’lsa egalariga qaytarishdi. Mengli taginni tutib xorazmshoh xuzuriga keltirdilar. Takish uni imomlar ixtiyoriga berdi», deb yozadi muarrix.

Takish davrida Xorazmning tashqi davlatlar bilan diplomatik aloqalari nihoyatda kengaydi. Xorazmshoh bu aloqalar yo’li bilan ko’plab hayrihohlarning ko’ngillarini zabt etgan, dushmanlarni hayrihohlarga aylantirgan.

Diplomatik aloqalar asosan xorijiy mamlakatlarga elchilar yuborish, katta mavqe va martabaga ega bo’lgan davlat arboblari, din namoyandalari orqali maktublar yuborish yo’li bilan amalga oshirilgan. Eng zarur paytlarda esa uning o’zi boshqa mamlakatlarga safar qilib, ko’zlagan maqsadiga erishgan. Xususan Takishning ozarbayjon otabegi Jahon Pahlavon bilan do’stona munosabatlari ibratli bo’lgan. Tarixiy manbalar orasida xorazmshohning Jahon Pahlavonga yo’llagan to’rt maktubi saqlanib qolgan. Ularda Takish do’stlik va qardoshlikni ulug’lab ,bu ikki tomonga ham katta manfaat keltirishini ta’kidlaydi. Xorazmshoh otabekka «birodari humoyun» deb murojaat qiladi. Lozim paytda uzr so’rab, norozilik hamda tushunmovchilikka sabab bo’ladigan voqealar takrorlanmasligiga so’z beradi.

Davlatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda xorazmshoh vazirlarlarining tashabbuskorligi va faolligi muhim ahamiyat kasb etgan. Ular har biri ma’sul vazifalarni bajarish bilan birga davlatning turli xududlarida masjid, madrasa, kutubxonalar qurilishiga homiylik qilishgan.

Shu o’rinda xorazmshohlarning, xususan Takishning ayollarga munosabati to’g’risida ham to’xtalib o’tish maqsadga muvofiq. Zero, ayollar davlatda katta mavqe va e’tiborga ega bo’lishgan. Xorazmshoh ularni, oyoqlari ostidan jannat joy olgan ona, tangri taolo o’z taqdiriga sherik qilgan, farzandlarining volidai muhtaramasi bo’lgan oqila rafiqa, go’zallikda tengi yo’q singil sifatida ham qadrlagan va e’zozlagan. Xususan, uning rafiqasi Turkon xotinga hurmati haqida muarrixlar ko’p yozishgan.

Tarixiy manbalarda Takishning g’ayrioddiy quvvai hofizasiga ham yuksak baho beriladi. Uning musiqani sevishi, ud chalishi to’g’risida ma’lumotlar mavjud.

Aloiddin Takish xorazmshohlar davlatining hududlarini nihoyatda kengaytirdi. Shu bilan birga davlatning yanada kengayishi uchun katta zamin hozirladi. Aholi, halqlar manfaatlarini ham doimo nazarda tutishni kanda qilmadi. Shu sababli bir qator soliqlarni bekor qilganligi haqida ham tarix kitoblariga misollar talaygina.

Takish o’g’li Aloiddin Muhammadga qudratli davlat va son hamda jangovar mahorat bobida ustuvor qo’shin meros qoldirdi.

Sotim Avaz.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

KO`P O`QILGANLAR